Denovda yangi nodavlat universitet ochiladi: unda ijtimoiy himoyaga muhtoj 10 nafar abituriyent bepul oʻqishi mumkin

12:53 18 Yanvar 2021 Jamiyat
589 0

«Imom at-Termiziy nomidagi Denov xalqaro universitetini tashkil etish toʻgʻrisida»gi prezident qarori jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Universitet muassisi “International Standart Education” masʼuliyati cheklangan jamiyati boʻlib quyidagilar universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilanadi:

Universitetda Oʻzbekiston oliy taʼlim dasturlari bilan birga dunyoning nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalarining oliy taʼlim dasturlarini joriy etish;

respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali oliy maʼlumotli mutaxassislarni tayyorlash;

xorijning ilgʻor oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;

oʻquv rejalariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish;

taʼlim jarayoniga yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining malakali professor-oʻqituvchilari, olim va mutaxassislarini keng jalb qilish;

taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish;

professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan ularning stajirovkasini nufuzli xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish.

Loyihaga koʻra, muassis zimmasiga qoʻyidagi majburiyatlar yuklanmoqda:

Universitetni zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari, oʻquv va ilmiy adabiyotlar, mebel, kompyuter texnikasi bilan taʼminlash hamda oʻquv jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

Universitetning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash hamda jihozlash;

Universitetni tanlov asosida malakali professor-oʻqituvchilar bilan toʻldirish;

har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda oʻzlashtirish koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan farzandlari orasidan tanlov asosida bepul (Universitet granti asosida) 10 nafardan kam boʻlmagan abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish.

Universitet nodavlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi.

Universitet taʼlim jarayonini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan malaka talablari, oʻquv reja va fan dasturlari asosida amalga oshiradi.

Universitetda oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasida amalda mavjud taʼlim shakllari hamda oʻzbek, rus va ingliz tillarida toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari respublika mehnat bozori ehtiyojlari hamda Universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda Universitet tomonidan belgilanadi.

Universitetda taʼlim faoliyati 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanadi.

Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladigan belgilangan namunadagi diplom beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?