Demokratiya yuksak bilim va maʼnaviy tarbiyani talab etadi

Keyingi yillarda dunyo ijtimoiy-siyosiy lugʻatida “Yangi Oʻzbekiston” atamasi paydo boʻldi. Buni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻzlagan, oqilona siyosati samarasi, xalqaro miqyosda amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari inʼikosi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Chunonchi, oʻtgan qisqa vaqt ichida barcha soha va tarmoqlarda keng koʻlamli izchil islohotlar amalga oshirildi. Yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning Bosh qomusimizda belgilab qoʻyilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini toʻla taʼminlashga, mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalashga alohida eʼtibor qaratildi.
Aholi farovonligini yuksaltirish, ishlab chiqarish va iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida valyuta bozori liberallashtirilib, mamlakatimiz hamda xorijlik ishbilarmonlar uchun qulay investitsiya muhiti yaratildi. Bank-kredit sohasi tubdan isloh qilindi. Ayniqsa, ishsizlik, kambagʻallik singari ijtimoiy muammolarga barham berishga qaratilgan ustuvor dasturlar hayotga tatbiq etildi.
Tashqi siyosiy strategiyada muhim qadamlar tashlandi. Avvalambor, milliy manfaatlarimizga toʻla mos keladigan, yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlar bilan koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan pragmatik, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat yoʻlga qoʻyildi.
Mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini yana-da yuksaltirish yoʻlidagi yana bir muhim qadam, bu – majburiy va bolalar mehnatidan toʻla voz kechilgani boʻldi. Korrupsiya va xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga koʻtarilganini alohida taʼkidlash joiz.
Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat hokimiyati tizimida xalq qabulxonalari, Prezidentning virtual qabulxonasi joriy etildi. Xalq fikri mamlakat ichki va tashqi siyosatining hal qiluvchi omiliga aylanib, “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil islohotlarning bosh maqsadiga aylandi. Har bir fuqaroning mustaqil fikrlashi, soʻz erkinligi huquqiga ega boʻlishi jamiyatimizda demokratik qadriyatlarning amalda namoyon boʻlishida muhim poydevor boʻlmoqda.
Ammo shuni ham ochiq aytish kerakki, yangi Oʻzbekistonda demokratik islohotlardan, yaratilayotgan ijtimoiy-siyosiy imkoniyatlardan oʻzining tor manfaatlari yoʻlida foydalanayotganlar ham, afsuski, yoʻq emas. Ayrim shaxslar ogʻizda oʻzlarini “demokrat”, “inson huquqlari himoyachisi” qilib koʻrsatib, amalda unga zid xatti-harakatlarni sodir etmoqda.
Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda rahbarlarni obroʻsizlantirish, haqoratlash, ularga tuhmat qilish, axloq-odob qoidalaridan chetga chiqish holatlari kuzatilmoqda. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 1-moddasida “Oʻzbekiston – suveren demokratik respublika”, degan qoida mustahkamlab qoʻyilgan. Shu sababli, bugungi kunda “demokratiya” soʻzining mazmunini odamlarga, ayniqsa, yoshlarga keng tushuntirish, jinoyatchilikni yuzaga keltiruvchi shart-sharoitlarga qarshi kurashish dolzarb vazifa boʻlib turibdi.
“Demokratiya” soʻzining lugʻaviy maʼnosi – “xalq hokimiyati”dir. Uning mazmunini xalq tomonidan shakllantiriladigan, boshqariladigan va nazorat qilinadigan siyosiy tizim tashkil etadi. Demokratik tizimda xalq qonunlar orqali davlat hokimiyatini boshqarishda bevosita yoki bilvosita ishtirok etadi. Biroq davlat boshqaruvini vakolatli, yaʼni xalq saylab qoʻygan subyektlar – Prezident, Parlament va mahalliy Kengashlar amalga oshiradi.
Demokratiya murakkab, serqirra jarayon boʻlib, u bir tomondan, erkin fikrlash va tanlash huquqini beradi, boshqa tomondan esa, qonunlarga soʻzsiz itoat qilish masʼuliyatini ham yuklaydi. Fransuz mutafakkiri, demokratiya nazariyotchisi, “Qonunlar ruhi haqida” asari muallifi Sh.Monteskyo jamiyatni qonunlar boshqarishi, shaxslar qonunlarga itoatkor boʻlishi zarurligini taʼkidlagan. Chunki demokratik boshqaruv sharoitida odamlar qonunlarga itoat qilmasa, har qadamda uni chetlab oʻtishga harakat qilsa, demokratiya oxlokratiya (olomon hokimiyati)ga aylanib ketadi. Alaloqibat jamiyat inqirozga yuz tutib, davlatchilik tanazzulga yuz tutadi. Bunga tarixda misollar koʻp.
Buyuk Rim imperiyasida boshboshdoqlik boshlanib, siyosiy bilim va tajribasi yoʻq, populistlar imperatorlikka daʼvo qilmaganida, saltanat (davlat) varvarlar (bilimsiz, madaniyatsiz, kasb-korsiz olomon) tomonidan bosib olinmagan boʻlar edi. Demak, boshboshdoqlik demokratiyani vayronkor kuchga aylantiradi. AQSH Mustaqillik deklaratsiyasining muallifi Benjamin Franklin: “Erkinlik olovi nafaqat yaratuvchi, balki vayronkor kuch hamdir”, deya bejiz aytmagan. Shu oʻrinda, Demokritning “demokratiyani bilimsizlik va tarbiyasizlik yemiradi”, degan fikrini ham eslab oʻtish joiz.
Demokratiya siyosiy bilim va tajribani talab etadi. Har bir inson oʻzini oʻzi boshqarish, nazorat qilish, baholash uchun yetarli siyosiy bilim va tajribaga ega boʻlmasa, demokratik tizim kamchilik va nuqsonlardan xoli boʻlmaydi, aksincha, obroʻsizlanib boradi. Chunki demokratiya yakka shaxsga boʻysunadigan tizim emas, balki koʻpchilikning xohish-irodasi bilan amalga oshadigan davlat boshqaruvidir. Demokratik boshqaruvda har bir inson nuqson va kamchiliklarni tashqaridan emas, avvalo, oʻzidan izlashi lozim.
Nemis inson huquqlari nazariyotchisi I.Kantning fikricha, dushman qidirish, kamchiliklarni roʻkach qilib, xalq orasida mehnatsiz obroʻ topishga intilish ikkiyuzlamachilikdir. Ikkiyuzlamachilik – demokratiyaga zid hodisa.
Bugun yangi Oʻzbekistonda bunyodkorlik va yaratuvchanlik, davlat va jamiyatga naf keltirish, mamlakatni har tomonlama rivojlantirayotgan insonlar faoliyatidan kamchilik qidirayotgan, kimnidir aybdor qilib, obroʻsizlantirayotgan, oʻzini demokratiyaning “bayroqdor”i sifatida koʻrsatayotgan shaxslarga shunchaki koʻz yumib boʻlmaydi. Shunday ekan, axloq-odob doirasidan chiqib, mansabdor shaxslarning obroʻsini tushirishga qaratilgan harakatlarga nisbatan huquqiy chora-tadbirlar belgilanishi shart.
Bugun siyosiy bilim va tajribaga ega boʻlmay turib, ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻzini rahbarlikka daʼvogar sifatida tanitayotganlar ham uchramoqda. Oʻzbekiston qonunchiligida Prezidentlikka nomzod saylov kampaniyasi boshlanguniga qadar Adliya vazirligi tomonidan kamida toʻrt oy oldin roʻyxatga olinib, siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilishi belgilab qoʻyilgani, Oʻzbekiston xalqi nomidan gapirish huquqiga faqat Prezident va Oliy Majlis ega ekanini inobatga olsak, mazkur shaxslar qonunga zid harakatlar sodir etayotganini anglashi zarur.
Siyosat bobida yetarli bilim va tajribaga ega boʻlmay turib, oʻzini siyosatchi qilib koʻrsatuvchilarni populist, demagog, deb atashadi. Chunki siyosat bu — yuksak ilm va siyosiy tajriba uygʻunlashuvi. Siyosiy faoliyatda bilim va tajribaning yetishmasligi xalqqa ziyon, davlatchilikka putur yetkazadi.
Dunyo davlatchiligi tarixidan maʼlumki, siyosiy bilim va tajribaga ega boʻlmagan shaxslarning davlat tepasiga kelishi jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Masalan, Rossiyada Ivan Grozniyning oʻgʻli Fyodor, Fransiyada – Lyudovig XVI, Angliyada – “qonli Mariya” jamiyatni inqirozga olib kelgan. Bu kabi misollarni boshqa davlatlar tarixida ham kuzatish mumkin.
Davlat rahbarligiga daʼvogar shaxs xalqaro miqyosida tafakkur yuritadigan, boy siyosiy tajribaga ega, amaliy ishlari bilan xalq ishonchini qozongan boʻlishi lozim. Oʻtmishda ham, bugun ham siyosatdagi populist, demagoglarga shuhratparastlik kasali xos boʻlgan. Ming afsuski, ayrim boshboshdoqlik, boshqariladigan xaos hukm surayotgan mamlakatlarda populistlar oʻzlarining gʻarazli maqsadlarini ilgari surmoqda. “Osilsang baland dorga osil”, “yotib qolguncha otib qol” kabi oʻzbek maqollarini populistlarga nisbatan ishlatish mumkin.
Taʼkidlash joizki, jamiyat, rasmiy siyosat “eksperiment” oʻtkaziladigan soha emas. Xalqaro huquqda jamiyat ustida oʻtkazilgan har qanday eksperiment jinoyat sifatida talqin etiladi.
Populist javobgarlik va masʼuliyatdan qochadi. Uning nazdida, hamma narsani gapirish va qilish mumkin, ammo ular hech narsaning oqibati uchun javob bermasligi kerak. Vaholanki, siyosat masʼuliyat demakdir. Masʼuliyatsiz odamdan esa hech qachon yaxshilik chiqmaydi.
Populist, birinchidan, ijtimoiy fikrni davlat hokimiyatiga qarshi shakllantirishi bilan xavflidir. Ikkinchidan, “tashqi kuchlar” populistlardan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Eng xatarlisi ham, populistlarning oʻzlari anglab yoki anglamagan holda tashqi kuchlar qoʻgʻirchogʻiga aylanib qolishidir. Chunki, siyosat olamida populistlar hamisha “tashqi kuchlar” manfaatlarining targʻibotchisi boʻladi.
Globallashuv jarayonlari jadal kechayotgan hozirgi davrda odamlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faollashuvi kuzatilmoqda. Fuqarolarning davlat va jamiyat hayotiga doir masalalar yechimi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini erkin bayon etishi oddiy holga aylandi. Albatta, bunday ijobiy tamoyilni qoʻllab-quvvatlash zarur. Biroq, afsuski, “guruch kurmaksiz boʻlmaydi”, deganlaridek, innovatsion axborot texnologiyalaridan, xususan, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda odob-axloq qoidalariga zid iboralarni qoʻllayotgan, soʻz masʼuliyatini his qilmaydigan, “hamma narsani davlat muhayyo qilib berishi shart”, degan boqimanda dunyoqarash asosida fikrlayotganlar ham oz emas.
Oʻylantiradigan jihati, ular Oʻzbekiston erishayotgan yutuqlarni bir yoqlama baholab, tarixiy taraqqiyot yoʻlimizdagi keng koʻlamli islohotlarni oʻzlarining tor manfaati va dunyoqarashi bilan oʻlchamoqda. Jamiyatdagi baʼzi kamchiliklarni “pashshadan fil yasash” qabilida ijtimoiy tarmoqlar orqali koʻz-koʻz qilib, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obroʻyiga putur yetkazishga harakat qilmoqda.
Oʻzini “muxolifatchi” deb hisoblaydigan kuchlar aynan ana shu qatlam orqali xalq noroziligini keltirib chiqarishga qaratilgan harakatlar sodir etmoqda. Bunday vaziyatda fuqarolarning “siyosiy tarbiyasi” masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ingliz faylasufi, demokratik tafakkur sohibi Jon Lokk: “Tarbiya inson tafakkurini shunchalik boyitishi kerakki, odamlar siyosiy hayot va amaliy faoliyatga qodir boʻlsinlar”, deya bejiz taʼkidlamagan.
Darhaqiqat, siyosiy tarbiya orqali fuqarolarga oʻzini oʻzi boshqarish, baholash, nazorat qilish, masʼuliyatli boʻlish, qonun, axloq doirasida hamda uchinchi shaxs huquqlariga ziyon yetkazmasdan yashash qoidalari oʻrgatiladi. Siyosat – jamiyatni boʻlishga emas, balki birlashtirishga xizmat qiladigan qadriyat.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, ayrim mamlakatlarda amalga oshirilgan “rangli inqilob”lar fuqarolarning siyosiy tarbiyasiga yetarli eʼtibor berilmaganligi natijasidir. Siyosiy tarbiya orqali fuqarolar siyosat tekis, ziddiyat va kamchiliklarsiz kechadigan hodisa emasligini, balki mavjud qiyinchilik va muammolarni tinch yoʻl bilan hal qilish sanʼati ekanini anglaydi.
Bugun taraqqiyot yoʻlida dadil odimlayotgan yangi Oʻzbekiston uchun uning rivojiga toʻsiq boʻladigan, oʻzi ishlamay, ishlayotganlarga xalal beradigan, “qancha yomon boʻlsa, shuncha yaxshi” qabilida fikr yuritadigan, kuzatuvchi va tomoshabin pozitsiyasida turadigan odamlar emas, aksincha, yurtga daxldorlik bilan yashaydigan, mamlakatni rivojlantirishga hissa qoʻshadigan, xalq va davlat uchun halol, vijdonan va sidqidildan xizmat qiladigan, bir soʻz bilan aytganda, vatanparvar, fidoyi, tashabbuskor shaxslar kerak.
Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarda vaqtni bemaqsad ishlar, fisqu fasod gaplar bilan zoye ketkazmay, Oʻzbekistonni yana-da taraqqiy toptirish, uning yorugʻ istiqboli uchun bir tanu bir jon boʻlib birlashish, faqat va faqat bunyodkorlikka intilish mamlakatimizda yashayotgan har bir fuqaroning ezgu amaliga aylanmogʻi zarur. Chunki yuksak taraqqiy topayotgan zamon bizdan yangicha fikrlash, ishlash, muammolarni hamjihatlikda yechish, intellektual rivojlanishni talab qilmoqda.
Rustam HOTAMOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
akademiyasi boshligʻi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Poytaxt ehtiyojini taʼminlash uchun quvvati 2 ming 400 megavattli 4 ta yirik quyosh stansiyalari barpo etiladi
- Shvetsiya parlamenti Ukrainaga 600 million dollarlik harbiy yordam ajratishni maʼqulladi
- Donald Trampning hibsga olinish xavfi maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring