Davlat boji kamaytirilmoqda

19:46 03 Oktyabr 2022 Jamiyat
330 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda fraksiya aʼzolari “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqishdi.

Taʼkidlanganidek, 2020-yilda maʼmuriy sudlar tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatishga vakolatli idoralarning qarorlarini haqiqiy emas deb topish, ularning harakatini qonunga xilof deb topishga doir 6 920 ta ish koʻrib chiqilgan. Ularning 5 257 tasi qanoatlantirilgan. 2021-yilda esa, ushbu raqamlar 5 761 tani tashkil etib, shulardan 3 538 tasi sudlar tomonidan qanoatlantirilgan.

Maʼmuriy sudlar tomonidan ushbu toifadagi nizolar boʻyicha koʻrib chiqilgan ishlarning aksariyati aynan davlat xizmatlarini koʻrsatishga vakolatli boʻlgan mansabdor shaxslarning harakati yuzasidan berilgan arizalarni tashkil etmoqda.

Qonun loyihasi bilan fuqarolar davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan sudlarga murojaat qilish chogʻida belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji toʻlashi nazarda tutilmoqda.

Fraksiya aʼzolari qayd etganidek, davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquq va manfaatlari sudlar orqali himoya qilinishini kengaytirish, ularning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshiradi. Deputatlar qonun loyihasi yuzasidan bir qator takliflar berib, uni qoʻllab-quvvatladilar.

Yigʻilishda shuningdek, bir qator qonun loyihalari hamda fraksiya faoliyatiga oid masalalar koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?