Davlat va jamoat arbobi Rustam Qosimov vafoti munosabati bilan hamdardlik

18:15 07 May 2021 Jamiyat
1569 0

Mamlakatimiz davlat va jamiyat boshqaruvi sohasi ogʻir judolikka uchradi. Koʻzga koʻringan davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, taniqli olim va pedagog Rustam Sobirovich Qosimov ogʻir kasallikdan soʻng shu yil 7-may kuni 65 yoshida vafot etdi.

R.Qosimov 1955-yil 30-avgustda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatib, Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetida tahsil oldi.

Mehnat faoliyatini Toshkent suv xoʻjaligi institutida boshlab, bir necha yil davomida xorijiy Sharq mamlakatlarida tarjimon boʻlib xizmat qildi. Keyinchalik Toshkent davlat universitetida tadqiqotchi, oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, fakultet dekani lavozimlarida samarali ishladi, pedagogik faoliyatni ilmiy izlanishlar bilan uygʻun holda olib borib, iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasi va dotsent unvoniga sazovor boʻldi.

Katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega boʻlgan R.S.Qosimov Vatanimiz mustaqilligining dastlabki yillarida Toshkent davlat texnika universiteti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida kafedra mudiri, fakultet dekani, Bank-moliya akademiyasi rektori, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari va vazir, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari kabi masʼul vazifalarda sidqidildan mehnat qilib, mamlakatimizda taʼlim-tarbiya sohasini zamon talablari asosida rivojlantirish, yuksak malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qoʻshdi.

Shuningdek, u Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining boshqaruv tizimida turli lavozimlarda ishlab, jamiyatimizda fuqarolik institutlarining oʻrni va nufuzini oshirish borasida jonbozlik koʻrsatdi.

Butun ongli hayotini el-yurtga beminnat xizmat qilishga bagʻishlagan fidoyi rahbar mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish, yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonlarida faol ishtirok etdi. Ushbu davrda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari, Davlat maslahatchisi, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori lavozimlarida qizgʻin faoliyat olib bordi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi va ayni vaqtda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori lavozimlarida samarali ishlab, yurtimizda millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, diniy-maʼnaviy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, mahalla institutining oʻrni va nufuzini oshirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga qaratilgan muhim davlat dasturlarini amalga oshirishda oʻzining boy bilim va tajribasi, yuksak salohiyatini safarbar etdi.

R.S.Qosimov salkam 50 yillik mehnat faoliyati davomida qaysi lavozimda ishlamasin, doimo xalqimiz va Vatanimiz manfaatini koʻzlab, fidokorona mehnat qildi. Mamlakatimiz jamoatchiligi uning ilm-fan, taʼlim-tarbiya sohasidagi keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish, yoshlarni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, Oʻzbekistonning xalqaro obroʻ-eʼtiborini oshirish borasidagi xizmatlarini yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

R.S.Qosimov davlatimiz va xalqimiz oldidagi xizmatlari uchun “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Xalqimizning yetuk farzandi, taniqli davlat va jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin va samimiy inson Rustam Sobirovich Qosimovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov, A.Aripov, Z.Nizomiddinov

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?