Davlat rahbarlari Oʻzbekiston-Qirgʻiziston hamkorligini yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab oldilar

16:18 18 Iyul 2024 Siyosat
149 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.

Mazkur sammitga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yigʻilishi, biznes forumi, Rektorlar forumi, Avlodlar muloqoti va qator madaniy tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazilgani taʼkidlandi.

Savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq va suv xoʻjaligi, xavfsizlik, madaniyat va boshqa muhim yoʻnalishlardagi hamkorlik natijalari tanqidiy tahlil qilindi.

Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlar, ishbilarmonlar, ekspertlar va jamoatchilik darajasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, BMT, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va boshqa koʻp tomonlama maydonlar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

Tovar ayirboshlash hajmini koʻpaytirish, eng avvalo, import oʻrnini bosish dasturlari va kooperatsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Shu maqsadda tashrif davomida oʻzaro savdo hajmini oshirishga qaratilgan dastur qabul qilinmoqda. Bundan tashqari, yaqin yillarda 2 milliard dollar koʻrsatkichiga chiqish uchun poytaxtlarda savdo uylari tashkil etiladi, eksport-import shartnomalari toʻplami shakllantiriladi, eksportoldi moliyalashtirish vositalari joriy etiladi, qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlarini tezkor tashish boʻyicha “yashil yoʻlak” ishga tushiriladi.

Sanoat kooperatsiyasi doirasidagi joriy loyihalar portfeli 300 million dollarga yetgani taʼkidlandi. Kuni kecha boʻlib oʻtgan biznes forumi doirasida energetika, logistika, elektrotexnika, toʻqimachilik, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining yangi toʻplami qabul qilindi.

Bunday loyihalarni ilgari surish uchun Oʻzbekiston-Qirgʻiziston jamgʻarmasining ustav kapitali 200 million dollargacha oshiriladi.

Energetika sohasidagi hamkorlik strategik yoʻnalish etib belgilandi.

Qambarota GES-1 qurilishi boʻyicha bitimni tez fursatda imzolash va loyihaning amaliy bosqichini boshlash muhimligi qayd etildi. Shuningdek, ikki mamlakat salohiyatini hisobga olgan holda kichik gidroenergetikani rivojlantirish boʻyicha kompleks hamkorlik dasturi tayyorlanadi.

Mintaqada transport bogʻliqligini mustahkamlash boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirish zarurligi taʼkidlandi.

“Xitoy - Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish boʻyicha strategik loyiha toʻgʻrisidagi uch tomonlama bitim imzolangani bu borada tarixiy voqea boʻldi.

Uchrashuvda istiqbolli transport loyihalari ham koʻrib chiqildi.

Ikki mamlakat hududlari savdo-iqtisodiy hamkorlikning haqiqiy drayverlari ekani taʼkidlandi. Shu maʼnoda, Bosh vazirlar raisligidagi Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi doirasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

Hududlar delegatsiyalarining oʻzaro tashriflari jadvalini tayyorlash va qoʻshma “yoʻl xaritalari”ni yangilashga kelishib olindi.

Qishloq xoʻjaligi oʻzaro hamkorlikning muhim yoʻnalishidir. Qishloq xoʻjaligi ekinlarini birgalikda yetishtirish, intensiv bogʻlar va agroklasterlar tashkil etishni nazarda tutuvchi agrokooperatsiya dasturini amalga oshirishga kelishib olindi.

Madaniyat, yoshlar, turizm, taʼlim, fan va sport sohalarida faol almashinuvlar davom ettiriladi.

Shu maʼnoda, tashrif arafasida Samarqandda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Kelgusi yillarga moʻljallangan madaniy tadbirlar taqvimini tayyorlashga kelishib olindi.

Yigʻilishda Bosh vazirlar oʻrinbosarlarining hisobotlari va savdo-iqtisodiy hamkorlik yuzasidan aniq takliflari tinglandi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер