Davlat ekologik ekspertizasi: bugun va ertaga

09:58 23 Avgust 2022 Jamiyat
493 0

Foto: Arxiv surat

Oʻzbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertizasi toʻgʻrisida”gi qonuniga koʻra, respublika hududida rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik va boshqa xil faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash hamda obyektini roʻyobga chiqarish mumkinligini aniqlash majburiy hisoblanadi.

Davlat ekologiya qoʻmitasining ixtisoslashtirilgan ekspert boʻlinmalari tomonidan atrof muhitga taʼsir koʻrsatishning yuqori (I), oʻrta (II), past (III) va mahalliy (IV) toifalariga mansub faoliyat turlarini davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazishni tashkil qilish, ekspertizadan oʻtkazishga materiallarni tayyorlash va taqdim etish kabi xizmatlar amalga oshiriladi

Oʻzbekistonda davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish tizimi bundan 24 yil avval, yaʼni 1997-yili joriy etilgan. Aytish kerakki, ayni paytda zamon talabidan kelib chiqib bu borada qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentyabrdagi “Atrof-muhitga taʼsirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosidan kelib chiqib davlat ekologik ekspertizasi xulosalarini berish boʻyicha raqamlashtirilgan interaktiv xizmat joriy etildi.

Hozirgi globallashuv sharoitlaridan kelib chiqqan holda Respublikamizda investitsion loyihalarni amalga oshirish koʻlamini kengaytirish, xorijiy sarmoyadorlar uchun aniq va tushunarli atrof-muhitga taʼsirni baholash jarayonini tatbiq etish, qulay investitsion va ekologik muhit yaratish masalalari atrof-muhitga taʼsirini baholash hamda davlat ekologik ekspertizasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani konseptual ravishda takomillashtirish taqozo etmoqda.

Bugungi kunda Respublikamizda investitsion loyihalarni amalga oshirish koʻlamini kengaytirish, investorlar uchun aniq va tushunarli ekologik baholash tizimini tatbiq etish, ishlab chiqarish loyihalarining aholi sogʻligʻi va atrof-muhitga taʼsirini samarali baholashga toʻsqinlik qiluvchi qator omillar mavjud. Jumladan, Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtish jarayonida, faoliyat turiga muvofiq, qonunchilikdagi ekologik baholash va meʼyorlash talablari haqida xabardor qilish amaliyoti mavjud emas. Buning yaqqol dalili sifatida quyidagi raqamlarni keltirib oʻtish mumkin.

Davlat roʻyxatidan oʻtgan 656,1 mingta tadbirkorlik subyektidan
333,1 mingtasi (51 foizi) ekologik ekspertiza obyekti hisoblanib, shundan faqatgina 46,5 mingtasi (14 foizi) ekologik ekspertizadan oʻtkazilgan.

Atrof-muhitga taʼsiri yuqori va oʻrta toifaga (I va II-toifalar) mansub jami 30 210 ta obyektlar mavjud, hozirgi kunda shundan 24 797 ta obyekt (82,1 foizi) davlat ekologik ekspertiza bilan qamrab olinmagan.

Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi boʻlmay turib, loyihalarning bank va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan moliyalashtirilishi boʻyicha qonunbuzilish holatlari uchramoqda.

Shuningdek, Atrof-muhitga taʼsirni baholash boʻyicha yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi mavjud emas, boshqa davlat organlari (moliya, statistika, soliq, bank) axborot tizimlari bilan integratsiya qilinmagan.

Bundan tashqari, Bugungi kunda atrof-muhitga taʼsirni baholash boʻyicha materiallar va ekologik normativlar loyihalarini (I va II-toifalar uchun) ishlab chiquvchilar soni 256 tani, shundan 231 tasi (90,0 foizi) xususiy tashkilotlar tashkil etmoqda. Atrof muhitga taʼsirni baholash boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiquvchilarning javobgarligi, loyihalarning sifati hamda xodimlar malakasiga oid talablar qonunchilikda belgilanmagan.

Atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha vakolatli organ tomonidan loyiha ishlab chiquvchilarga nisbatan malaka sertifikati joriy etish va loyihachi tashkilotlar reytingini shakllantirish orqali mutaxassislar va ekspertlarning malakasini oshirish hamda ekspertizaga taqdim etiladigan loyiha hujjatlari sifatini taʼminlashga erishiladi.

Maʼlumot uchun: Chexiya, Slovakiya, Qozogʻiston va Xitoyda atrof muhitga taʼsirni baholash loyihalarini ishlab chiquvchilar faoliyati vakolatli organ tomonidan malaka sertifikati taqdim etish yoʻli bilan tartibga solinadi.

Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan holatlarni bartaraf etish maqsadida hozirgi kunda qator ustuvor vazifalar belgilab olindi. Xususan, Atrof muhitga taʼsirni baholashning elektron tizimini (eco-service.uz) statistika, soliq va kadastr idoralari hamda davlat xizmatlari koʻrsatish boʻyicha tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni davlat roʻyxatidan oʻtish jarayonidan boshlab faoliyat turiga muvofiq ekologik baholash va meʼyorlash talablari haqida xabardor qilish tartibini joriy etish shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, xalqaro va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda amaldagi qonunchilikni ekologik komponentlardan oqilona foydalanish nuqtayi nazaridan koʻrib chiqqan holda “Atrof-muhitga taʼsirni baholash toʻgʻrisida”gi milliy qonun loyihasi ishlab chiqilishi lozim.

Yangi Qonun loyihasini Espo va Orxus konvensiyalari talablari va strategik ekologik baholash toʻgʻrisidagi bayonnomada belgilangan masalalarni hisobga olgan holda ishlab chiqish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi Qonuni 2000-yil qabul qilinganligi inobatga olinsa, soʻnggi 20 yil davomida Respublikamizda iqtisodiy, ijtimoiy va sanoat taraqqiyotida sezilarli oʻzgarishlar roʻy berdi.

Ilgʻor xorijiy tajriba asosida atrof-muhitga taʼsirni oldindan baholashning ikki bosqichli (skrining va skouping) tizimini, texnik topshiriq asosida loyiha hujjatlarini ishlab chiqish zaruratini oldindan aniqlash tizimini joriy etish orqali, tadbirkorlarning ortiqcha mablagʻ va vaqt sarfini oldi olinadi.

Maʼlumot uchun: skrining – har bir loyihaga individual yondashishni koʻzda tutilishi hamda davlat idorasi tomonidan buyurtmachining arizasi asosida texnik topshiriqni ishlab chiqishda toʻliq atrof-muhitga taʼsirni baholash jarayonini oʻtkazish zaruriyati koʻrib chiqiladi;

Skouping – davlat idorasi tomonidan har bir loyiha boʻyicha atrof-muhitga taʼsirni baholashning barcha bosqichlarini qamrab olish, muhim boʻlib koʻringan muammolar va taʼsir doirasini aniqlash tushuniladi.

Moʻljallanayotgan faoliyatni skrining va skoupingdan oʻtkazishda xalqaro va xorijiy ilgʻor tajribaga asoslangan holda amal qilishi kafolatlanadi, shuningdek, jamoatchilik ekologik ekspertizasining huquqiy asoslari yaratiladi, tadbirkorlarning asoslanmagan kapital qoʻyilmalarni sarflanishi, atrof-muhitga boʻlayotgan salbiy taʼsir hamda qonunbuzilish holatlari oldi olinadi.

Mazkur loyihalarni amalga oshirilishi natijasida Davlat ekologiya qoʻmitasining ham milliy ham xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirishga erishiladi, shuningdek, Milliy qonunchilik bazasini takomillashtirish orqali “Transchegaraviy kontekstda atrof muhitga taʼsirni baholash toʻgʻrisidagi konvensiya”siga (1991-yil, Espo shahri) qoʻshilish imkoniyati yaratiladi.

Bahrom Xolxoʻjayev,

Davlat ekologik ekspertizasi markazi boʻlim boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?