Davlat byudjeti ijrosi parlament nazoratida

12:58 14 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
333 0

Mamlakatimizda pandemiya sharoitida moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, eksport oʻsishining muvozanatlashtirilgan koʻrsatkichlarini saqlab qolish, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, aholi farovonligi hamda turmush darajasini yana-da yuksaltirishga qaratilgan saʼy-harakatlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020-yil 9 oylik ijrosi Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonunida belgilangan byudjet parametrlari doirasida, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish hamda global inqiroz oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan Yurtboshimiz tomonlaridan qabul qilingan Farmon va qarorlar, Hukumat qarorlari ijrosini taʼminlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Xususan, 2020-yilning oʻtgan 9 oyligida ekologiya va atrof-muhit muhofazasi tadbirlari uchun davlat byudjetidan jami 1 017,2 milliard soʻm yoʻnaltirilgan. Shundan, atmosfera havosi muhofazasi boʻyicha tadbirlarga 11,4 milliard soʻm, suv va yer resurslarini muhofaza qilish tadbirlariga 189,5 milliard soʻm, oʻsimlik va hayvonot dunyosi muhofazasiga (jumladan qoʻriqxonalar, tabiiy va milliy bogʻlar, oʻrmonlarni saqlashga) 169 milliard soʻm, Orolboʻyi mintaqasida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlarga 27,3 milliard soʻm, yerlarni suv va shamol eroziyasidan saqlashga va yerlar rekultivatsiyasiga 13,5 milliard soʻm, chiqindilarni yigʻish, zararsizlantirish va utilizatsiya qilish ishlarini takomillashtirish maqsadida sanitar tozalash korxonalari uchun maxsus texnika sotib olish va chiqindi poligonlarini tartibga keltirish tadbirlariga 112,4 milliard soʻm hamda boshqa atrof muhitni muhofaza qilishga doir tadbirlarga 3,1 milliard soʻm moliyalashtirib berilgan. Suv xoʻjaligi ekspluatatsiyasi xarajatlariga 3 963,1 milliard soʻm, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga 238,7 milliard soʻm oʻzlashtirilgan.

Bundan tashqari, 2017-2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish davlat dasturi uchun ajratilgan 4,1 milliard soʻm ham toʻliq oʻzlashtirilgan. Davlat ekologiya qoʻmitasi tizimidagi tahliliy laboratoriyalarning moddiy texnika taʼminotini yaxshilash maqsadida 2020-yilda “Orol dengizi havzasi uchun iqlim oʻzgarishini moslashtirish va kamaytirish Dasturlari” (CAMP4ASB) doirasida qiymati 731 ming AQSH dollari boʻlgan “Mercedes Benz Sprinter” rusumli 2 ta mobil ekologik laboratoriyalari hamda Birlashgan Arab Amirliklari Dubay Amirligi Hukumatining Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi texnik koʻmak kelishuviga asosan, qiymati 162 ming AQSH dollari boʻlgan 13 turdagi 20 dona laboratoriya jihozlari foydalanishga qabul qilingan. Oʻrmon fondi yerlarida joriy yilning oʻtgan davrida jami 728 ming gektar maydonda oʻrmon-meliorativ tadbirlari amalga oshirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-dekabrdagi qarorida belgilangan parametrlar ijrosi doirasida 703 ming gektar Orol dengizining qurigan tubida, 8,1 ming gektar togʻ va togʻoldi hududlarida, 900 gektar tez oʻsuvchi daraxt turlaridan vodiy va toʻqay hududlarida oʻrmonzorlar barpo etilgan. Shu bilan birga 2 ming gektar maydonda sugʻoriladigan yerlarni shamol eroziyasiga hamda suv xoʻjaligi obyektlarini qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlari barpo etilgan.

Shuningdek, Orol dengizining qurigan hududining 3 ming gektarida yaylov barpo etilgan. Oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan har xil turdagi daraxt va butalardan jami 700 gektardan oshiq maydonda niholxona va koʻchatxonalar hamda 4,3 ming gektar maydonda dorivor oʻsimliklar plantatsiyasi barpo etilgan. Madaniy holda yetishtiriladigan dorivor va ozuqabop oʻsimliklar turlari 61 turga yetkazilib 1300 tonna mahsulot tayyorlangan.

Taʼkidlash joizki, ayrim hollarda masʼul vazirlik va idoralar tomonidan ekologiya va atrof-muhit muhofazasi tadbirlari uchun davlat byudjetidan ajratilayotgan mablagʻlardan har doim ham samarali va oʻz vaqtida foydalanilmayapti. Jumladan, Respublika byudjetida sugʻoriladigan yerlarning shamol eroziyasiga hamda suv xoʻjaligi obyektlarini qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlarini barpo etish va rekonstruksiya qilish tadbirlari uchun koʻzda tutilgan 35 milliard soʻm mablagʻlar, ihota daraxtzorlarini barpo etish ishlari mavsumiyligini hamda asosan bahor va kuz mavsumlarida bajarilishini inobatga olgan holda 2020-yilning dastlabki 6 oyligida koʻzda tutilgan edi. Joriy yil 1-oktyabr holatiga koʻzda tutilgan mablagʻlarning jami 35 milliard soʻmdan yilning oʻtgan davrida faqatgina 13,5 milliard soʻmi ishlatilgan.

Xulosa qilib aytganda, davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining asosiy yoʻnalishlari barcha jabhalar qatori mamlakatimiz ekologik barqarorligini taʼminlashga xizmat qilishi bilan muhim strategik ahamiyatga ega. Zotan, jahonda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish hamda global inqiroz oqibatlarini bartaraf etish sharoitda Oʻzbekistonda iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Binobarin, mazkur hujjat iqtisodiy siyosatni va byudjet siyosatini yana-da modernizatsiyalash hamda ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha Yurtboshimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlar, maqsadlar va vazifalarni amalga oshirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Abdurahim QURBONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?