Daraxt ekib, parvarish qilmaganlar ham jarimaga tortilishi kerak — Deputat

14:53 15 Iyun 2021 Jamiyat
375 0

Bu yil yoz har qachongidan issiq keladigan koʻrinadi. Ayni jazirama shundan darak beryapti. Odamlarku, amallab jon saqlayapti. Lekin koʻcha-koʻyda quriyotgan nihollarga achinadi kishi, deya oʻz fikrlarini bildiradi deputat Jahongir Ziyayev.

«Qancha mehnat, qancha pul… Har yili millionlab daraxt ekamiz, deb jar solamizu, lekin ularning yarmini ham saqlab qololmaymiz.

Bir oy oldin Toshkent shahri va viloyatida 202-yil kuz va 2022-yil bahor mavsumida “1 million daraxt” ekish tashabbusi qoʻllab-quvvatlangan edi. Har yili shuncha daraxt ekilsa, shahar yaqin yillarda oʻrmonga aylanadiku, deb koʻpchilik xursand boʻlgandi. Lekin yaqinda shaharda ekilgani 75 mingta daraxtdan 52 mingtadan ortigʻi qurib qolgani haqidagi xabarni oʻqib, hafsalam pir boʻldi. Mutaxassis buning sababini joy tanlashda xatolikka yoʻl qoʻyilgani, sugʻorish tizimi yoʻqligi bilan izohlabdi.

Menimcha, bu izohga oʻzlari ham ishonmasa kerak. Chunki Toshkentning yeriga choʻp tiqib qoʻysang ham koʻkaradi, degan gap bor. Faqat issiq kunlarda bir oz suv berib tursa boʻlgani. Orol dengizining qurigan shoʻr yerida daraxtlar koʻkartirilayotgan bir paytda Toshkentda daraxtlarni saqlab qolish qiyin boʻlyapti deyish, choʻpchakdan boshqa narsa emas.

Xoʻsh, joy tanlashda xatolikka yoʻl qoʻyilgan ham deylik. Lekin 52 mingta daraxtning uvoli, unga ketgan xarajat, mehnat uchun kim javob beradi?
Har bahorda shu boʻlar takror deganlaridek, qachongacha bu xatolik takrorlanadi? Axir bu ham xalqning peshana terisiku! Qurigan 52 mingta daraxtning har birini 15 ming soʻmdan hisoblasak(manzarali daraxtlar undanda qimmat), 780 mln. soʻm boʻlarkan. Har yili mamlakatimizda taxminan 140-145 million dona nihol ekilishini eʼtiborga olsak, qancha mablagʻ uvol boʻlishini hisob-kitob qilavering. Sugʻorish tizimi yoʻq ekan, suv tashuvchi mashinalar yordami bilan sugʻorish mumkinku!

Xoʻsh, endi nima qilish kerak? Har yili shu choʻpchakka ishonib oʻtiraveramizmi?

Taklifim: daraxtni kesganlarga jarima solingani kabi, daraxt ekib, parvarish qilmaganlar ham jarimaga tortilishi kerak. Yaʼni, davlatning puliga “biz shuncha ming daraxt ekdik” deb hisobot beradigan hokimiyat, obodonlashtirish boshqarmalari, tashkilotlar ekkan niholi koʻkarmasa, choʻntagidan jarima toʻlasin. Shundagina “joyni notoʻgʻri tanlab qoʻyibmiz, sugʻorish tizimiga ulanmagan ekan”, degan bahonalar boʻlmaydi. Jarima toʻlasa, joy ham toʻgʻri tanlanadi, suv ham keladi.
Odamlar ham yon-atrofi, mahallasida ekilgan nihollarga eʼtiborli boʻlib, parvarishlab tursa ham qanchadan-qancha daraxtlarni saqlab qolgan boʻlamiz. Yaʼni, bu “davlatnikiku, menga nima” degan qarashdan voz kechish lozim. Kerak boʻlsa, daraxtparvar insonlarni ragʻbatlantirish kerak.

Bu borada xorijiy tajribani ham oʻrganish kerak. Masalan, Nyu-Yorkda har bir daraxt uchun personal kartochka tayyorlanarkan va u orqali daraxt toʻla nazorat qilinarkan. Har bir daraxt shahar byudjetini oʻrtacha 165 dollarga tejarkan», deydi u.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?