Davlat va jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi axborotni tarqatganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 2021-yil 15-fevral kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisda Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslariga hamda “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga ayrim oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ham koʻrib chiqdilar.
Maʼlumki, soʻz hamda fikrlash erkinligini qonuniy asosda kafolatlash huquqiy demokratik davlatning ajralmas qismi hisoblanadi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda soʻz erkinligini, fikrlar xilma-xilligini, odamlar oʻz qarashlarini ochiq-oshkora ifoda etishini amalda taʼminlashga qaratilgan izchil saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Ayni paytda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining kafolatlarini taʼminlash maqsadida Konstitutsiya bilan bir qatorda boshqa bir qator qonunlar ham qabul qilingan.
Biroq soʻnggi vaqtlarda veb-sayt yoki veb-sayt egalari, shu jumladan, blogerlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarning axborot olish va uni tarqatish madaniyati toʻliq shakllanmagani sababli, boshqa shaxslarning qonun bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlariga zarar yetkazish holatlari ham kuzatilmoqda. Qolaversa, bunday shaxslarning axborot tarqatish sohasidagi huquqiy madaniyati shakllanmaganligi kelajakda ular tomonidan qonun talablarini buzib, oʻz veb-saytidan va veb-sayt sahifasidan mamlakatning mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat etish, urush, zoʻravonlik va terrorizmni, shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʻoyalarini targʻib qilish, davlat siri boʻlgan maʼlumotlarni yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oshkor etish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi, fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻyuvchi hamda ommaviy tartibsizliklarga daʼvat etuvchi kontentni tarqatish ehtimolini oshiradi.
Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” DP va “Adolat” SDP fraksiyalari tashabbusi bilan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqildi.
Qonun loyihasi bilan “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga veb-sayt yoki veb-sayt egalari, shu jumladan blogerlarning ommaviy tartibsizliklar va zoʻravonlikni daʼvat etish, aholi xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon maʼlumot tarqatish, zoʻravonlikni yoki shafqatsizlikni targʻib qilish, huquqqa xilof harakatlarni sodir etish maqsadida axborotni tarqatishlariga qarshi normalar kiritilmoqda.
Bu bilan ommaviy tartibsizlik va fuqarolarga nisbatan zoʻravonlik qilishga ommaviy daʼvat etish, fuqarolarni qonun hujjatlariga rioya qilmaslik yoki ularni buzishga omma oldida, shuningdek ommaviy axborot vositalari orqali daʼvat qilish, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon maʼlumot tarqatish, pornografiyani, zoʻravonlikni yoki shafqatsizlikni targʻib qilish, shuningdek oʻzini oʻzi oʻldirishga targʻib qilish kabi qonunbuzarlik holatlarining oldini olish nazarda tutilmoqda.
Deputatlar qonun loyihasini tayyorlash jarayonida xorijiy mamlakatlar tajribasini ham oʻrganib chiqdilar. Xususan, AQSH, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi va Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish toʻgʻrisidagi Yevropa konvensiyasi tahlil qilindi. Oʻrganilgan barcha davlatlarning qonunchiligida qonunga xilof, davlat va jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi axborotlarning tarqalishiga nisbatan taqiq oʻrnatilgani maʼlum boʻldi.
Xalq vakillarining taʼkidlashicha, qonunga xilof, davlat va jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi axborotni tarqatganlik uchun javobgarlik choralarining kuchaytirilishi fuqarolarning axborot olishga boʻlgan huquqlarini himoya qilish, kommunikatsiya tizimiga dolzarb va ishonchli axborotlarning kiritilishiga, shuningdek jamiyatning xavfsizligi va barqarorligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Namanganda gullar festivali (fotoreportaj)
- JSST yangi halokatli pandemiyaga tayyorlanishga chaqirdi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Taraqqiyotning yangi bosqichida
- Siandagi musulmonlar mahallasi (Fotoreportaj)
- Gender tenglikni taʼminlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring