Davlat xaridlari tartibga solinadi — D.Gʻaniyev

15:40 16 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
376 0

Rivojlangan demokratik jamiyatlarda kabi soʻngi yillarda yurtimizda ham davlat mablagʻlari sarflanishiga nisbatan fuqarolarda befarqlik hissi yoʻqolib, davlat xaridlari ustidan jamoatchilik nazorati kuchayib bormoqda. Buni soʻnggi kunlarda davlat organlari, vazirliklar, mahalliy hokimiyatlar yoki davlat ulushiga esa tashkilotlar tomonidan asossiz, qimmat yoki korrupsiya ehtimoli yuqori boʻlgan xaridlar amalga oshirilganligiga oid xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamalarga sabab boʻlayotganida ham koʻrish mumkin. Shu bilan birga bu eʼtirozlar davlat xaridlariga oid amaldagi qonunchilikda kamchiliklar mavjudligi, xaridlar yetarlicha ochiq va shaffof emasligi, korrupsiyaga keng imkoniyat qoldirilganligini ham anglatmoqda.

Shu bois, davlatimiz rahbarining PF-5729-sonli farmoniga asosan davlat xaridlari tizimini yana-da takomillashtirish, sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, xaridlar jarayonini soddalashtirish va raqamlashtirish, korrupsiya holatlarini bartaraf etish, shuningdek, davlat xaridlari tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilash va ular ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi loyihasi Moliya Vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Oliy Majlis qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi.

Quvonarlisi, yangi qonun loyihasida demokratik prinsiplarga asoslangan bir qator ijobiy takliflar ilgari surilmoqda. Jumladan:

“Olmaliq KMK” AJ, «Oʻzbekneftgaz» AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Uzbekistan Airways” AJ kabi strategik ahamiyatga ega boʻlgan 24 ta yirik xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar xaridlari ham endi qonunga muvofiq belgilangan tartib asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda. Maʼlumot uchun, ushbu strategik ahamiyatga ega xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar tomonidan 2019-yilda 47 599 mlrd. soʻmlik yoki YAIMning 9,3 foiziga teng davlat xaridlari amalga oshirilgan. Bu esa oʻtgan yilgi jami davlat xaridlarining 48 foiziga teng.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq korporativ buyurtmachilar sifatida davlat korxonalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar hamda ular 50 %dan ortiq ulushga ega boʻlgan yuridik shaxslar belgilangan. Lekin amaliyotda ushbu tashkilotlar tomonidan “nabira” tashkilotlar yoki ulushlar yigʻindisi sifatidagi tashkilotlar tashkil etish holatlari kuzatilmoqda. Misol uchun, «Oʻzavtosanoat» AJ 100 % davlat ulushiga ega yuridik shaxs va oʻz navbatida jamiyat «Uzavtokomponents» MCHJda 100 % ulushga ega. «Uzavtokomponents» MCHJ esa “UzAutoMotors”ga ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi “Uzsungwoo” MCHJ, “Uz-Koram kompani” MCHJ va «Avtooyna» MCHJ kabi bir qator korxonlarada ulushga (50 %dan ortiq) ega. Lekin amaldagi tartibga koʻra bu kabi davlat ulushiga ega “nabira” korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan xaridlar ustidan nazorat oʻrnatish imkoni yoʻq, natijada bu korxonalar xaridlarida korrupsiyani rivojlanishiga hamda asli davlatniki boʻlgan mablagʻlarning osonlikcha talon-toroj qilinishiga imkoniyat qoldirmoqda. Shu sabab, yangi qonun loyihasida davlat ulushi bevosita yeki bilvosita 50 %dan ortiq boʻlgan barcha turdagi korxonalar ham endi davlat, korporativ buyurtmachi sifatida belgilash kuzda tutilmoqda.

Amaldagi Qonunga muvofiq hozirda xaridlarning faqatgina 2 ta turi (elektron doʻkon va auksion) elektron shaklda amalga oshirilishi belgilangan boʻlsa, yangi Qonun loyihasida davlat xaridlarini amalga oshirishning barcha turlari, shu jumladan, tender, eng yaxshi takliflarni tanlash savdolari oʻrnatilgan tartibda elektron shaklda amalga oshirilishi belgilanmoqda. Bu esa xaridlarda inson omili ishtirokini qisqartirishga imkon yaratadi.

Davlat xaridlarida ishtirok etayotgan tadbirkorlik subyektlarining asl egalari kimligiga oid maʼlumotlar jamoatchilikdan yashirilishi sohadagi yana bir asosiy muammolardan hisoblanadi. Shu bois yangi qonun loyihasida yana-da shaffoflikni taʼminlash va korrupsion holatlarni bartaraf etish maqsadida benefitsiar mulkdorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ochiqlanishi belgilanmoqda.

Aksariyat davlat buyurtmachilarining eʼtirozlaridan kelib chiqib, xaridlarni amalga oshirish muddatlari qisqartirilmoqda (masalan, elektron bozor 48 soatdan bir ish kuniga, auksionlar kamida oʻn kunlik talabdan kamida besh kunga).

Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlardan keng jamoatchilikning erkin foydalanish imkoniyati yaratish maqsadida davlat xaridlariga oid barcha maʼlumotlarni jamlash, tahlil qilish va monitoring yuritish imkoni beruvchi maxsus axborot portalining yaratilishi koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, Maxsus axborot portalida davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish, davlat xaridlari monitoringini olib borish va nazorat qilish jarayonlari tizimlashtiriladi.

Bundan tashqari davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun davlat xaridi subyektlari va ularning mansabdor shaxslariga javobgarlik belgilash maqsadida MJT Kodeksning tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Byudjet mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanish parlament nazorati rolini oshirish maqsadida amalga oshirilgan barcha davlat xaridlari ustidan Hisob palatasi tomonidan auditdan oʻtkaziladi va har yilning yakuni boʻyicha audit natijalarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi hamda ochiq axborot manbalarda eʼlon qilib boriladi.

Hozirda Qonun loyihasi fraksiyalar tomonidan koʻrib chiqilmoqda hamda Palataning navbatdagi yalpi yigʻilishida birinchi oʻqishda konseptual jihatdan muhokama qilinishi kutilmoqda. Masʼul deputat sifatida qonun loyihasini yalpi yigʻilish muhokamalariga tayyorlash menga biriktirildi. Shu bois, qonun loyihasi, umuman davlat xaridlari sohasi boʻyicha asoslangan taklif va mulohazalaringiz boʻlsa, yuborishingiz soʻragan boʻlardim.

Doniyor Gʻaniyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?