Davlat dasturi: Toshkent shahrining qadimiy 12 ta darvozasi tiklanadi

17:08 08 Fevral 2021 Madaniyat
855 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida»gi Farmonni imzoladi.

Ushbu hujjatda yurtimizda barcha sohalarda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishning aniq amaliy chora-tadbirlari aks etgan boʻlib, madaniyat va sanʼat sohasining taraqqiy etishini taʼminlab beruvchi omillarga katta eʼtibor ajratilgan. Xususan, sohaning barcha tarmoqlari rivojlanishiga qulay shart-sharoit yaratish, oʻzbek madaniyati va sanʼati durdonalarini jahon boʻylab targʻib etish, atoqli adib va sanʼatkorlarning adabiy hamda musiqiy merosini chuqur oʻrganish va kelajak avlodlarga bekamu koʻst qoldirish singari chetga surib boʻlmaydigan dolzarb vazifalar ilgari surilgan.

Birinchidan, madaniyat va sanʼat muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ular uchun zamonaviy shart-sharoit yaratish maqsadida byudjetdan 72,1 mlrd soʻm ajratilib, 16 ta madaniyat markazi, 10 ta muzey, 3 ta teatr binolarini mukammal taʼmirlash va jihozlash vazifasi belgilangan.

Ikkinchidan, “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kino festivalini tashkil etish maqsadida muayyan normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi koʻzda tutilgan boʻlib, unda xalqaro tadbirni yuqori saviyada tashkil etish, oʻzbek kinosini dunyoga tanitish, xorijiy kinokompaniyalarni mamlakatga jalb etish hamda kinematografiya sohasida oʻzaro almashinuvni kengaytirish, festival nizomini tasdiqlash, tadbir doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazish vazifalari yuklatilgan.

Uchinchidan, Alisher Navoiy asarlarining bugungi yoshlar tushunadigan ixcham namunalarini yaratib, turli mobil ilova va elektron dasturlar ishlab chiqish maqsadida amaliy chora-tadbirlar belgilangan boʻlib, adabiyotshunos olimlardan ishchi guruh tashkil etish nazarda tutilgan.

Toʻrtinchidan, atoqli shoir va adiblar Abdulla Oripov, Oʻtkir Hoshimov, buyuk sanʼatkor Botir Zokirovning yubiley sanalarini nishonlash boʻyicha belgilangan tadbirlarni aholi, avvalam bor, yoshlar xotirasida yorqin iz qoldiradigan darajada, chinakam adabiyot va sanʼat bayramlari sifatida oʻtkazish maqsadida “Abdulla Oripov izdoshlari”, “Oʻtkir Hoshimov asarlari bilimdoni”, “Botir Zokirov sanʼati davomchilari” koʻrik-tanlovlarini tashkil etib, ushbu tadbirlarni tuman, shahar, viloyat va respublika bosqichlarini oʻtkazish orqali amalga oshirish vazifasi belgilangan.

Beshinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab “Buyuk oʻzbek yoʻli” nomli maqolalar toʻplami, “Kelajakka boshlaydi ishonch” nomli sheʼriy asarlar majmuasi, “Orzular xiyoboni” nomli nasriy asarlar toʻplamini nashrga tayyorlash va chop etish vazifasi ilgari surilgan.

Oltinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan jurnalistika sohasida “Eng ulugʻ, eng aziz” koʻrik-tanlovi oʻtkaziladi va ushbu tadbir “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida amalga oshiriladi.

Yettinchidan, madaniy meros obyektlarining hisobini yuritish, saqlash va himoyasini taʼminlash boʻyicha dastur qabul qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqilishi nazarda tutilgan boʻlib, unda barcha madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan oʻtkazish hamda ularning Milliy roʻyxatini qayta shakllantirish, madaniy meros obyektlari elektron portalini yaratish, uni davlat elektron xizmatlari bilan integratsiya qilish, davlat kadastr hujjatini rasmiylashtirish va davlat kadastrlari yagona tizimiga tegishli axborotlarni joylashtirish, mahalliy hokimliklar, mahalla, OAV va keng jamoatchilikning ishtirokini ragʻbatlantirish hamda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, ilmiy tadqiq etish va ommalashtirish ishlarini kuchaytirish, moliyalashtirish manbalarini belgilash boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlanadi.

Sakkizinchidan, Xiva shahrida YUNESKO bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro anjumani oʻtkaziladi.

Muhim eʼtiborga molik vazifalardan yana biri shuki, davlat dasturida Toshkent shahrining qadimiy 12 ta darvozasini tiklash va turizm namoyishi obyektlariga kiritilishi koʻzda tutilmoqda. Zero, tarixni mukammal bilish, yurtimizning jahon tamaddunida tutgan oʻrnini anglash hamisha kun tartibidan mustahkam joy egallab kelgan vazifa boʻlib qoladi.

Butun jahonni qiyin sharoitda qoldirgan mashʼum pandemiya davrida mamlakatimiz oʻzining ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hal etish barobarida madaniyat va sanʼat sohasining rivojiga koʻrsatayotgan yuksak darajadagi gʻamxoʻrligi ertangi kunimizning porloq istiqbolini belgilab beruvchi asosiy omil boʻlib hisoblanadi. Shu bois ham, oʻzbek davlati jahon hamjamiyati eʼtiborini yana-da zabt etish maqsadida shaxdam qadam tashlamoqda.

Oydin ABDULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?