Davlatdan olingan subsidiyalar maqsadli ishlatilyapti(mi?)

14:45 23 Iyun 2022 Jamiyat
455 0

Foto: Xalq so‘zi

Global ekologik tanazzul taʼsiri oʻlaroq, dunyo miqyosida suv tanqisligi muammosi tobora dolzarb boʻlib borayotgan bir sharoitda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasiga suv tejamkor texnologiyalarini keng tatbiq etish masalasiga jiddiy yondashilmoqda. Bu borada Prezidentimizning shu yil 1-martdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etayotir.

Qarorning 5-bandiga koʻra subsidiya mablagʻlari suvni tejaydigan sugʻorish tizimlari kamida besh yil ishlatilishi sharti bilan ajratilishi, shuning barobarida 2021-yilda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilganligi uchun davlat byudjetidan subsidiya mablagʻlarini olgan, biroq joriy etilgan suvni tejaydigan sugʻorish tizimlarini sugʻorish mavsumida ishlatishga ulgurmagan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari mazkur tizimni 2022-yil sugʻorish mavsumiga qadar ishga tushirmagan taqdirda olingan subsidiya mablagʻlarini belgilangan tartibda davlat byudjetiga qaytarilishi belgilandi.

— Jizzax viloyati boʻyicha 2021-yilda 12 ming 620 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan 405 nafar talabgorga subsidiya mablagʻlari ajratilgan, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi bosh inspektori Ixtiyor Dushaboyev. — Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan paxta maydonlarida 350 dona tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan boʻlsa, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan 6 ta hamda Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi tomonidan 41 dona suv tejamkor texnologiyalar joriy etilgan.

Shuningdek, oʻtgan yili Alkagol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilgan 8 nafar talabgorga subsidiya mablagʻlari ajratilgan.

Ayni yoʻnalishdagi ishlarni nazorat qilish “Oʻzagroinspeksiya” xodimlariga yuklangan. Shundan kelib chiqqan holda 2021-yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan 405 nafar talabgorga texnologiyalarni 2022-yilgi sugʻorish mavsumida ishga tushirmagan taqdirda subsidiya mablagʻlarini belgilangan tartibda davlat byudjetiga qaytarish yuzasidan “Oʻzagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi tomonidan 60 ta ogohlantiruv xatlari yuborilgan.

— Joriy yil yakuniga qadar Zomin tumanida jami 1,180 gektar maydonda suv tejash texnologiyalarini oʻrnatish orqali bogʻ-tokzorlar va boshqa ekin maydonlarini tashkil etish rejalashtirilgan, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Zomin tuman boʻlimi katta inspektori Alijon Abdullayev. — Bu uskunalarning asosiy qismi Zomin oʻrmon xoʻjaligida oʻrnatilsa, qolgani “Bogʻi bogʻbon baraka”, «Zomin bonderful fud», «Zomin best fud» MCHJlariga qarashli yer maydonlariga joylashtiriladi.

Inspeksiyaning Zomin tuman boʻlimi tomonidan olib borilgan oʻrganishlarga koʻra, 420 gektar maydonga tomchilatib sugʻorishni joriy qilish uchun 9 milliard 676 million soʻmlik shartnomalar rasmiylashtirilgan. Natijada 8 ta fermer xoʻjaliklarining 365 gektar maydonida tomchilatib sugʻorish boʻyicha qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?