COVID-19 «britancha» shtammi bilan kasallangan bolalarda kuzatilayotgan beshta alomat aniqlandi

12:42 15 Yanvar 2021 Jamiyat
955 0

Buyuk Britaniyada aniqlangan va yuqumliligi jihatidan kuchliroq ekani aytilgan COVID-19ning yangi shtammi bolalarda biroz boshqacha alomatlar bilan kechayotgani aniqlandi. Bu ZOE Symptom Tracker ilovasi yordamida olib borilgan tadqiqotlar tufayli maʼlum boʻldi.

Sogʻliqni saqlash boʻyicha mutaxassislarning fikriga koʻra, kasal bolalarning aksariyati charchoqdan aziyat chekadi. Infeksiyani yuqtirgan chaqaloqlarda tez-tez yigʻlash holatlari uchraydi.

Kasallangan bolalarning yarmidan koʻpi (53 foizi) bosh ogʻrigʻidan shikoyat qildilar. Shu bilan birga, ularda qorin ogʻrigʻi ham kuzatilmoqda. Shuning uchun, shifokorlar ota-onalarga qorin boʻshligʻidagi noqulaylik bilan bir vaqtda paydo boʻladigan bosh ogʻrigʻi bor-yoʻqligini bolalaridan soʻrab turishlarini maslahat berishmoqda.

Yana bir alomat — 37 darajadan yuqori isitma. U koronavirusning «britancha» shtammi bilan ogʻrigan bolalarning deyarli yarmida uchradi.

Shuningdek, ZOE Symptom Tracker ilovasi betob bolalarning 38 foizi tomoq ogʻrigʻidan shikoyat qilishganini aniqladi, bu alomat odatda virusli infeksiyaning belgisi. Tomoqdagi ogʻriq shamollash, gripp yoki COVID-19ning belgisi boʻlishi mumkin.

Bundan tashqari, kasallanganlarning taxminan 35 foizi ishtahani yoʻqotganlarini aytishgan. Mutaxassislarning fikriga koʻra, koʻpincha bir yoshga toʻlmagan chaqaloqlar bunga duch kelishadi. Shuning uchun ular ota-onalarga taomni kichikroq qismlarga boʻlib, bolalarni kam porsiya bilan, ammo tez-tez ovqatlantirishni maslahat berishadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?