Davlat xizmatlarini koʻrsatish 716 turga yetadi

11:12 20 Iyul 2020 Jamiyat
235 0

Koʻp yillar davomida xalqimiz hujjatlar bilan bogʻliq masalalarini hal qilishda yagona tizim yoʻqligidan aziyat chekkan. Oddiy maʼlumotnoma yoki tadbirkorlik ishini boshlash uchun uzoq muddat eshikma eshik sarson boʻlganligini boshiga tushganlar yaxshi bilishadi. Keyinchalik Davlat xizmatlari markazlarining tashkil qilingani bois xalqimiz va ishbilarmonlarimizning yelkasiga oftob tegdi. Ishlari va yumushlari sanoqli daqiqalarda bitadigan boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi milliy agentligining tegishli Davlat xizmatlari yagona reyestri tasdiqlangan. Mazkur reyestrda 716 turdagi davlat xizmati keltirib oʻtiladi.

Ushbu reyestrda yaqin kelajakda tashkil qilinishi koʻzda tutilgan davlat xizmatlarining 130 turdan ortigʻi allaqachon amalda. Qolgan davlat xizmatlarining joriy etilishi esa mamlakatimizda bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi.

Birgina Fargʻona viloyatida joriy yilning olti oyi davomida aholiga koʻrsatilgan xizmatlar soni 453 ming 956 tani tashkil qildi. Bu esa kundan kunga davlat xizmatlariga boʻlgan talabning ortib borayotganidan dalolat.

Koʻrsatilgan davlat xizmatlarining statistik hisobotlariga eʼtibor beradigan boʻlsa, Fargʻonada eng koʻpi soliq toʻlovchining identifikatsion raqami (STIR) aniqlash, olish va oʻzgartirish – 118 ming, Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish – 34 ming, jismoniy shaxslarga, yaʼni elektron raqamli imzo sertifikatini berish – 44 ming, shuningdek, koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish – 21 mingtani tashkil etmoqda.

Markazlardan olis 20-50 kilometr uzoqlikda joylashgan hududlardagi qishloq aholisi uchun qulaylik yaratish maqsadida tashkil qilingan 4 ta Markaz filiali tomonidan 1 ming 223 ta davlat xizmati koʻrsatildi. 2020-yilda yana 6 ta shunday filiallar tashkil qilish rejalashtirilgan. Olis, qatnov qiyin,noqulay boʻlgan qishloq va mahallalarda sayyor xizmatlar muntazam tashkil etib borilayotir.

Amalga oshirilgan ishlarga qaramay, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida baʼzi qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilayotganligi aniqlanib, ular yuzasidan tegishli taʼsir choralari qoʻllanildi.

Davlat xizmatlari markazlari orqali davlat xizmatlarini oʻz vaqtida joriy etish choralarini koʻrmaganligi uchun Agentlik tomonidan Transport, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligining bir qator masʼul xodimlari maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Xususan, 2020-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida jami 1 ming 247 ta qonun buzilish holati aniqlandi. Mazkur qonun buzilishlarning aksariyati yaʼni, 211 tasi kadastr, 68 tasi gaz taʼminoti, 425 tasi ichimlik va issiq suv taʼminoti, 70 tasi elektr taʼminoti idorasining hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan vakolatli idoralarga 36 ta taqdimnoma, 109 ta ogohnoma kiritildi va 80 ta maʼmuriy jarima qoʻllanildi. 

Bundan tashqari, davlat xizmatlari koʻrsatish jarayoni ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborilgan arizalarni koʻrib chiqishda vakolatli organlar tomonidan qonun buzilishi holatiga yoʻl qoʻyilgan taqdirda fuqarolar mustaqil ravishda Agentlikka xabar berish imkoniyati yaratilgan.

Shuningdek, Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushgan arizalarni oʻz vaqtida koʻrib chiqmaslik yoki noqonuniy rad qilish holatlarini dxa.gov.uz elektron tizimda onlayn ravishda aks ettirish tartibi yaratildi.

Sodirjon Ibragimov,
DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi
boʻlim boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?