Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi vakillarining joylarda ochiq muloqot va sayyor qabullari boshlandi

16:08 04 Oktyabr 2023 Jamiyat
194 0

Dastlabki uchrashuv Fargʻona davlat universitetida, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchi kurs talabalari uchun tashkil etildi.

Talantli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga jalb qilish, ularni sohaga qiziqtirish maqsadida tashkil etilgan muloqot avvalida talabalarga sohadagi oʻzgarishlar, "Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunning mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berildi. Davlat fuqarolik xizmatida ishlashning ahamiyati, meritokratiya tamoyili asosida ishga kirish tartibi boʻyicha fikr-mulohazalar almashildi.

— Universitetni bitiryapmiz, ishga joylashishni oʻylab yurgandik, muloqot oʻz vaqtida tashkil etildi va biz uchun samarali boʻldi. Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portalining imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumotga ega boʻldik. Ishga kirishda shaffoflik, adolat, tenglik yaratilgani bizni xursand qildi, — deydi Fargʻona davlat universiteti 4-bosqich talabasi Islomxon Jahongirov.

Ahamiyatlisi, bugun talabalar Fargʻona davlat universiteti Axborot resurs markazida Davlat xizmatining yagona elektron axborot-tahlil tizimi — test.argos.uz orqali namunaviy test sinovidan oʻtishdi. Talabalar oʻz bilimini qay darajada ekanligini aniqlab olib, oʻz ustida yanada koʻproq ishlash kerakligini anglashdi.

Maʼlumot uchun, test savollari axborot texnologiyalari, iqtisodiyot, maʼnaviyat, siyosiy-huquqiy yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan.

Shuningdek, muloqotda ishtirok etayotgan viloyatdagi boshqarma va tashkilotlarning Inson resurslari boʻyicha masʼul rahbarlari mehnat bozoriga kirib kelishi kutilayotgan yoshlar bilan suhbatlashishdi.

Fargʻona uchun tashkil etilgan Dastur doirasida viloyatdagi davlat fuqarolik xizmatiga tanlov asosida ishga kirishdagi ochiqlik va shaffoflik tamoyilidagi mavjud kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etish yuzasidan ochiq muloqot, davlat fuqarolik xizmati sohasida faoliyat yuritib kelayotgan davlat xizmatchilarini huquqiy va ijtimoiy jihatdan ximoya qilish maqsadida Sayyor qabul, davlat xizmatiga birinchi marotaba kirayotgan nomzodlar uchun “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etish rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?