Davlat test markazi TOEFL ITP imtihonini yoʻlga qoʻydi

10:01 14 Oktyabr 2021 Jamiyat
87 0

Xalqaro imtihon tizimlarini respublikamizda joriy etish orqali yoshlarga Oʻzbekistonning oʻzida xalqaro imtihonlarni topshirish va xalqaro sertifikatlarga ega boʻlish imkoniyatini yaratish maqsadida Davlat test markazi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyib kelmoqda.

Ana shunday hamkorliklardan biri test savollarini tuzish va test sinovlarini oʻtkazish boʻyicha dunyodagi eng yirik tashkilotlardan biri boʻlgan AQSHning Educational Testing Service (ETS) tashkiloti bilan yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, Davlat test markazi TOEFL ITP imtihonlarini tashkil etish va oʻtkazish huquqini qoʻlga kiritgan.

Unga koʻra, Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan TOEFL ITP imtihonlari xalqaro miqyosda tan olinadi hamda imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarga ETS tashkilotining xalqaro sertifikati beriladi.

TOEFL ITP test sinovlari Davlat test markazi huzuridagi Ilmiy-oʻquv amaliy markazi tomonidan har oy Davlat test markazi binosida onlayn tarzda oʻtkaziladi.

Mazkur test sinovining oʻziga xos jihati talabgor test sinovi yakunlanishi bilan oʻz natijasini bilib oladi.

Test sinovida ishtirok etish istagini bildirgan talabgorlar 25-oktyabrga qadar my.dtm.uz sayti orqali onlayn roʻyxatdan oʻtib, test sinovida ishtirok etishlari mumkin.

Test sinovi roʻyxatga olish yakunlangach 10 kundan soʻng Davlat test markazida oʻtkaziladi.

Test sinovi uchun toʻlov bazaviy hisoblash miqdorining 3,5 baravarini (945 000 soʻm) tashkil qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-son qaroriga binoan C1 darajaga toʻgʻri keluvchi TOEFL ITP sertifikatiga ega boʻlgan taʼlim muassasalarining xorijiy tillar oʻqituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qoʻshimcha ustama beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?