Sogʻlomlashtirish aksiyasi doirasida ogʻir bemorlarda murakkab operatsiyalar oʻtkazilmoqda

Dardning yaxshisi yoʻq. Kezi kelsa, uning har qanday turi insonni toʻshakka mixlab qoʻyishi hech gap emas. Bu holat esa koʻpincha salomatligiga oʻz vaqtida eʼtibor qilmaslik natijasida kelib chiqadi. Oqibatda kasallik yanada zoʻrayib, bemor qiyin ahvolda qoladi.
Biroq ularning hammasida ham shifoxonada yotib davolanishga, oʻz vaqtida kerakli muolajalarni olishga imkon yoʻq.
Davlatimiz tomonidan bugun ana shu kabi yurtdoshlarimiz salomatligiga alohida eʼtibor qaratilib, kam taʼminlangan, nogironligi bor, boquvchisini yoʻqotgan shaxslarning murakkab operatsiyalari bepul amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Andijon viloyatida boʻlib oʻtayotgan sogʻlomlashtirish aksiyasi esa ayni shu maqsadlarni koʻzda tutgan.
Tadbir doirasida shu kunlarda viloyatdagi qator tibbiyot muassasalarida poytaxtdan kelgan malakali shifokorlar boshchiligida koʻplab yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali hamda Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida bir qancha ogʻir bemorlarda murakkab operatsiyalar oʻtkazilyapti.
Misol uchun, Andijon shahar Alisher Navoiy mahallasida yashovchi 33 yoshli Sarvinoz Qalandarova 5 yildirki, oʻt qopi xastaligidan aziyat chekadi. Shu vaqt ichida kasallik uni anchayin holdan toydirdi. Qilingan muolajalar esa kutilgan natijani bergani yoʻq.
Biroq davlatimiz ana shunday ogʻir damlarda ham uni yolgʻizlatib qoʻymadi. Andijonda boshlangan sogʻlomlashtirish aksiyasi uning qalbida sogʻayishga yana umid uygʻotdi.
Poytaxtdan kelgan yuqori malakali mutaxassislar bemorda laparoskopik usulda jarrohlik amaliyotini bajarishdi. Muhimi, operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi. Hozir Sarvinozning ahvoli yaxshi.
Shifokorlarning aytishicha, avvallari bunday xastalik bilan operatsiya qilingan bemorlarning oyoqqa turishiga uzoq vaqt talab etilardi. Jismoniy zoʻriqish, ortiqcha harakatlar esa mutlaqo mumkin emasdi.
Endilikda esa laparoskopik usulda, kichik kesmalar orqali amalga oshirilayotgan ushbu amaliyot tufayli bemorga shu kunning oʻzidayoq uyiga ruxsat beriladi.
Surunkali buyrak yetishmovchiligi – ogʻir xastalik. U bilan kasallangan bemorlarning kun tartibi, hayot sifati boshqalarnikidan anchagina farq qiladi. Ularning aksariyati doimiy eʼtiborga, muolajalarga muhtoj. Aks holda kasallik yanada zoʻrayib, bemor qiyin ahvolda qolishi hech gap emas.
Baliqchi tumanida yashovchi 33 yoshli Gulmira Bobomirzayeva ana shunday bemorlardan. Kuchli bosh ogʻirigʻi, bosh aylanishi, yuqori qon bosimi tufayli uning keyingi paytlardagi hayotiga sira havas qilib boʻlmasdi. Shu bois bemorning otasi, 60 yoshli Nasimjon Mahmudov oʻz jigarbandiga bir buyragini berishga qaror qildi. Biroq ushbu amaliyot juda qimmat ekanligidan xabar topgach, chorasizlikdan nima qilishni, qayerdan najot kutishni bilolmay qoldi.
Ana shunday paytda Andijonda boshlangan sogʻlomlashtirish aksiyasi Gulmira va uning yaqinlari joniga oro kirdi. Poytaxtdan kelgan yetakchi shifokorlar va mahalliy mutaxassislar ishtirokida otaning bir buyragi qiziga olib oʻtqazildi. 4 soat davom etgan operatsiya esa muvaffaqiyatli oʻtib, bemor yana hayotga qaytdi.
Hozirda u va donor oʻzini ancha yaxshi his qilmoqda. Shifokorlarning aytishicha, bemor yaqin kunlarda yana sogʻlom hayotga qaytadi.
Asakalik 39 yoshli Akmaljon Zokirov uchun bu yil ancha ogʻir keldi. Jismoniy tarbiya oʻqituvchisi boʻlgan yurtdoshimiz joriy yil fevral oyida sport mashgʻulotlari payti xushidan ketadi. Tibbiy tekshiruvlardan soʻng esa unda ham oʻtkir burak yetishmovchiligi aniqlanadi.
Shu kungacha dori-darmon bilan davolangan bemorda sogʻlomlashtirish aksiyasi doirasida buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti bajariladigan boʻldi. Donor ham begona emas — unga turmush oʻrtogʻi, 37 yoshli Shohida Zokirova bir buyragini beradi.
Bir soʻz bilan aytganda Andijonda boʻlib oʻtayotgan sogʻlomlashtirish aksiyasi qanchadan qancha bemorlar hayotiga yorugʻlik, qalblarga umid va ishonch olib kiryapti.
Aksiya davom etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring