Davlat xizmatlari qamrovi va tezkorligini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi

22:47 10 May 2021 Siyosat
1013 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-may kuni davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi islohotlar natijadorligiga oid taqdimot bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq, 2018-yil 1-apreldan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilib, yangi konsepsiya asosida ishlashni boshlagan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida agentlik tizimi takomillashib, xizmat qamrovi kengayib bordi.

Xususan, endi ish boshlangan paytda xizmat turlari 37 ta boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ular 157 taga yetgan. Aholiga kuniga oʻrtacha 57 mingtadan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda.

Buning uchun 117 ta qonun hujjatlari ishlab chiqilib, soha isloh qilindi. 70 dan ziyod davlat xizmati soddalashtirildi. Talab etiladigan hujjatlar soni 221 tadan 95 taga, xizmat koʻrsatishning umumiy muddati qariyb 500 kundan 271 kunga qisqartirildi. Bularning barchasi aholiga katta qulaylik yaratmoqda.

Hududlarda davlat xizmatlari markazlari uchun 145 ta yangi bino va 115 ta filial barpo etildi. Fuqarolik holati dalolatnomalari arxividagi 60 million dona qogʻoz shaklidagi maʼlumotlar toʻliq raqamlashtirildi.

Shu bilan birga, xizmatlar qamrovi va tezkorligini oshirish uchun hal etilishi lozim boʻlgan muammolar ham bor. Masalan, zarur maʼlumotlar toʻliq raqamlashtirilmaganligi sababli atigi 11 foiz xizmatlar elektron shaklda koʻrsatilmoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali 30 turdagi xizmat koʻrsatish mumkin, xolos. Undan atigi 11 tasi interaktiv xizmatlar. Elektron identifikatsiya tizimi hamda elektron raqamli imzo bilan ishlash rivojlanmagan.

Taqdimotda shu kabi muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari sohani yana-da rivojlantirish, aholiga qulayliklarni oshirish boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Xorijiy tajriba asosida, shu yil yakunigacha davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan xizmatlar sonini 200 taga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Barcha 716 ta davlat xizmatini inventarizatsiya qilib, ularning muddatlari, toʻlov miqdorlari, shartlari va boshqa talablarini soddalashtirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

– Davlat idoralarining xalqimizga xizmati odamlarni rozi qilishning asoslaridan biri. Qaysi qishloqda, mahallada qaysi xizmatga ehtiyoj borligiga qarab, shunga sharoit yaratish kerak. Qaysi xizmatlarni arzonlashtirish, qaysilarini bepul qilish masalasini tahlil etib, aholiga yengillik va qulaylik yaratish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Idoralararo integratsiya darajasini oshirish, buning uchun davlat xizmatlari uchun toʻlovlarning 20 foizini tashkilotlarning axborot texnologiyalari tizimini rivojlantirishga yoʻnaltirish, qogʻoz shaklidagi arxiv hujjatlarini raqamlashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Elektron raqamli imzo bilan ishlash tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari portalining mobil ilovasini rivojlantirish, nogironligi boʻlgan shaxslarga toʻlovlarda chegirma berish choralari belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?