Davlat rahbari Qoraqalpogʻistonning ishga solinmagan imkoniyatlarini koʻrsatib berdi

19:48 19 Avgust 2024 Siyosat
336 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan yigʻilishda Qoraqalpogʻiston aholisini rozi qilish, hayotini yaxshilash, inson qadrini ulugʻlash boʻyicha hudud rahbariyatida tashabbuskorlik yetishmayotgani, tuman hokimlari esa bunga masʼuliyatsizlik bilan yondashayotgani koʻrsatib oʻtildi, amalga oshirilayotgan ishlar yetarli emas, deb topildi.

Yil boshidan Boʻzatov, Beruniy, Qoraoʻzak, Kegeyli, Moʻynoq, Taxiatosh, Taxtakoʻpir, Xoʻjayli va Shumanayda investitsiya 5 million dollarga ham yetmagani qayd etildi.

Investitsiya hisobiga tashkil qilingan baʼzi korxonalar ishlamayotgani, hududda eksport 100 million dollardan kam boʻlgani tanqid qilindi.

Yil boshidan Qoraqalpogʻistondagi korxonalar 350 milliard soʻmlik soliq imtiyozlaridan foydalandi.

Natijada tadbirkorlar “soya”dan chiqqani, faoliyatini kengaytirgani hisobiga 4 ming aholi ishli boʻldi. Lekin, imtiyoz olgan ayrim korxonalarda ish oʻrinlari kamaygan.

Nukus, Kegeyli, Chimboy, Qoraoʻzak va Taxtakoʻpir tumanlarini “ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hudud”ga aylantirish ishlarida sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotgani qayd etildi.

Qoraqalpogʻistonda biznes uchun yaratilgan imkoniyat va sharoit boshqa birorta viloyatda yoʻqligi hisobga olinsa, shahar-tuman hokimlari bu imkoniyatlarni loyiha va ish oʻrniga aylantira olganda, koʻrsatkichlar 5-10 karra yuqori boʻlardi, dedi davlatimiz rahbari.

Davlatimiz rahbari hududning ishga solinmagan imkoniyatlarini koʻrsatib berdi.

Masalan, turizm va xizmat koʻrsatish sohasi. Yil boshidan Qoraqalpogʻistonga 1 million 300 ming sayyoh tashrif buyurdi. Lekin mehmonxona oʻrinlari 2,5 mingga ham yetmagani uchun turistlar nari borsa 1-2 kun vaqtini Qoraqalpogʻistonda oʻtkazayapti.

Nukus shahrida joylashgan Achchiq-koʻl atrofidagi 20 gektarda turar-joy kompleksi, zamonaviy mehmonxona va dam olish maskanlarini tashkil qilish mumkin.

Nukus shahri va tumanidan oʻtgan Doʻstlik kanali va Kegeylidagi “Kegeyli” kanali boʻyida yirik savdo va servis majmualarini barpo qilsa boʻladi.

Nukus shahrida joylashgan “Istiqlol” parki 5-yildan buyon ishlamayapti. Ushbu bogʻ xususiy sheriklik asosida foydalanish uchun berilsa, tadbirkorlar 10 million dollar sarmoya kiritib, zamonaviy park barpo etish taklifini bergan.

Amudaryo, Toʻrtkoʻl, Beruniy, Xoʻjaylida turistlarni jalb qilish boʻyicha juda katta salohiyat borligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер