Davlat fuqarolik xizmatiga ishonch yana-da ortmoqda

22:19 11 May 2021 Jamiyat
704 0

Ilhom Qurbonov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departament mudiri:

— Soʻnggi yillarda mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan davlat boshqaruvi va xoʻjalik funksiyalarini birga qoʻshib olib borish amaliyotidan voz kechish, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash hamda ijtimoiy taʼminlashning zamonaviy tizimini yaratish boʻyicha choralar koʻrilmoqda.

Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlarining malakali mutaxassislar bilan yetarli darajada taʼminlashga, kadrlar malakasining yuklatilgan vazifalar va zamonaviy ehtiyojlarga muvofiqligiga, qabul qilinayotgan qarorlar sifatining oshishiga olib kelayotgan bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, davlat fuqarolik xizmatini, shu jumladan nomzodlarni ochiq mustaqil tanlov orqali saralab olish jarayonini kompleks huquqiy tartibga solishni taʼminlovchi, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilarining ish samaradorligi va kompetensiyasini baholovchi mezonlarni, ularning malakasini oshirishga boʻlgan talablar yuzasidan samarali mexanizmlar sohaga tatbiq etilyapti.

Davlat fuqarolik xizmati masalalari boʻyicha vakolatli organ — Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etilib, uning tashabbusi bilan davlat organlari va tashkilotlarida yagona kadrlar siyosatini olib borishga, xodimlarni samarali boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishga, malakali kadrlar zaxirasini raqobat asosida shakllantirishga hamda ular tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining vakant lavozimlari oʻz vaqtida egallanishiga yoʻl ochilmoqda.

Bundan tashqari, davlat fuqarolik xizmatiga kirishda barcha fuqarolarning teng imkoniyatlardan foydalanishini hamda davlat fuqarolik xizmatida professional sifatlar va alohida xizmatlar asosida koʻtarilib borishni taʼminlaydigan nomzodlarni saralab olishning shaffof mexanizmlari shakllantirildi.

Shuningdek, aholi, ayniqsa yoshlar orasida barcha darajalardagi davlat fuqarolik xizmati nufuzini oshirish, korrupsiyaning yuzaga kelishi, rasmiyatchilik va byurokratiyaga imkon beruvchi sharoitlarni yoʻq qilish maqsadida davlat fuqarolik xizmatchilarini munosib ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilishning munosib darajasini kafolatlash choralari koʻrilyapti.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida inson resurslarini rivojlantirishga oid, xususan, davlat boshqaruvi sohasini isloh qilish borasidagi ishlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish, davlat xizmatchilarini muntazam oʻqitish hamda bilimini baholab borish tizimini yoʻlga qoʻyish, kadrlarni tanlashda ochiq va oshkora tanlov tizimini joriy etish, kadrlarni bilimli, qatʼiyatli, korrupsiyaga toqatsiz qilib tayyorlash borasida qator vazifalar belgilab berildi.

Shu maqsadda, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan kadrlarni tanlashda eski usullardan voz kechib, ularning intellektual salohiyatini, maʼnaviy fazilatlarini baholaydigan ochiq va oshkora tanlov tizimini joriy etishga qaratilgan ishlar jadallashtirildi. Agentlik tomonidan bir qator davlat idoralari bilan hamkorlikda davlat fuqarolik xizmatiga kirishda inson omilini kamaytirish hamda barcha fuqarolarning teng imkoniyatlar yaratish maqsadida Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz platformasi ishlab chiqildi.

Mazkur portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni egallash uchun nomzodlarning ochiq mustaqil tanlovlarini tashkil etadigan elektron tizim boʻlib, Internet tarmogʻida “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat koʻrsatadi.

Portal Oʻzbekiston fuqarolariga vakant lavozimlarga elektron tarzda hujjat topshirish imkoniyatini beradi hamda nomzodlarni davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishida inson omilini minimal darajaga tushirishga xizmat qiladi.

Hozirgi kunga qadar mazkur portalga 50 ta vazirlik va idora, 12 ta viloyat hamda 190 ta tuman (shahar) hokimliklari ulangan boʻlib, mavjud 3 415 ta vakant lavozimlar boʻyicha ochiq tanlovlar eʼlon qilingan. Ushbu vakant lavozimlarga jami 60 mingdan ortiq nomzoddan hujjatlar kelib tushgan boʻlib, bitta vakant lavozim oʻringa oʻrtacha 17-20 kishi hujjat topshirgan.

Davlat xizmatiga kirish uchun hujjat topshirgan nomzodlarning 25 foizi, yaʼni 15 mingdan ortigʻi xotin-qizlarni tashkil etadi.

1 035 nafar tanlov gʻoliblarining 373 nafari (36 %) — 30 yoshgacha boʻlgan, 169 nafari (16 %) davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlarni tashkil etadi. Portal faoliyati yoʻlga qoʻyilgandan buyon, bir kunda oʻrtacha 2-3 nafar fuqaro davlat xizmatiga ochiq tanlov orqali ishga qabul qilinmoqda.

Xususan, portal orqali davlat organlarining markaziy apparatlariga, jumladan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga 25 nafar, Qishloq xoʻjaligi vazirligiga 49 nafar, Moliya vazirligiga 20 nafar, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga 9 nafar, Suv xoʻjaligi vazirligiga 6 nafar, Davlat soliq qoʻmitasiga 5 nafar malakali kadrlar ishga qabul qilindi.

Vakant lavozimlar uchun tanlovlar nafaqat mutaxassis kadrlar, balki rahbar lavozimlar boʻyicha ham oʻtkazilmoqda. Jumladan, bugungi kunga qadar, Boʻka, Bekobod va Yangiariq tumanlari hokimi oʻrinbosarlari lavozimlariga ochiq mustaqil tanlov asosida kadrlar ishga qabul qilindi.

Vakant lavozimlar ochiq portali faoliyatini yoshlar, ayniqsa oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilari hamda magistratura yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar oʻrtasida keng targʻib etish jarayonida, ular tomonidan kadrlarni tanlash va lavozimga qoʻyish boʻyicha ushbu tizimning yoʻlga qoʻyilgani kelgusida yosh kadrlarning davlat xizmatiga boʻlgan ishonchining ortishi, salohiyatli kadrlarning davlat organlariga ishga kirishda ishtiyoqining oshishiga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Shu kabi vazifalarni oʻz vaqtida va samarali bajarishda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun masʼul organ sifatida vazirlik, idoralar hamda mahalliy hokimliklarning salohiyatli kadrlar boʻlinmalariga tayanadi. Shu maqsadda, Agentlik davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarishda va inson resurslarini rivojlantirish sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan keng koʻlamli ishlarni amaliyotga tatbiq etib kelmoqda.

Tashkilotlarning kadrlar boʻlinmalari tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarida yuksak kasbiy axloq-odobni, korrupsiyaga qarshi turish madaniyatini va unga toqatsiz munosabatni shakllantirish borasidagi tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Shu bilan birga, doimiy ravishda kadrlar boʻlinmalari rahbarlarining malakasini oshirishga qaratilgan maxsus kurslar tashkil etilib, uning yakunida davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish jarayonlari va istiqbollarini monitoring va tahlil qilish hamda ushbu sohadagi muammolar va tahdidlarning oldini olish, ochiqlik, professionallik va hisobdorlik tamoyillariga asoslangan xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishning innovatsion usullarini joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish amaliyoti joriy etildi. Bu esa davlat fuqarolik xizmatining oʻsish nuqtalarini belgilash, sohani yana-da rivojlantirish hamda sifat koʻrsatkichlarining oshishiga xizmat qilmoqda.

Murod Aminov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati filiali bosh inspektori lavozimiga oʻtkazilgan ochiq mustaqil tanlov gʻolibi:

— Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining ushbu tashabbusi malakali kadrlar zaxirasini raqobat asosida shakllantirishga hamda ular tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining vakant lavozimlari oʻz vaqtida egallanishiga yoʻl ochilmoqda. Bu oʻz navbatida nomzodlardan yuksak salohiyat talab etadi. Men ham davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz platformasi orqali ishga joylashish uchun ariza topshirdim. Muhimi, jarayonlar shaffof, adolatli mexanizm asosida amalga oshirildi. Ushbu ochiq jarayon kadrlar bilan ishlashning zamonaviy tamoyillariga asoslanganligi sabab, korrupsiyadan ham yiroq. Bu ayniqsa, biz — yosh kadrlarga davlat xizmatiga boʻlgan ishonchni yana-da oshirmoqda, bu esa oʻzimizga boʻlgan ishonchning yuksalishiga sabab boʻlmoqda.

Surayyo Sherqoʻziyeva, Jizzax shahar hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimiga oʻtkazilgan ochiq mustaqil tanlov gʻolibi:

— Inson resursini rivojlantirish borasida mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan amaliy ishlar sezilarli darajada oʻzgardi. Agentlik davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarishda va inson resurslarini rivojlantirish sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan keng koʻlamli ishlarni amaliyotga tatbiq etib kelmoqda. Vakant lavozimlarning yagona ochiq portali ana shu ezgu ishning amaliy ifodasi boʻldi. Menda ham ushbu ochiq va oshkora tizimli tanlovlar orqali karyeramni davom ettirishga ishtiyoq tugʻildi va u orqali oʻzimni sinab koʻrdim. Yosh kadr sifatida aytishim mumkinki, ilgari oliy taʼlim muassasasida oʻqib yurgan kezlarimda menda juda katta savol bor edi: kelajakda qanday ish topaman, davlat xizmatiga kirish qanchalik shaffof ekan, degan. Tengdoshlarimga bitta maslahatim bor: ortiqcha maʼlumotnomalar yigʻishni toʻxtating va davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona platformasi orqali davlat fuqarolik xizmatiga kirishga shoshiling!

Abrorjon Oʻktamov, Xalq taʼlimi vazirligi Progressiv pedagogik texnologiyalar va taʼlim sohasida yangi tashabbuslarni joriy etish boʻlimi boshligʻi lavozimiga oʻtkazilgan ochiq mustaqil tanlov gʻolibi:

— Davlat idoralariga tajribali kadr, bizga oʻxshagan yoshlarga esa munosib mehnat sharoitlari kerak. Ochigʻi, rivojlangan aksar davlatlarning ishga qabul qilish jarayonlariga havas qilardim. Ochiq, onlayn, kuchli raqobat. Aynan davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz platformasi haqida oʻqib xursand boʻldim. Bu platforma Oʻzbekistonda kadrlarni ishga qabul qilish siyosatida oʻziga xos tub burilish boʻlganligini angladim. Va sinab koʻrdim. Barcha bosqichlar onlayn tarzda oʻtdi va men tanlov gʻolibi boʻldim. Bugun ushbu ochiq portal faoliyatini yoshlar, ayniqsa oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilari hamda magistratura yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar oʻrtasida keng targʻib etish ayni muddao deb oʻylayman. Bu mexanizm orqali yoshlarning davlat xizmatiga boʻlgan ishonchi ortadi va salohiyatli kadrlarning saralab olinishiga erishadi. Natijada salohiyatli kadrlar qoʻli bilan hukumat va xalq oʻrtasida oʻzaro ishonch paydo boʻlib, mavjud muammolarning bartaraf etilishi va yangi marralar sari dadil odimlanishiga erishiladi. Shuningdek, sohalarni yana-da rivojlantirish hamda sifat koʻrsatkichlarini yaxshilash imkoniyati koʻpayadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?