Dehqonchilikda tajribaning oʻzi kamlik qiladi

Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona viloyati oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlari uchun urugʻ ekishdan tortib eksportgacha boʻlgan barcha jarayonda fermer va dehqon xoʻjaliklari, shaxsiy tomorqa yer egalari bilan faol hamkorlikda ish olib borilmoqda. Bu esa viloyatda eksportbop mahsulotlar yetishtirishda ilmiy tajribalarni amaliyot bilan oʻzaro uygʻunlashtirish imkonini bermoqda.
Aytish joizki, boshqarma qoshida faoliyat koʻrsatuvchi Fitosanitariya laboratoriyasida birgina oʻtgan yilning oʻzida mevali bogʻlar, issiqxonalar va aholi tomorqalaridan 10 mingdan ortiq namunalar tekshirildi va laboratoriya xulosalari berildi. Shuningdek, mobil sayyor laboratoriya faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, 2022 yili shahar-tumanlarda oʻsimliklar kasalliklari profilaktikasi, hosildorlikni oshirish, mahsulot sifatini yaxshilashga doir mingdan ziyod holatlar boʻyicha oʻrganish ishlari olib borildi.
— Bugungi kun talabi va ehtiyoji asosida ishlash uchun viloyatda oʻsimliklarning virusli va bakteriologik kasalliklarini aniqlovchi zamonaviy laboratoriya faoliyati ham tashkil etildi, — deydi Fitosanitariya laboratoriyasi mudiri Abdurauf Mahmudov. — Laboratoriyaga Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasining grant mablagʻlari hisobidan 164 ming dollarlik uskunalar olib kelindi.
Oʻtgan qisqa vaqtda laboratoriya xodimlari, ayniqsa, tomorqachilikda oʻziga xos tajriba maktabiga ega Oltiariq va Yozyovon tumanida quvonarli natijalarga erishmoqdalar.
— Bundan buyon dehqonchilikda tajribaning oʻzi kamlik qiladi, chunki sohaga doir ilm-fan yutuqlaridan, innovatsion yangiliklardan boxabar boʻlish va amalda qoʻllash hayotiy zaruratga aylandi, — deydi yozyovonlik sohibkor Mashrabjon Joʻrayev. — Shuning uchun biz ham viloyatimizdagi oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi mutaxassislari bilan hamkorlik qilishga, ilmiy tadqiqotlardan foydalanishga intilyapmiz. Bu esa oʻz natijasini beryapti. Masalan, oʻtgan yili moʻjazgina tomorqamizda yigirma tonnadan koʻproq limon, bodring-pomidor yetishtirdik. Biz doimiy hamkorlikda ishlashdan manfaatdormiz.
Botir MADIYOROV, «Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti qoʻshma korхonalarni ishga tushirdi va Xitoy ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashdi
- “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2023” xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi
- “Markaziy Osiyo - Xitoy” birinchi sammiti. Ikkinchi kundan fotoreportaj
- Oʻzbekiston Prezidentining Xitoyga tashrifi samarali boʻldi
- Oʻzbekistonning aksariyat hududlarida 20-may kuni qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi
- Namanganda gullar festivali (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring