Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlashda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi

19:28 18 Iyun 2021 Jamiyat
322 0

Har qanday davlat taraqqiyotining yangi davri va bosqichi, birinchi navbatda, davlat boshqaruvi tizimini zamon talablaridan kelib chiqqan holda, yana-da takomillashtirishni taqozo etadi. Shu boisdan soʻnggi toʻrt yilda Harakatlar strategiyasi doirasida davlat va jamiyat qurilishini tubdan isloh qilishga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha 2017-2020-yillarda 132 ta normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan, 26 ta Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, 34 ta Prezident Qarori, 38 ta Prezident Farmoni, 34 ta Vazirlar Mahkamasi Qarori qabul qilindi.

Kuni kecha qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni esa mazkur yoʻnalishda boshlangan ishlar samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishi bilan yana-da ahamiyatlidir.

Farmon bilan Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, axborot olish erkinligini taʼminlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilab berilmoqda.

Endilikda, barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, Hisob palatasi, Markaziy bank, sud va prokuratura organlari hamda ularning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari tomonidan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxati doimiy ravishda saytlarida eʼlon qilib boriladi.

Xususan, belgilangan vazirlik va idoralar har yili 1-martga qadar oʻz faoliyatiga oid hisobotni rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, 10-martga qadar uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar beradi. 1-aprelga qadar esa oʻz faoliyatiga oid hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumanlarini oʻtkazadi.

Bu esa soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali aholining keskin eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan byudjet mablagʻlarining nooʻrin sarflanib talon-taroj qilinishining oldi olinishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, 2021-yil 1-iyuldan boshlab, amalga oshirilgan davlat xaridlari, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinadigan tovarlar, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan, individual imtiyozlar berilgan subyektlarning benefitsiarlari (yakuniy manfaatdor jismoniy shaxslari), ular tomonidan toʻlangan soliqlar va moliyaviy koʻrsatkichlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portaliga va oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirilib, ular har chorakda yangilab boriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Adliya vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatini yana-da kengaytirish boʻyicha doimiy ravishda takliflar berib borish tizimi ham yoʻlga qoʻyilmoqda. Natijada, bu borada keng jamoatchilik hamda mutaxassislar tomonidan beriladigan taklif va tavsiyalar ham amaliyotga joriy etilib, tizim yana-da takomillashtiriladi.

Shu bilan birga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan, ularning normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan maʼlumotlarni Internet tarmogʻiga joylashtirish (eʼlon qilish) boʻyicha majburiyatlari hisobini yuritish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan ommaviy axborot vositalari orqali samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish boʻyicha choralarning ishlab chiqilishi va joriy etilishiga koʻmaklashish hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlaridan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni “Mening fikrim” veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqarish kabi vazifalar yuklatilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Farmonning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida koʻrsatilgan talablarni muntazam ravishda bajarishini taʼminlovchi yaxlit tizim ishga tushiriladi.

Zuhra IBRAGIMOVA,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Spikerining oʻrinbosari,
“Adolat” SDP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?