Demokratlar Jo Baydenning qayta saylanishini istamayapti

23:01 11 Iyul 2022 Dunyo
935 0

Foto: Reuters

Demokratik saylovchilar Jo Baydenning 2024-yilda AQSH prezidentligiga qayta saylanishini xohlamaydilar.

AQSH Demokratik partiyasi tarafdorlarining aksariyati prezident Jo Baydenning 2024-yilda ikkinchi muddatga saylanishini xohlamadi. Bu New York Times/Siena College tomonidan oʻtkazilgan soʻrovda maʼlum boʻldi.

Soʻrov 5-7-iyul kunlari roʻyxatga olingan 849 nafar saylovchi oʻrtasida oʻtkazilgan. Uning natijalariga koʻra, demokrat saylovchilarning 64 foizi 2024-yilgi prezidentlik saylovida yangi nomzodni afzal koʻrishini aytgan. Baydenning faoliyati esa 33 foiz ovoz bilan maʼqullangan. Bundan tashqari, saylovchilarning toʻrtdan uch qismidan koʻprogʻi Qoʻshma Shtatlar notoʻgʻri yoʻldan ketyapti, deb hisoblashini bildirgan.

Saylovchilar Baydenning quyidagi sabablarga koʻra qayta saylanishini istamaydilar: prezidentning yoshi (33 foiz), lavozimdagi faoliyati (32 foiz) va yangi yetakchini koʻrish istagi (12 foiz). 

Har 10 saylovchidan biri Amerika demokratiyasi holati va siyosiy boʻlinishlarni, shuningdek, taxminan yana shunchasi qurol olib yurish siyosatini eng dolzarb muammo deb atagan.

Aprel oyida Jo Bayden sobiq davlat rahbari Barak Obamaga 2024-yilda ikkinchi muddatga saylanish rejalari haqida gapirgan edi. Mumkin boʻlgan ikkinchi muddat boshida u 82 yoshda boʻladi.

Bundan tashqari, AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp ham 2024-yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish imkoniyati haqida fikr bildirgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?