Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga qanday vakolat berilyapti?

09:08 22 Fevral 2022 Jamiyat
476 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyihasi bilan davlat mulkini boshqarish sohasidagi siyosatining asosiy yoʻnalishlari, qonuniylik va mustaqillik, davlat mulkiga egalik qilish, hisobdorlik va nazorat, ochiqlik va shaffoflik, sogʻlom raqobatni rivojlantirish uchun teng sharoitlar yaratish, davlat mulkini boshqarish subyektlari vakolatlari belgilanmoqda. Jumladan, davlat mulkini boshqarish sohasida vakolatli davlat organi sifatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi belgilanmoqda va idora bu borada yagona davlat siyosatini yuritadi.

Yer, yer osti boyliklari, suv, havo boʻshligʻi, qazilmalar, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, moddiy madaniy meros obyektlari, davlat byudjeti, oltin zaxirasi, valyuta fondi, uy-joy va boshqa fondlar, Markaziy banki va uning tasarrufidagi tashkilotlar, umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari davlat mulki hisoblanadi va ularni boshqarish sohasidagi munosabatlar mazkur qonunchilik bilan tartibga solinadi.

Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi davlat mulkini boshqarish sohasida masʼul idoralarni belgilash, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish va davlat mulkini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilishini eʼtiborga olib, oʻz takliflarini berdilar.

Yigʻilishda «Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasining maqsadi koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Hujjat bilan koʻp kvartirali uylardagi umumiy ulushli mol-mulkni boshqarish munosabatlari va bunday mulkni boshqarish tartibi, boshqaruv shakllari, koʻp kvartirali uyni boshqarish organlarining huquqlari, ularni tashkil qilish, faoliyatini yuritish, faoliyatini toʻxtatish, shuningdek, davlat boshqaruvi va nazorat organlari bilan ularning oʻzaro munosabatlari tartibga solinadi.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi sohada uchrayotgan koʻplab muammolar, jumladan, konstruktiv qismlari tayanch qobiliyati va zilzilabardoshliligini saqlash hamda koʻchmas mulk egalarining xavfsiz yashashiga sharoit yaratib berilishiga erishiladi. Fraksiya aʼzolari shularni eʼtiborga olib, qonun loyihasini maʼqulladilar.

Yigʻilishda partiyaning hududiy tashkilotlari vakillari, mahalliy Kengashlardagi deputatlar ham ishtirok etib, qonun loyihalari yuzasidan oʻz takliflarini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?