Dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga toʻgʻri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi kunga koʻchirilishi belgilanyapti — Qonun loyihasi

16:38 11 Oktyabr 2021 Siyosat
520 0

Illyustrativ foto

Dam olish vaqti — xodim mehnat vazifalarini bajarishdan xoli boʻlgan va bundan u oʻz ixtiyoriga koʻra foydalanishi mumkin boʻlgan vaqt sanaladi. Dam olish kunlari xodimga ishdan chalgʻishi va oila davrasida hordiq chiqarishi uchun beriladi.

Mehnat qonunchiligi boʻyicha 1-yanvar — Yangi yil, 8-mart — Xotin-qizlar kuni, 21-mart — Navroʻz bayrami, 9-may — Xotira va qadrlash kuni, 1-sentyabr — Mustaqillik kuni, 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni, 8-dekabr — Konstitutsiya kuni, shuningdek, Roʻza hayit hamda Qurbon hayit bayramlarining birinchi kunlari bayram kunlari sanaladi.

Lekin agar dam olish kuni yakshanba kuniga toʻgʻri kelib qolsa, unda navbatdagi ish kuni dam olish kuni sifatida eʼlon qilinadimi? Dam olish kuni ishga chiqish soʻralganlar yoki shunga majbur etilganlarchi? Ular qanday yoʻl tutishi kerak?Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasi davomida shu kabi savollar deputatlar tomonidan oʻrtaga tashlashdi.

Taʼkidlandiki, taklif etilayotgan qonun loyihasida dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga toʻgʻri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi kunga koʻchirilishi belgilanyapti. Bu degani qonunchilikda belgilangan bayram kunlari agar yakshanba kuniga toʻgʻri kelsa, unda dushanba kuni dam olish kuniga qoʻshib beriladi.

Aytish joizki, mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining shu yil 7-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishida xalq vakillari tomonidan berilgan savollar ochiq qolgani va loyihani yanada takomillashtirish zarurligi hisobga olinib, kun tartibidan chiqarilgan edi.

Oʻtgan vaqt davomida ishchi guruhi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar asosida loyihani mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida muhokama qilib, uni pishiq-puxta holatga keltirdi.

Kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar esa sohani huquqiy jihatdan tartibda solishni yanada mustahkamlashga, bu borada qonunchilikdagi boʻshliqlarni toʻldirishga xizmat qiladi.

Deputatlarning aytishicha, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining kabul kilinishi amaliyotga qator qulayliklarni yaratadi. Bunda bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlarining muvozanati taʼminlanadi, ularning ijtimoiy hamkorlikka jalb qilinishi ortib, tomonlarning mehnat natijadorligiga qiziqishi ragʻbatlantiriladi.

Yigʻilishda mazkur qonun loyihasini takomillashtirish boʻyicha bir qator takliflar berilib, qizgʻin bahs-munozaralardan soʻng qonun loyihasi maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?