Davlat boshqaruvi organlari va yana 6 ta muhim sohada 260 milliard soʻmdan ortiq byudjet mablagʻlari talon-toroj etilgan

16:32 18 Noyabr 2020 Jamiyat
264 0

Bu haqda AOKA press-xolida tashkil etilgan matbuot anjumanida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boʻlim boshligʻi Farhod Ochilov maʼlum qildi:

— Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departament organlari tomonidan joriy yilning 10 oyida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida davlat boshqaruvi organlari, taʼlim, sogʻliqni saqlash, bank, moliya, yoqilgʻi energetikasi, qurilish sohalarida jami 436 holatda 260 milliard soʻmdan ortiq byudjet mablagʻlari talon-toroj etilgani fosh qilindi.

Xususan, mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish hamda soxtakorlikka yoʻl qoʻyish bilan bogʻliq 89ta jinoyatga chek qoʻyilgan. Bu jinoyatlarning eng koʻpi — davlat boshqaruvi organlari hissasiga toʻgʻri keladi.

Davlat xaridlarini sunʼiy ravishda qimmat narxda sotib olish bilan bogʻliq 27ta jinoyat aniqlangan. Taʼlim, sogʻliqni saqlash, yoqilgʻi energetika, madaniyat tizimi va boshqa yoʻnalishlarda ana shunday jinoyatlar koʻproq qayd etildi.

Shu bilan birga, qurilish sohasidagi 187ta jinoyat tufayli davlat byudjetiga 60 milliard soʻmlik zarar yetkazilgani aniqlangan. Ijtimoiy soha obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishda byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilish bilan bogʻliq 27ta jinoyat fosh etilgan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?