S​​​​​​​ud mustaqilligi — adolatli davlat va jamiyatning mustahkam asosi

09:52 05 Sentyabr 2022 Jamiyat
368 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqini “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida tinglash sharafiga muyassar boʻlganimdan bagʻoyat baxtiyorman.

Mehnat faoliyatining 30 yildan ortigʻini davlatning sud hokimiyati tizimida va nizolarni muqobil hal qiluvchi nodavlat organlar – hakamlik sudlari va xalqaro tijorat arbitrajida oʻtkazgan, ikki mingdan ortiq hal qiluv qarori qabul qilgan sudya sifatida menda Prezidentimizning «Yangi Oʻzbekiston hamma uchun adolatni soʻzsiz taʼminlash imkoniyatini beradigan hamda fuqarolari ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida teng boʻlgan davlatdir», – degan soʻzlari juda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, ushbu yuksak marralarga erishish uchun 2026-yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida belgilangan 5 ta asosiy vazifalardan ikkinchisi sifatida “sud tizimi mustaqil boʻlmas ekan, jamiyatimizda rivojlanish boʻlmaydi. Sud idorasiga ishi tushgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilishi lozim» – deb taʼkidlanganligi hamda uning aniq yechimi koʻrsatilganligi diqqatga sazovor.

Buning uchun: birinchidan, Yangi Oʻzbekistonda har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi; ikkinchidan, sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanishi; uchinchidan, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi kerak.

Eng asosiysi “qanchalik qiyin boʻlmasin, sud tizimidagi islohotlarimizni albatta davom ettiramiz”.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishi hamda sudyalarning mustaqilligi, ular senator, davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati boʻlishi mumkin emasligi Konstitutsiyada belgilangan.

Xususan, sudyalar mustaqil boʻlib, faqat qonunga boʻysunadilar, ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.

Sudyalarning mustaqilligi quyidagilar orqali taʼminlanadi:

ularni qonunda belgilangan tartibda lavozimga saylash, tayinlash, sudyalik vakolatlarini toʻxtatib turish va tugatish;

sudyaning daxlsizligi;

odil sudlovni amalga oshirishdagi qatʼiy tartib-taomil;

qarorlarni chiqarish chogʻida sudyalar maslahatlashuvining sir tutilishi va uni oshkor qilishni talab etishning taqiqlanishi;

sudyaga hurmatsizlik qilganlik, odil sudlovni amalga oshirish boʻyicha faoliyatga aralashganlik va sudyaning daxlsizligini buzganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlik;

sudyaga davlat hisobidan uning yuksak maqomiga munosib moddiy va ijtimoiy taʼminot berish.

Shuningdek, sudyaning mustaqilligini cheklaydigan qonunchilik hujjatlarini qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi hamda sudya, uning oila aʼzolari va ularning mol-mulki davlatning alohida himoyasida boʻladi.

Sudyaning daxlsizligi — uning turar joyiga, xizmat xonasiga, u foydalanadigan transport va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqlidir.

Davlat organlari va boshqa organlar, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar sudyalarni hurmat qilishi va ularning mustaqilligi prinsipiga rioya etishi shart. Sudyaga hurmatsizlik qilish, xuddi shuningdek, uni ochiqdan-ochiq mensimaslikdan dalolat beruvchi xatti-harakatlar qilish qonunga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi. Muayyan ishni har tomonlama, toʻla va xolisona koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilish yoki gʻayriqonuniy sud hujjati chiqarilishiga erishish maqsadida sudyalarga qanday boʻlmasin taʼsir koʻrsatish qonunga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.

Sudyadan koʻrilgan yoki ish yuritishidagi ishlar mohiyati boʻyicha biron-bir tushuntirishlar berishni talab qilish, shuningdek, qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari, kimga boʻlmasin, tanishib chiqish uchun ishlarni taqdim etish taqiqlanadi.

Ommaviy axborot vositalari oʻz xabarlarida muayyan ish yuzasidan sud muhokamasi natijalarini oldindan oʻzicha hal qilib qoʻyishga yoki sudga qanday shaklda boʻlmasin taʼsir koʻrsatishga haqli emas.

Demak, mamlakatimizda sud va sudyalar mustaqilligining huquqiy asoslari yaratilgan hamda takomillashtirilib borilmoqda.

Lekin sudya odil sudlovni amalga oshirishda haqiqiy mustaqil boʻlishi uchun nimalarga eʼtibor berish kerak?

Shu oʻrinda 2000-yillarning boshida Germaniyaga xizmat safari davomida Bremen okrug sudi binosidagi sud majlisi xonasida sudyalar uchun moʻljallangan uchta stuldagi eski nemis yozuvlari diqqatimizni tortdi va mutaxassisdan uni tarjima qilib berishni soʻradik. Ayon boʻldiki oʻrindiqlar XIX asr oʻrtalariga taalluqli boʻlib, ularning birinchisida «odil sudlovni amalga oshir”, ikkinchisida – “hech kimdan qoʻrqma” va uchinchisida – “xudodan qoʻrq” degan yozuvlar bitilgan ekan..

Bu soʻzlar, fikrimizcha, sudyaning ichki mustaqilligini ifoda etishga qaratilgan boʻlib, birinchidan, odil sudlovni amalga oshirish — yetarli bilim, malaka va tajribaga ega boʻlish lozimligini anglatsa, ikkinchidan, hech kimdan qoʻrqmaslik — mardlik, halollik, mustahkam iroda, matonat, jasorat va shijoatni talab qiladi, uchinchidan, “xudodan qoʻrq” degani esa sudyalik qasamyodiga, yaʼni zimmasiga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga boʻysungan holda amalga oshirishga, sudyalik burchi va vijdoni buyurganidek begʻaraz, xolis va adolatli boʻlishga daʼvat etish demakdir.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda sud-huquq tizimida amalga oshirib kelinayotgan izchil, tizimli va keng koʻlamdagi islohotlardan pirovard maqsad — bu sud hokimiyatining mustaqilligini amalda taʼminlash orqali huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat hamda inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblangan ochiq, adolatli va barkamol fuqarolik jamiyatini barpo qilishdan iborat.

Foziljon OTAXONOV,

xalqaro arbitr, yuridik fanlar doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер