Davlat xizmatlari koʻrsatishda aholiga qanday qulayliklar yaratilmoqda?

15:52 29 May 2024 Jamiyat
323 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”. Buxoro viloyat adliya boshqarmasida mamlakatimiz Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

— Fuqarolarning huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, ularga koʻrsatilayotgan davlat va huquqiy xizmatlar koʻlamini kengaytirishda adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish maqsadi koʻzda tutilgan mazkur Farmonga muvofiq, vazirlikning qoʻshimcha toʻrtta yangi faoliyat yoʻnalishlari belgilandi, — dedi tadbirda soʻz olgan viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi Mirjon Isayev. — Shuningdek, adliya boʻlimlari zimmasiga 6 ta yangi vazifa yuklatilmoqda.Chunonchi, aholi muammolarini oʻrganish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlarini oʻtkaziladi. Bunda olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini koʻrsatib boriladi.

Uyma-uy yurish va “Huquqiy koʻmak” aksiyalarini oʻtkazish orqali fuqarolarning kundalik hayotidagi huquqiy muammolarni bartaraf etish boʻyicha qonunchilikka takliflar ishlab chiqish, “Online-mahalla” platformasi orqali huquqiy masalalarga oid muammolarni hal etib borish, aholiga bepul birlamchi yuridik yordam koʻrsatilishini taʼminlash va ularga huquqiy tushuntirishlar berish, yoshlar, ayollar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar haqida xabardor qilish, tuman (shahar) tashkilotlari hamda mahalla idoralariga yagona huquqni qoʻllash amaliyoti boʻyicha metodik yordam koʻrsatib borish ham yangi vazifalar sirasiga kiradi.

Tadbirda yana bir qulaylik haqida toʻxtalib oʻtildi. Bu davlat xizmatlarini koʻrsatishda Face-ID tizimi joriy qilinishidir. Face-ID — bu biror davlat xizmatidan foydalanmoqchi boʻlgan fuqaroni uning yuzidan tanib, u haqidagi maʼlumotlarni avtomatik ravishda aniqlaydigan tizim hisoblanadi.

Hozirda u yoki bu fuqaro biror bir xizmat turidan foydalanish maqsadida Davlat xizmatlari markaziga kelganda uning shaxsini aniqlash uchun pasport yoki ID-karta talab qilinadi. Face-ID tizimi joriy etilgach, ushbu hujjatlarga zarurat boʻlmaydi, tizimning oʻzi fuqaroning kimligini aniqlab beradi.

Bu kabi qator oʻzgarishlar, albatta, fuqarolarning vaqti va mablagʻini tejashga xizmat qiladi, ularga qulaylik yaratadi.

Tadbirda shular haqida atroflicha maʼlumot berildi. Jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan masalalarga oydinlik kiritib olishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер