Dangʻara tumanida elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha yangi sanoat korxonasi ish boshladi
Dangʻara tumanidagi “Gʻumoyli” mahalla fuqarolar yigʻini hududida tashkil etilgan “Yuniks tech” masʼuliyati cheklangan jamiyatida mahalliy hamda xorij bozorlarida talab yuqori boʻlgan, shuningdek import oʻrnini bosuvchi 20 turdan ortiq elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Istiqbolli loyiha doirasida jami 30 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish rejalashtirilgan boʻlib, uning birinchi bosqichidayoq 50 ta doimiy ish oʻrni yaratildi. Loyihaning ikkinchi bosqichida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, qoʻshimcha ish oʻrinlari tashkil etish, mahsulot hajmini oshirish hamda eksport yoʻnalishini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.
Ayni paytda korxonada “Elgrid” brendi ostida kuniga 300 tadan 1000 tagcha 32–65 dyuymli yuqori sifatli aqlli televizorlar ishlab chiqarilmoqda. Ishlab chiqarish jarayonida bozor talablari va isteʼmolchilar ehtiyoji inobatga olinib, har bir mahsulotga yangicha yondashuv asosida ish olib borilmoqda. Bu esa kuchli raqobat sharoitida korxona mahsulotlarining bozorda xaridorgir boʻlishini taʼminlamoqda.
— Keyingi yillarda Dangʻara tumanida elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida oʻziga xos tajriba maktabi shakllandi, — deydi korxona rahbari Rahimjon Abdullayev. — Shu bois ushbu yoʻnalishga investitsiya jalb etish yuqori samaradorlikka ega. Ayni vaqtda ichki bozor hamda qoʻshni davlatlardagi talab va taklifni chuqur oʻrgangan holda loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish ustida ish olib boryapmiz.
Mazkur loyiha elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish boʻyicha klaster tizimini shakllantirish, ushbu tarmoqni Dangʻara tumani iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biriga aylantirishga qaratilgan.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring