Davlat dasturining 10 oylik ijrosi yuzasidan muqobil hisobot tayyorlandi

17:41 01 Dekabr 2022 Jamiyat
400 0

“Yuksalish” umummilliy harakati huzurida tashkil etilgan Mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhi tomonidan Taraqqiyot strategiyasini 2022-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturining 10 oylik ijrosi yuzasidan muqobil hisobot tayyorlandi.

Maʼlumot uchun: Davlat dasturi jami 398 ta banddan iborat boʻlib, unda 671 ta vazifalarni amalga oshirish boʻyicha aniq muddatlar belgilangan.

Joriy yilning oktyabr oyi davomida qoʻshimcha 16 ta band boʻyicha muhim vazifalar ijro muddati keldi.

Jami 1-noyabr holatiga 238 ta band boʻyicha 396 ta vazifa ijrosi taʼminlanishi zarur edi.

Aytish joizki, bu vaqt oraligʻida Davlat dasturining ijrosi doirasida koʻplab ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirildi.

Jumladan, 99-bandiga muvofiq atmosfera havosiga taʼsir xavfi yuqori boʻlgan 44 ta sanoat korxonalarining ifloslantirish manbalarida 69 ta avtomat stansiyalari hamda ularga tutash hududlarda jami 27 ta statsionar kuzatish punktlari oʻrnatilgan.

Shuningdek, yon atrofga oqovalar tashlovchi yirik sanoat korxonalarida 77 ta lokal oqova tozalash inshootlari qurilib, mavjudlari modernizatsiya qilingan. Bu oʻz navbatida, respublikamizda ekologik barqarorlikni nazorat qilishda tizimli faoliyatga zamin yaratadi.

Dasturning 31-bandiga asosan joriy yil 1-oktyabrdan boshlab IT sohasidagi startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun 1 milliard soʻmgacha boʻlgan grantlar ajratish tartibi joriy qilindi.

117-bandga muvofiq bank tizimidagi moliyaviy barqarorlikka oid maʼlumotlar ochiqligini taʼminlash doirasida Markaziy bank tomonidan 2022-yil birinchi yarim yillik natijalari boʻyicha Moliyaviy barqarorlik sharhi eʼlon qilindi.

201-band boʻyicha 2048 ta nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati yoʻlga quyildi. Bu esa, qariyb 90 000 nafar bolalarni oʻz uylariga yaqin masofadagi bogʻchalarga borish imkoniyatini yaratmoqda.

Bundan tashqari, Dasturning 349-bandiga asosan 11-noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkilotining ilk sammiti Samarqand shahrida yuqori saviyada tashkil etildi. Bu kabi anjumanlar mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini shakllanishida, pirovardida xalqimizning farovon hayotiga ijobiy taʼsirini koʻrsatmasdan qolmaydi.

Bu kabi misollarni deyarli barcha sohalarda keltirish mumkin, albatta. Bu borada shu kunga qadar Davlat dasturidagi jami 266 ta vazifalar ijrosi taʼminlangan.

Shu bilan birgalikda, Davlat dasturining ijrosida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarga eʼtiborni qaratmoqchiman. Biz Davlatimiz rahbari belgilab bergan asosiy vazifalar ijrosi ustidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatishdan maqsad qilganmiz.

Shunday ekan, eʼtiboringizni belgilangan muddatlarda toʻliq bajarilmagan bandlarga qaratmoqchiman. Monitoring davomida ijrosi toʻliq bajarilmagan bandlarni ikki guruhga ajratdik.

Yaʼni birinchi guruh vazifalar bu belgilangan muddatlarda qonunchilik hujjatlari loyihalari ishlab chiqilib, koʻrib chiqish yoki qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Parlament va Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan, lekin yakuniy qarorlar qabul qilinmagan vazifalardir.

Ikkinchi guruh vazifalar bu belgilangan muddatlarda normativ hujjatlar loyihalari lozim darajada ishlab chiqilmagan, amaliy choralar bajarilmagan bandlardir.

Demak, Davlat dasturining 105 ta vazifa yuzasidan hujjatlar loyihalari masʼul vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan va koʻrib chiqish yoki qabul qilish uchun tegishli idoralarga kiritilgan boʻlib, koʻrib chiqish jarayonida.

Masalan bu qanday hujjatlar?

— “Murojaatlarni koʻrib chiqish va nazorat qilish jarayonlariga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish toʻgʻrisida” Hukumat qarori loyihasi;

— “Oʻzbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga jamoatchilik nazoratining taʼsirchanligini oshirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonuni loyihasi;

— “Ommaviy axborot vositalari tahririyati xodimi va jurnalistning kasbiy faoliyati himoya qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida” qonun loyihasi

— “Sudyalar hamjamiyati organlari toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi kabi misollarni keltirish orqali ushbu vazifalarning dolzarb ahamiyatini koʻrishimiz mumkin.

Bajarilmay qolayotgan vazifalar. Davlat dasturida belgilangan 7 ta vazifa (73.3, 74.2, 77.1, 240, 286, 292.3 va 320 bandlar) bugungi kunga qadar bajarilmagan. Bu qaysi bandlar?

Xususan, 73-band boʻyicha “Hududgaztaʼminot” AJ faoliyati yoʻnalishlariga xususiy operatorlarni jalb qilish boʻyicha asosiy talablarni belgilash masalasi bor.

Bu boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tabiiy gaz taʼminot sohasini rivojlantirish va isloh qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Farmoni loyihasi ishlab chiqilishi kerak edi. (muddat 2022-yil iyul, masʼul Energetika vazirligi). Energetika vazirligi bajarmagan.

74-bandga muvofiq “Tabiiy gaz toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi bugungi kunga qadar ishlab chiqilmagan (muddat 2022-yil oktyabr, masʼul Energetika vazirligi).

77-bandga muvofiq “Navoiy KMK” AJda 2026-yilgacha qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni oshirish dasturi doirasida 1,6 mlrd AQSH dollarlik 16 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilinmagan (muddat 2022-yil 1-oktyabr, masʼul Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi).

240-band boʻyicha hududlardagi mavjud ehtiyoj, aholining takliflarini inobatga olgan holda 31 ta oilaviy poliklinikani tashkil etish belgilangan boʻlib, bugungi kunga qadar bor yoʻgʻ 26 ta poliklinikalar foydalanishga topshirilgan (muddat 2022-yil oktyabr, masʼul Sogʻliqni saqlash vazirligi).

286-bandga muvofiq tajriba tariqasida “Yangi Angren IES” AJning ifloslantiruvchi manbalaridan namuna olish va tahlil qilish boʻyicha avtomatik stansiya oʻrnatilmagan (muddat 2022-yil sentyabr, masʼul Davlat ekologiya qoʻmitasi). Bu odamlarning salomatligi bilan bogʻliq. Ekologiya qoʻmitasi oʻz vaqtida bajarmaganligi tufayli biz hali hanuz odamlarimizni zararli havodan saqlay olmayapmiz.

292-band boʻyicha Maishiy chiqindilarni saralab yigʻish tizimini yaratish uchun hududlarda besh turdagi 13 ming dona alohida belgili konteynerlar oʻrnatish ishlari yakunlanmagan (muddat 2022-yil oktyabr, masʼul Davlat ekologiya qoʻmitasi). Bilasiz hududlarda qanchadan qancha odamlar norozilik bildiryapti.

320-band boʻyicha koronavirus infeksiyasiga qarshi yangi avlod mahalliy vaksinalarni klinik oldi sinovlaridan oʻtkazish va ommaviy ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmagan (muddat 2022-yil mart, masʼul Innovatsion rivojlanish vazirligi).

Yuqorida energetika, iqtisodiyot, sogʻliqni saqlash, ekologiya kabi sohalarda vazifalar ijrosi toʻliq bajarilmaganligini koʻrishimiz mumkin.

Shu bilan birga, Davlat dasturining 18 ta vazifalari ijro muddatlari uzaytirilgan. Bu obyektiv sabablarga koʻra.

Shuningdek, oʻtgan muhokamalarda Harakatlar strategiyasining ijrosini ham qayta koʻrib chiqish masalasi koʻtarilgan edi. Bu borada aytishim mumkinki, Harakatimiz mutaxassislari ter toʻkishlariga toʻgʻri kelmoqda. Chunki, tahlillar davomida koʻplab vazifalar keyingi yillarda bajarilganligiga guvoh boʻldik. Shu bilan birgalikda, ayrim vazifalar bugunga qadar bajarilmasdan qolganligini ham eʼtirof etish zarur.

Jumladan, “Diplomatik xizmati toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni 2017

“Davlat boshqaruvi asoslari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni 2017

Sudyaning chinakam mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 236-moddasiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni 2018

Tintuv va telefon soʻzlashuvlarini eshitishga sanksiya (ruxsat) berish vakolatini prokurordan sudga oʻtkazishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni 2018

Milliy aviatsiya sanoatini qayta tiklash hamda iqtisodiyotning yangi tarmogʻi sifatida aerokosmik sanoatni shakllantirishga doir normativ-huquqiy hujjat 2018

Umuman, bugungi kunda vazirlik va idoralarga batafsil maʼlumotlar soʻrab murojaatlar kiritilgan. Yakuniy maʼlumotlar tayyor boʻlgach, eʼlon qilish maqsadga muvofiq.

Bundan tashqari, “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonunni yangi tahrirda qabul qilish masalasi davlat dasturlarida nazarda tutilmaganligi bois, bu savol bilan masʼullarga murojaat qilinmadi.

Hududiy dasturlar ijrosi. Taraqqiyot strategiyasi ijrosini taʼminlashda Prezident belgilab bergan muhim yoʻnalishlardan biri bu aynan vazifalar ijrosini hududlarda samarali tashkil etishga qaratilgan. Xususan, Taraqqiyot strategiyasida hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha yangi tartibini oʻrnatilgan. Unga muvofiq har bir tuman va shaharlar kesimida 14 ta hududiy dasturlar qabul qilingan.

Monitoring natijalari mazkur hududiy dasturlar ijrosi va ular boʻyicha hisobotlar yuritilishida jiddiy kamchiliklar bor.

Birinchidan, hududiy dasturlarning ijrosi oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.

Bu borada har chorakda xalq deputatlari Kengashlariga hisobotlar taqdim etilishi belgilangan boʻlsada, masʼullarning axborotlari eshitilmagan.

Taqdim etilayotgan hisobotlar ham nomigagina boʻlib, mavjud holat yuzasidan xulosa chiqarish imkoniyatini bermaydi.

Shunday boʻlsada, mavjud maʼlumotlar, bevosita joylarga chiqib oʻtkazilgan oʻrganishlar va boshqa ochiq maʼlumotlar asosida hududiy dasturlar ijrosi oʻrganib borilmoqda.

2022-yil 1-noyabr holatiga hududiy dasturlar boʻyicha Tasavvur qiling, 104 ta vazifalar bajarilmagan. Natijada aholining ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga taʼsir koʻrsatuvchi muhim islohotlar lozim darajada amalga oshirilmasdan qolmoqda.

Masalan, Andijon viloyatida joriy yilda 7 ta maishiy chiqindi poligoni faoliyatini tugatish belgilangan. Biroq Andijon tumanidagi 1 ta chiqindilarni koʻmish poligoni faoliyati qisman toʻxtatilgan, xolos.

Yoki viloyatda joriy yilda 277 nafar nogironligi bor yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun har biriga 30 million soʻmda subsidiya ajratish koʻzda tutilgan boʻlib, bugungi kunga qadar birorta ham subsidiya ajratilmagan.

Buxoro viloyatida tuprogʻi shoʻrlangan maydonlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida subsidiyalar umuman ajratilmagan.

Shofirkon va Jondor tumanlari umumfoydalanuvchi davlat ahamiyatidagi va ichki yoʻllar moliyalashtirilmaganligi sababli taʼmirlanmagan.

Jizzax viloyatining Zarbdor, Baxmal va Forish tumanlaridagi
4 ta mahalla jamoat transporti bilan qamrab olinmagan.

Aholi va talaba yoshlarning xohish-istaklarini inobatga olib, Jizzax shahridagi Forum majmuasi hududida Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda zamonaviy kutubxona uchun xanuzgacha yer maydoni ajratilmagan.

Namangan viloyatida oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun shart-sharoitlar yaratish doirasida davlat-xususiy sherikchilik asosida Namangan davlat universiteti va Namangan muhandislik-texnologiya instituti talabalari uchun jami 800 oʻrinli 2 ta yotoqxona qurilmagan.

Ayollarga koʻrsatiladigan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida tumanlararo perinatal markazlar tashkil etish vazifasi doirasida Uychi, Yangiqoʻrgʻon va Chust tumanlararo perinatal markazi avgust oyida taʼmirdan chiqarilgan boʻlsada, tibbiy uskunalar bilan taʼminlanmagan.

Navoiy viloyatida 2022-yilda 16,4 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilgan boʻlib, amalda bor yoʻgʻi 1,5 ming gektar yoki 15 foiz maydonda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi ishga tushirilgan.

Shuningdek, joriy yilda viloyatda 50 ming tonna baliq yetishtirish belgilangan. Buning uchun 770 ta xonadonlarda intensiv usulda baliq boqishga moʻljallangan basseynlar qurilishi, baliq chavoqlari va omuxta yem sotib olinishi uchun Markaziy bank tomonidan 81 million soʻm garovsiz holda kredit ajratilishi belgilangan boʻlsada, amalda kredit ajratilmagan.

Qashqadaryo viloyatida sifatli jamoat transporti xizmatini yoʻlga quyish maqsadida yangi 74 ta avtobus va 46 ta mikroavtobuslar sotib olish, transport yetib bormagan olis hududlarda yangi 10 ta avtobus yoʻnalishlarini tashkil etish, Dehqonobod va Shahrisabz tumanlaridagi avtostansiyalarni rekonstruksiya qilish nazarda tutilgan.

Biroq, oʻrganish davomida viloyatga jami 23 dona yangi mikroavtobuslar keltirilgan va Shahrisabz tumani avtostansiyasida rekonstruksiya ishlari 90 foizga bajarilgan, xolos.

Shuningdek, respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy amaliy markazi viloyat filialining quvvatini 250 oʻrindan 300 oʻringa oshirish vazifasi bajarilmagan.

Qoraqalpogʻistonda davlat tomonidan tanikli hunarmandlarni oʻz Internet-saytlarini tashkil etish, mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarishiga va reklama qilishlariga koʻmaklashish ishlari tashkil etilmagan.

Tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish tizimini yaratish doirasida 4 ta maxsus texnika, 1 ta zararsizlantirish uskunasi (avtoklav), 3 ta utilizatsiya qilish uskunasi (insinirator) moliyalashtirilmagan. Shuningdek, maishiy chiqindilarni saralab yigʻish tizimini yaratish uchun besh turdagi 625 dona alohida belgili konteynerlar oʻrnatilmagan.

Samarqand viloyatida 2022-yilda respublika byudjeti hisobidan 20 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini rekonstruksiya qilish, mahalliy byudjet hisobiga 13 ta yangi bino qurish va 1 ta mukammal taʼmirlash belgilangan.

Oʻrganishlar davomida amalda 7 ta obyektda ishlar toʻliq amalga oshirilgan boʻlib, foydalanishga topshirilgan obyektlarda elektr energiyasi, isitish tizimi va pol qoplamalarining qoʻyilishi, tashqari lotoklar obyekt loyiha-smetasida toʻla aks etmaganligi yuzasidan muammolari borligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, 2022-yil maqsadli parametrlariga koʻra, 480,3 km ichimlik suv tarmoqlari tortish, 114 ta ichimlik suv olish inshootlarini yangidan qurish va 23 tasini taʼmirlash koʻzda tutilgan. Lekin, monitoringga koʻra amalda maqsadli koʻrsatkichlardan 84 ta kam obyektda ishlar amalga oshirilmoqda.

Surxondaryo viloyati hududiy dasturi ijrosi yuzasidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra Termiz shahri “Guliston” mahallasi toʻliq gazlashtirilgan. Biroq, oʻrganishlar davomida 4100 nafar aholi istiqomat qiladigan 18 ta tor koʻchalarda gaz tarmoqlari tortilmaganligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, Oltinsoy tumanidagi “Chulmurob” kanalini rekonstruksiya qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilgan boʻlsada, amaliy ishlar boshlanmagan.

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida 14 kilometr uzunlikdagi hududda Ohangaron tumanining tajriba konsepsiyasi asosida kompleks xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil etish maqsadida yer maydonlari auksion savdolariga chiqarilmagan.

Yangiyer shahrini kesib oʻtgan Janubiy Mirzachoʻl kanali ikki qirgʻogʻida dam olish va koʻngilochar maskanlar qurilish ishlari qisman (20%) boshlanib, hozirgi kunda qurilish ishlari toʻxtab qolgan.

Toshkent shahrining iqlim sharoiti, shahar infratuzilmasi va gidrogeologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, shahar hududini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishning yagona konsepsiyasi tasdiqlanmagan.

Shuningdek, poytaxtdagi maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud boʻlmagan 117 ta mahallalarda maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish ishlari toʻliq bajarilmagan.

Toshkent viloyatining Bekobod shahrida sanoat zonasi tashkil etilmagan.

Bundan tashqari, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidan Parkent tumaniga eltuvchi 30 km uzunlikdagi yangi magistral yoʻl boʻylarida savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat koʻrsatish obyektlari barpo etish orqali 200 ta ish oʻrni yaratish ishlari bajarilmagan.

Fargʻona viloyatining Yozyovon va Bagʻdod tumanlarida hosildorlikni oshirish hisobiga 3000 gektar past rentabelli paxta va gʻalla maydonlarini chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xoʻjaliklariga ajratish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqilmagan.

Beshariq tumanidagi shifoxonani taʼmirlash va kanalizatsiya tizimini yangitdan qurish ishlari hozirgi kunga qadar 35%ga bajarilgan, xolos.

Xorazm viloyatida 60 gektar zamonaviy issiqxonalarni qurish belgilangan boʻlib, hisobot davrida faqatgina 37 gektar maydonlarda 13 ta issiqxonalar toʻliq ishga tushirilgan.

Yevropa tiklanish va taqqiyot banki ishtirokidagi “Xorazm viloyati kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihasi boʻyicha qurilish ishlari boshlanmagan.

Yuqoridagi misollardan koʻrinadiki, hududiy dasturlarda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilmaganligi bois, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning koʻplab sohalarida islohotlarni aholi sezmayapti.

Davlat dasturi va hududiy dasturlarni ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazorati tadbirlarini davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?