“Covid-19” odamlarga “oraliq-vosita” orqali yuqtirilgan boʻlishi mumkin — JSST

20:31 09 Fevral 2021 Dunyo
1227 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) “Covid-19” pandemiyasi kelib chiqishiga sabab boʻlgan ehtimoliy farazni maʼlum qildi. Unga koʻra, virus “oraliq-vosita” orqali insonlarga yuqtirilishi tufayli pandemiya kelib chiqqan.

Bu haqda JSSTning xalqaro ekspertlar guruhi rahbari Piter Ben Embarek Uxan shahrida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida aytib oʻtdi.

“Tadqiqotimizning dastlabki natijalari shuni koʻrsatadiki, katta ehtimoliy farazga koʻra virus “oraliq-vosita” orqali odamlarga yuqtirilgan va bu keyinchalik pandemiyaga sabab boʻlgan. Holat yuzasidan qoʻshimcha tadqiqotlar oʻtkazish, yanada puxta va diqqat bilan oʻrganish talab etiladi”, deydi u.

Koronavirusning yangi turiga sabab boʻlgan “Covid-19” pnevmoniyasining avj olishi ilk bor 2019-yilning dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida qayd etildi.

Dastlab, yuqtirish manbai Uxandagi dengiz mahsulotlari bozori ekanligi aytildi. JSST ishonchli axborotlarga ega boʻlmaganligi sababli ushbu bozor haqiqatan ham koronavirusning tarqalish manbai ekanligini tasdiqlamagan. Bundan tashqari, infeksiya Uxan virusologiya instituti laboratoriyasidan yoyila boshlagan, degan xabarlar paydo boʻlgan edi.

Xitoy virus tarqalishini yashirganlikda, vaziyat haqida ochiq gapirgan shifokorlarning ovozini oʻchirishga urinishda va sodir boʻlgan voqealar toʻgʻrisida dunyoga kech xabar berganlikda, shuningdek, virusning kelib chiqishi yuzasidan tashqi tekshiruv oʻtkazishga xalaqit berganlikda ayblanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?