Daryolarning muhofaza zonalarida 744 ta noqonuniy chiqindi tashlash joylari bartaraf etildi — Bosh prokuratura

18:23 04 Mart 2024 Jamiyat
115 0

AOKAda Bosh prokuratura mutasaddilari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi yuzasidan prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Daraxtlar kesilishiga eʼlon qilingan moratoriy ijrosini oʻrganish boʻyicha tashkil etilgan nazorat tadbirlari davomida 4 190 ta noqonuniy daraxt kesish holati aniqlanib, har bir nobud qilingan daraxt uchun 100 tup koʻchatni kompensatsiya tarzida ekish majburiyati yuklanishi va davlat ixtiyoriga 8,7 mlrd. soʻm undirilishi taʼminlandi.

Shuningdek, ijaradagi 67 778 gektar oʻrmon fondi yer maydonlari xatlovdan oʻtkazilib, 17 ta noqonuniy qaror bekor qilindi hamda noqonuniy egallangan 1 577 gektar yer maydoni oʻrmon fondi hisobiga qaytarildi, jiddiy qonun buzilishi holatlari yuzasidan 24 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Nazorat tadbirlarida 65,7 mlrd. soʻmlik 215 ming metr kub noruda foydali qazilmalar noqonuniy qazilganligi holatlari yuzasidan 45 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tabiatga yetkazilgan 7,1 mlrd. soʻm zarar va 34,8 mlrd. soʻm kompensatsiya toʻlovlari undirildi.

Tadbirlar davomida daryolarning muhofaza zonalarida 744 ta noqonuniy chiqindi tashlash joylari bartaraf etilib, suv havzasi mintaqalari 17 200 tonna chiqindidan tozalandi. Hozirda qayd etilgan daryolar oʻzanlarida qonun buzilishlarni oldini olish maqsadida videokuzatuv kameralari oʻrnatish ishlari amalga oshirilib, onlayn nazorat joriy qilinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер