Davlat byudjeti mablagʻlari maqsadli sarflanyaptimi?

14:56 14 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
326 0

Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yilning 9 oyi yakunlari ijrosi toʻgʻrisida tayyorlangan hisobot bilan yaqindan tanishishmoqda.

Mazkur hisobot bilan tanishish jarayonida bugungi pandemiya sharoitiga qaramasdan vazirlik va mutasaddilar tomonidan islohotlar oʻz vaqtida olib borilganligi, sohalarni rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar bajarilganligi ijobiy holat sifatida baholanmoqda.

Ammo yuqoridagi kabi yutuqlar bilan bir qatorda 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetining bajarilishida ayrim kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan. Jumladan, hozirgi pandemiya davrida iqtisodiyotning asosiy lokomotivlaridan biri boʻlgan tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 19,6 foizga, gaz kondensati ishlab chiqarish esa 34,7 foizga kamayishiga yoʻl qoʻyilgan.

Shuningdek, bugun ertamiz egalari boʻlgan yosh avlod vakillarining uzluksiz taʼlim tizimiga qaytarish, barcha darajadagi oʻrta va oliy taʼlim muassasalarini pandemiya sharoitlaridan kelib chiqqan holda oʻquv jarayonlariga tayyorlash masalasi kun tartibining ustuvor vazifasi boʻlib turishiga qaramasdan vazirliklar tomonidan davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar oʻz vaqtida oʻzlashtirilmagan.

Xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali koʻplab olis hududlardagi maktab filiallarining bugungi kun talabiga javob bermasligi yuzasidan eʼtirozlar koʻpayib borayotgan bir vaqtda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan joylardagi obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun ajratilgan mablagʻlarning 87 foizi, maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan esa 86 foizi ishlatilgan xolos. Oliy taʼlim vazirligi tomonidan ham davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlarning 90 foizi sarflanib, 10 foizi ishlatilmasdan qolmoqda.

Yuqoridagi kabi kamchiliklar boʻyicha saylovchilar manfaatlaridan kelib chiqqan holda Qonunchilik palatasining barcha darajadagi deputatlari tomonidan tizimli tarzda oʻrganishlar olib borilmoqda. Mazkur masalalar fraksiyamizning kelgusi yigʻilishlarida ham partiya elektorati hamda fuqarolar manfaatlaridan kelib chiqqan holda keng muhokama qilinadi. Barcha darajadagi vazirlik va idoralarga mazkur kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli koʻrsatma va tavsiyalar beriladi.

Maqsud QURBONBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?