Davlat xizmatchilariga tadbirkorlik muassisi boʻlishi taqiqlanadi

11:19 09 Avgust 2022 Jamiyat
470 0

Foto: Arxiv surat

“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–788-son, 08.08.2022-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan davlat organlarida fuqarolik xizmatini oʻtash tartibi, ushbu sohadagi davlat boshqaruvi, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi belgilandi.

Davlat fuqarolik xizmatini oʻtashda mazkur Qonun bilan tartibga solinmagan munosabatlarga Mehnat kodeksi qoʻllaniladi.

Davlat xizmatchisi oʻz rahbarining noqonuniy topshiriq va talablarini bajarishdan bosh tortish, korrupsiya haqida xabar berganda davlat himoyasida boʻlish huquqiga ega.

Davlat xizmatchisi tadbirkorlik bilan shugʻullanishi, ularning muassisi boʻlishi, Oʻzbekistondan tashqarida hisobvaraqlar ochishi, chet elda koʻchmas mulk olishi taqiqlanadi.

Davlat xizmatchisi daromadlari va mol-mulki toʻgʻrisida deklaratsiya berishi kerak.

Prezident tomonidan tasdiqlanadigan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining reyestri Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan yuritiladi.

Davlat xizmatiga davlat tilini biladigan, tegishli malaka talablariga javob beradigan Oʻzbekiston fuqarolari qabul qilinadi.

Davlat xizmatchilari uchun 5 kunlik ish haftasi va haftasiga 40 soatdan oshmaydigan ish davomiyligi belgilanadi.

Davlat xizmatchilariga haq toʻlash quyidagilardan iborat:

— bazaviy lavozim maoshi;

— koʻp yillik xizmati uchun qoʻshimcha toʻlov;

— malaka darajasi uchun qoʻshimcha toʻlov;

— eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarga erishganlik uchun ustama;

— hisobot davri yakunlari boʻyicha ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar.

Davlat xizmatchilariga hayfsan, jarima, ishdan boʻshatish bilan bir qatorda malaka darajasini pasaytirish va lavozimini pasaytirish tarzidagi intizomiy jazolar ham qoʻllaniladi.

Davlat xizmatchilariga 27 kundan kam boʻlmagan yillik asosiy taʼtil beriladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?