Denov tumani Kengashining qarori qonunchilikka zid deb topilib, bekor qilindi. U yer maydonlarini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish bilan bogʻliq

13:03 29 May 2021 Jamiyat
221 0

Oliy Majlis Senatining oʻn beshinchi yalpi majlisida Surxondaryo viloyati Denov tumani Kengashining qarorining qonuniyligi toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga kelib tushgan murojaatlar asosida xalq deputatlari Denov tumani Kengashining 2020-yil 19-noyabrdagi “Tumanda shartnoma majburiyatlarini bajarmayotgan, yer ijara shartnomasiga qisman oʻzgartirish kiritilayotgan, yangidan tashkil qilinayotgan va qoʻshimcha yer maydoni olayotgan fermer xoʻjaliklarining faoliyatini koʻrib chiqish toʻgʻrisida”gi 123/25-06-sonli qarorining qonuniyligi Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi tomonidan oʻrganib chiqildi.

Qaror bilan tumandagi “DENOV AGRO-PILLA” MCHJning Xazorbogʻ, Oxunboboyev, Gʻalaba, Oʻzbekiston hududlaridagi 114,23 gektar yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan.

Xususan, Qarorning 2-bandida tumandagi 9 ta paxta va gʻallachilik fermer xoʻjaligi bilan tuman hokimligi oʻrtasida tuzilgan uzoq muddatli yer ijara shartnomasi bekor qilinishi, 5-bandida qator fermer xoʻjaliklari bilan tuzilgan yer ijarasi shartnomalariga oʻzgartirish kiritilayotgan fermer xoʻjaliklari soni tasdiqlanishi nazarda tutilgan.

Ammo amaldagi qonunchilik hujjatlariga asosan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining fermer xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi korxonalari va boshqa tadbirkorlik subyektlari hamda hokimlik oʻrtasidagi shartnomaviy huquqiy munosabatlarga aralashish vakolati mavjud emas.

Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga muvofiq agar Fuqarolik kodeksida, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq oʻzgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.

Qayd etilganidek, Yer kodeksining 24-moddasiga hamda “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 13-moddasiga koʻra yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi.

Ushbu masala boʻyicha keltirilgan maʼlumotlarga asosan Oliy Majlis Senati Surxondaryo viloyati xalq deputatlari Denov tumani Kengashining 2020-yil 19-noyabrdagi “Tumanda shartnoma majburiyatlarini bajarmayotgan, yer ijara shartnomasiga qisman oʻzgartirish kiritilayotgan, yangidan tashkil qilinayotgan va qoʻshimcha yer maydoni olayotgan fermer xoʻjaliklarining faoliyatini koʻrib chiqish toʻgʻrisida”gi qarori qonunchilikka zid deb topib, uni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?