Davlat dasturi haqidagi material BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida 2018 yil O’zbekistonda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yili” deb nomlangani hamda tegishli Davlat dasturi qabul qilingani haqidagi material Bosh Assambleya 72-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tashkilotning rasmiy olti tilida tarqatildi.
Hujjatda O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Farmoni bilan 2017 — 2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlangani ma’lum qilingan.
Ta’kidlanganidek, mazkur Davlat dasturi besh bo’limdan iborat bo’lib, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag’rikenglikni ta’minlash, shuningdek, tashqi siyosat yo’nalishlarini qamrab olgan.
Shu bilan birga, Davlat dasturi doirasida 37 ta qonun (Saylov kodeksi, “Davlat xizmati to’g’risida”, “Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish to’g’risida”, “Nogironligi bo’lgan shaxslarning huquqlari to’g’risida”, “Fan to’g’risida”, “Innovatsion faoliyat to’g’risida”gi va boshqalar)ni ishlab chiqish, 142 ta normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish hamda turli sohalarni qamrab oladigan 52 ta amaliy chora-tadbirni hayotga tatbiq etish ko’zda tutilgani qayd etilgan.
Materialda “Davlat xizmati to’g’risida”gi qonunning qabul qilinishi bu borada muhim qadam bo’lib, ushbu hujjat, avvalo, davlat idoralari xizmatini haqiqatan nufuzli faoliyatga aylantiradi, davlat xizmatchilarining mehnat haqi va ijtimoiy himoyasi uchun munosib tizimni shakllantiradi, shuningdek, yuklatilgan vazifalarning sifatli ijrosi uchun davlat xizmatchilari javobgarligini oshirishi ham ma’lum qilingan.
Xabar berilganidek, fuqarolarning davlatni boshqarishda ishtirok etishga bo’lgan huquqini ro’yobga chiqarishning yangi mexanizmi sifatida elektron jamoaviy murojaat qilish — petitsiya yo’llash tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim fuqarolarga davlat hokimiyatining vakillik organlariga aniq savollar qo’yish imkonini beradi, organlar esa ma’lum sonli fuqarolar tomonidan ma’qullangan murojaatlar yuzasidan chora ko’rishi shart bo’ladi. Mazkur mexanizm tufayli faol fuqarolar va jamoat tashkilotlari turli muammolar echimi bo’yicha tashabbus ko’rsatishlari mumkin. Shu orqali “Mamlakat hayotiga aloqador eng muhim qarorlar bevosita muloqot asosida qabul qilinadi”, degan tamoyil amalda ro’yobga chiqariladi.
Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish sohasida ilg’or g’oyalar, smart texnologiyalar va “nou-xau”larga asoslangan innovatsion taraqqiyotning yangi modeliga bosqichma-bosqich o’tish ko’zda tutilgan.
Mazkur hujjatda venchur fondlar, venchur moliyalashtirishni tashkil etish va rivojlantirish uchun huquqiy asoslar, shuningdek, iqtisodiyotga innovatsiyalar hamda yangi texnologiyalar joriy qilishni rag’batlantiruvchi mexanizmlar ishlab chiqilishi ham qayd etilgan.
Er uchastkalari berishda shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash maqsadida internet tarmog’ida elektron savdolar o’tkazishni yo’lga qo’yish rejalashtirilgan. Davlat aktivlarini elektron savdo maydonlari orqali sotish tizimini yaratish mo’ljallanmoqda.
“Banklar va bank faoliyatiga doir qonunchilik tubdan qayta ko’rib chiqilib, sohada “raqamli banking”, “internet-banking” va boshqa zamonaviy texnologiyalar tatbiq qilinadi. Shuningdek, soliq va bojxona siyosatini takomillashtirish va optimallashtirish, soliq yukini kamaytirish, soliq va bojxona ma’murchiligini soddalashtirish bo’yicha ishlar davom ettiriladi. Turizm sohasini rivojlantirish, kirish turizmi va ichki turizmni rivojlantirishni rag’batlantirish, sayyohlar uchun ma’muriy va viza bilan bog’liq tartibotlarni soddalashtirishga alohida e’tibor qaratiladi”, deya ta’kidlanadi hujjatda.
Alohida qayd etilganidek, tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish va tibbiy xizmat sifatini oshirish bo’yicha ishlar izchil davom ettiriladi. Sog’liqni saqlash sohasida “aqlli tibbiyot” tizimi, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish ko’zda tutilmoqda.
Shuningdek, aholini telekommunikatsiya xizmatlari bilan to’liq qamrab olish uchun chekka hududlarda 2000 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tortish, internet tezligini 2,5 barobar oshirish va 4 mingdan ziyod mobil aloqa tayanch stantsiyalarini ishga tushirish ko’zda tutilayotgani ham ma’lum qilingan.
Ushbu materialda Davlat dasturida ko’zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga 13,5 trillion so’m va 1,3 milliard AQSh dollari yo’naltirilishi ta’kidlangan.
Hujjat yakunida Davlat dasturida ko’zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish mamlakatimizning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash, aholi farovonligini amalda yuksaltirish va fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashda muhim asos bo’lib xizmat qilishi qayd etilgan.
«Jahon» AA. Nyu-York
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Reuters: Asadning Moskvadagi tarafdorlari Suriyada qoʻzgʻolon rejalashtirmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring