Davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2021-yilda 30 foiz, 2023-yilda 65 foiz va 2025-yilda 75 foizga qisqartiriladi

01:15 03 Iyul 2021 Iqtisodiyot
695 0

Bu haqda kecha, 2-iyul kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligida Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan «Demonopalizatsiya va davlat mulkini xususiylashtirish masalalari» mavzusida oʻtkazilgan davra suhbatida aytib oʻtildi.

Unda Senat aʼzolari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi masʼullari, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni hamda Savdo-sanoat palatasi vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida joriy yilning 1-iyul kuni Prezidentimiz raisligida davlat aktivlarini xususiylashtirish sohasidagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalarga urgʻu berildi.

Qayd etilganidek, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk rolini yana-da mustahkamlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni amalga oshirishdir.

Taʼkidlash lozimki, davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va amalda davlat aktivlarini ochiq-oshkora va samarali sotish uchun, xalqaro moliyaviy va huquqiy maslahatchilarni jalb etish yuzasidan davlatimiz rahbari tomonidan vazifalar belgilandi va bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinib, 556 ta davlat aktivi xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va jozibadorligini oshirgan holda xususiy sektorga toʻliqligicha ommaviy savdolar orqali sotilishi hamda agentlik tomonidan 39 ta korxonada korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etgan holda ularning operatsion samaradorligi oshirilishi belgilangan.

Qolaversa, davlatimiz rahbarining 2020-yildagi 11-fevraldagi “Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yana-da jadallashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan 29 ta yirik davlat aktivi, jumladan, “Qizil suv sport sogʻlomlashtirish” MCHJ, «Beldirsoy», «Chorvaq», “Sijjak” dam olish maskanlari, «Ichan qalʼa» mehmonxona majmuasi, “Poytaxt” biznes majmuasi va boshqa davlat aktivlarini sotish nazarda tutilgan.

Farmonlar ijrosi yuzasidan bugungi kunda 541 ta davlat ulushi mavjud korxonaning 247 tasi 2,3 trln soʻm qiymatda savdoga chiqarilib, shundan, 115 tasi 611,2 mlrd soʻmga sotildi.

Bundan tashqari, “Sosa-sola Ichimligi” korxonasi, «Oʻzagroeksportbank» va “Poytaxt bank” tijorat banklari, “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi”, “Kvars”, “Trest-12” korxonalari va “Kafolat” sugʻurta kompaniyasining davlat ulushlarini sotish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi «2021-2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq, davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan “sot yoki tushuntir” tamoyili amaliyotga joriy etiladi. Natijada davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2021-yilda 30 foiz, 2023-yilda 65 foiz va 2025-yilda 75 foizga qisqarishi rejalashtirilgan.

Davra suhbatida korporativ boshqaruv, davlat korxonalarini qayta tashkil etish va sohada mavjud muammolarni aniqlash, fikr almashish va zamonaviy yondashuv hamda usullar asosida agentlik faoliyatini tashkil etishning asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish boʻyicha ekspert Kengashini tuzish maqsadga muvofiqligi bildirildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi va “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi qonunlarini ishlab chiqish hamda autsorsing, kraudsorsing, davlat ijtimoiy buyurtmasi, akkreditatsiya, sertifikatlashtirish va boshqa usullar orqali davlat funksiyalarini bosqichma-bosqich xususiy sektorga oʻtkazish asosida iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish va samarali raqobat muhitini shakllantirish hamda tadbirkorlar uchun yana-da qulay shart-sharoitlar yaratish takliflari oʻrtaga tashlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?