Davlat xizmatiga qabul qilingan tadbirkorlar faoliyatini toʻxtatib turishning huquqiy asoslari yaratilmoqda

17:01 09 Dekabr 2022 Jamiyat
567 0

Foto: Arxiv surat

Tadbirkor davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinganidan soʻng tadbirkorlik faoliyatini toʻxtatib turish tartibini belgilab beruvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Loyihada quyidagilar belgilanmoqda:

— davlat fuqarolik xizmatchisi oʻzining biznesi mavjudligi haqida vakolatli organlarni xabardor qiladi va tadbirkorlik faoliyatini toʻxtatib turishning shakllaridan birini tanlaydi;

— davlat fuqarolik xizmatchisiga oʻzining mehnat faoliyatida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha majburiyat yuklatiladi;

— tadbirkorlik faoliyatini toʻxtatib turish holati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan monitoring qilib boriladi;

— oʻzining biznesi mavjudligi faktini yashirganlik holatlari aniqlanganda, davlat fuqarolik xizmatchisiga 10 kun muddat beriladi va xizmatchi ushbu muddat ichida tadbirkorlik faoliyatini toʻxtatadi yoki davlat xizmatidagi faoliyatini yakunlaydi.

Davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyatini toʻxtatib turishning quyidagi shakllaridan birini tanlaydi:

— agar davlat fuqarolik xizmatchisi xususiy korxona mulkdori boʻlsa, korxonadagi rahbarlik vazifasini bajarib turishni boshqa jismoniy shaxs zimmasiga yuklash, yaʼni korxonani vaqtincha boshqaruvga berish boʻyicha qaror chiqarish;

— mol-mulkni ishonchli boshqaruvga topshirish;

Fuqarolik qonunchiligiga asosan ishonchli boshqarish obyektlari korxonalar va boshqa mol-mulk komplekslari, koʻchmas mulkka mansub boʻlgan alohida obyektlar, qimmatli qogʻozlar, alohida huquqlar va boshqa mol-mulkdan iborat boʻlishi mumkin.

— tadbirkorlik faoliyati subyektining muassislari (ishtirokchilari) tarkibidan ixtiyoriy ravishda chiqish.

— boshqaruvga berish amaliyoti koʻpchilik xorijiy davlatlarda (Qozogʻiston, Gruziya, Rossiya Federatsiyasi, Kanada, Janubiy Koreya) yoʻlga qoʻyilgan.

Davlat fuqarolik xizmatchisi oʻzi ishlaydigan davlat organining nazorat ostidagi tashkilot ulushlariga egalik qilayotgan boʻlsa, mol-mulkni ishonchli (vaqtincha) boshqaruvga berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunday hollarda xizmatchi ularni realizatsiya qilishi yoki davlat xizmatidan ketishi kerak boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?