Davlat siyosatini “mensimaydigan”, “oʻzboshimcha” rahbar yoki rahbarchalarning “ishi”ni oʻrganish uchun Senat, hokim ovora boʻlishi shartmi?

10:47 27 May 2021 Jamiyat
787 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida joylashgan 63-sonli ixtisoslashgan maktab-internatda tarbiyalanayotgan bolalar kaltaklangani tasvirlangan fotosuratlar tarqaldi. Maʼlum boʻlishicha, holat Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan nazoratga olingan. Tegishli idoralarga ushbu masala qonuniy koʻrib chiqilishi yuzasidan koʻrsatmalar berilgan.

“Shu kunlarda Internet ijtimoiy tarmoqlarida Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 63-sonli ixtisoslashgan maktab-internatdagi ayanchli holat keng muhokamaga sabab boʻlmoqda. Unda maktab tarbiyalanuvchilarining yirtiq-yamoq kiyimdaligi, ayrim bolalarning koʻz va yuz qismlari koʻkargan holatdaligi fotolavhalari koʻrsatilgan. Mazkur holat Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan nazoratga olingan. Tegishli idoralarga ushbu masala qonuniy koʻrib chiqilishi yuzasidan koʻrsatmalar berilgan”, deyiladi Oliy Majlis Senati munosabatida. Shuningdek, mazkur maktab-internatda bolalarning kaltaklanishi Samarqand viloyat hokimligi tomonidan ham nazoratga olingan. 25-may kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov maktab-internatga borib hodisani oʻrgangan. Viloyat hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Erkinjon Turdimov maktab-internatda bolalarga yaratilgan sharoitlar boʻyicha mutasaddilarga oʻz eʼtirozlarini bildirgan. Shuningdek, viloyat xalq taʼlimi mutasaddilariga zudlik bilan mazkur maktab-internatda taʼlim olayotganlarning yashashi va oʻqishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida qator topshiriq va koʻrsatmalar berilgan. Oʻrganishlar yakunida muassasa direktori, uning xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosari hamda qator tarbiyachi va texnik xodimlarning faoliyati qoniqarsiz deb baholangan. Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi, tuman prokuraturasi va ichki ishlar boʻlimi tomonidan muassasadagi har bir holatga baho berilishi maʼlum qilingan. Mazkur taʼlim muassasani obod maskanga aylantirish, jamoada sogʻlom muhitni shakllantirish borasida berilgan topshiriqlar ijrosi hamda mutasaddilarning ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlari yuzasidan hisoboti bir haftadan soʻng viloyat hokimligida muhokama etilishi belgilangan. Qayd etilishicha, mazkur maktab-internatdagi holat yuzasidan ishchi guruh tuzilib, oʻrganish ishlari boshlangan. Faoliyati davomida masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan masʼullar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Maktab-internatda bolalarning kaltaklanishi hodisasi boʻyicha huquqni himoya qiluvchi organlar tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Yaqin tarixga nazar tashlasak... 2018-yilning iyun oylarida aynan shu viloyatning Samarqand shahridagi 64-sonli alohida saqlash sharoitlari, tarbiya va taʼlimga muhtoj oʻgʻil bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatda sodir boʻlgan mudhish voqealar keskin muhokamalarga sabab boʻlgan edi. Bu holat ham viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tomonidan oʻrganilgan va tezlikda zarur chora-tadbirlar belgilangan edi.

Eʼtiboringizni “ixtisoslashtirilgan” soʻziga qaratmoqchiman. Uning maʼnosi hammaga maʼlum, ortiqcha izohga hojat yoʻq. Qaysidir nuqson va kamchilikni bartaraf etish uchun tashkil etiladigan maskan.

Qonunchilikka murojaat qilsak, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar)ni tashkil etish va u yerga bolalarni joylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 13-sentyabrda qabul qilingan “Imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalari toʻgʻrisidagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi 256-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi. Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari taʼlim-tarbiya berish, korreksiyalash va davolash-sogʻlomlashtirish muassasalari hisoblanadi hamda jismoniy yoki psixik rivojlanishida turli nuqsonlari boʻlgan bolalarning umumiy oʻrta taʼlim olishda va ularni bilish imkoniyatlariga muvofiq tarbiyalashda, ularning jamiyatga moslashuvi va integratsiyalashuvida koʻmaklashish, shuningdek ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga farzandlarini tarbiyalash va ularga taʼlim berishda yordam koʻrsatish maqsadida tashkil etiladi.

Xulosa shuki, davlatimiz rahbari tomonidan bugun kelajak avlodni sogʻlom va barkamol tarbiyalash yoʻlida mablagʻ, bilim va bor imkoniyatlar ishga solinayotgan bir vaqtda, bir guruh ishiga noloyiq, davlat siyosatini “mensimaydigan”, “oʻzboshimcha” rahbar yoki rahbarchalarning “ishi”ni oʻrganish uchun Senat, hokim ovora boʻlishi shartmi? Aslida ular nega oʻz mansabini suiisteʼmol qilishadi? Yoki ular uchun bu tarbiyaning “yangi usuli”mi? Savollar koʻp, lekin aniq javob bormikan?

Murgʻak qalblarga yetkazilgan ozor yillar davomida oʻchmaydi. Bugun tarbiya oʻchogʻida ishlayotgan “daholar” shu haqiqatni anglab oling. Agar siz haqiqatan ham shu sohaning odami boʻlsangiz. Agar ishingizni eslay olmayotgan, bolalarni tarbiyalay olmayotgan boʻlsangiz, oʻrningizni boʻshatib qoʻying, siz yagona kadr emassiz! Bu aravani boshqalar ham eplab tortib ketadi.

Doniyor Yusupov,
Xalq deputatlari Qibray tumani kengashi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?