Davlatobod korrupsiyadan holi hududga aylanadi

14:30 31 May 2021 Jamiyat
252 0

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Namangan viloyatining Davlatobod tumanida “Korrupsiyasiz hudud” loyihasini amalga oshirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi. Unda tegishli idoralar bilan birgalikda hududda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha belgilab olingan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Soʻnggi yillarda sohaga oid qabul qilingan 70 dan ortiq konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar buning yaqqol ifodasidir. Ayni paytda mamlakatda byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish va “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish choralari koʻrilib, oliy taʼlim, qurilish, sogʻliqni saqlash, davlat xaridlari tizimlarida “Korrupsiyasiz soha” loyihalari amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2021-yildan agentlik tomonidan “Korrupsiyasiz hudud” loyihasi ishlab chiqildi va hayotga tatbiq etish ishlari boshlab yuborildi.

Davlatobodda oʻtkazilgan tadbirda Namangan shahrida yangi tashkil etilgan mazkur tumanda eksperiment tariqasida “Korrupsiyasiz hudud” loyihasini amalga oshirish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar taqdimoti tashkil etildi.

Taqdimot avvalida soʻzga chiqqan agentlik direktori Akmal Burxonovning taʼkidlashicha, Namangan viloyati, shu jumladan, Davlatobodda ham korrupsion koʻrinishlar koʻzga tashlanayotgani sir emas. Masalan, viloyatda keyingi ikki yil ichida 721 ta korrupsiyaga oid jinoyatlar qayd etilgan. Bu koʻrsatkich Namangan shahrida 242 tani tashkil qiladi. Oliy taʼlim, qurilish, davlat boshqaruvi idoralari va boshqa sohalardagi bunday noxush koʻrinishlar haqli ravishda jamoatchilikning noroziligini keltirib chiqarmoqda.

Namangan viloyat hokimligi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi va prokuratura hamkorligida ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi”da korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga barham berish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Bunda birinchi navbatda manafaatlar toʻqnashuvi yuz beradigan subyektlardagi holatni chuqur oʻrganish va xulosalar chiqarishga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Xususan, manzilli roʻyxat asosida belgilangan muassasa yoki tashkilotga shaxsan tashrif buyurib, xodimlar bilan, shuningdek jamoatchilik vakillari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ochiq muloqot tashkil qilish orqali korrupsiyaga sabab boʻlayotgan omillar va muammolar oʻrganiladi, kompleks yondashuv asosida ushbu korrupsiogen faktor va muammolarni bartaraf qilish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqiladi.

Tadbirkorlar va keng aholi vakillari oʻrtasida ijtimoiy soʻrovlar va sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazish orqali aniq hududdagi korrupsiyaning oʻlchovi va latentlik darajasi aniqlanadi hamda korrupsion xavf-xatarlarning tizimga taʼsiriga baho beriladi. Tadbirkorlik faoliyati yuritish va aholining kundalik maishiy hayotida duch kelayotgan ortiqcha byurokratik toʻsiqlar aniqlanadi, aholi va tadbirkorlar uchun qulay korrupsiyadan xoli muhitni yaratish boʻyicha takliflar tayyorlanadi.

Shunday oʻrganishlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hududiy boʻlimlarida ham amalga oshiriladi. Davlat xizmatchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan “sirli mijoz” tadbirlarida esa davlat xizmatlarini koʻrsatishdagi suiisteʼmolchilik va sansalorliklarga yoʻl qoʻyayotgan xodim va rahbarlarning faoliyatiga real baho beriladi. Bundan tashqari hududda yashovchi fuqarolarning korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatini shakllantirishga qaratilgan targʻibot tadbirlari muntazam olib boriladi.

Loyihani amalga tatbiq qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, byudjet mablagʻlaridan foydalanish va davlat xaridlari sohasidagi maʼlumotlarning ochiqligini taʼminlash choralari koʻrilib, korrupsion holatlarni fosh qilganlik uchun eng yaxshi jamoatchilik nazorati tadbirlarini ragʻbatlantirish koʻzda tutilgan.

Loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlarni xalq deputatlari tuman kengashlarida muhokama qilish, erishilgan yutuq va kamchiliklarni sarhisobini yuritish, ijobiy tajribani kelgusida boshqa hududlarda ham tatbiq etish oʻz samarasini beradi, albatta.

Tadbir yakunida “Yoʻl xaritasi”dagi har bir band yuzasidan ijrochilarga tegishli vazifalar yuklatildi.

Taqdimotdan soʻng tumandagi aholiga xizmat koʻrsatuvchi idoralarga tashrif buyurildi. Davlat xizmatlari markazi, tijorat bank filiali, maktabgacha taʼlim muassasasi, xususiy klinika kabi manzillarda aholiga xizmat koʻrsatish jarayonlari, fuqarolar duch kelishi mumkin boʻlgan korrupsiyaviy xavf-xatarlar oʻrganildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?