Chumoli ham topganini bolasiga tashiydi...

11:21 23 Fevral 2021 Jamiyat
154 0

Otalik nechogʻli ulugʻvor ekanligini otalik maqomiga ega boʻlmaganlar yaxshi biladi. Biroq, ota boʻlib turib otalik masʼuliyatini, burchini unutayotganlar qancha... Ulugʻnor tumanida yashovchi Asrorbek Abdurahmonov (ism-sharif oʻzgartirilgan) ana shular toifasidan.

Asrorbek turmush oʻrtogʻi bilan ajrashgach, fuqarolik ishlari boʻyicha Boʻz (hozirgi Boʻston) tumanlararo sudining 2016-yilning 15-dekabrdagi qaroriga asosan undan voyaga yetmagan bir nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun oylik topgan daromadining 1/4 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan. Oradan yillar oʻtayotgan boʻlsada, u bu qarorga bepisandlik bilan qaradi. Bir necha bor ogohlantirishlarga qaramay dilbandi uchun toʻlovni amalga oshirmadi. Natijada unga nisbatan amaldagi tartiblarga binoan choralarni qoʻllashga toʻgʻri keldi. Majburiy ijro byurosining Ulugʻnor tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan majburiy ijro harakatlari natijasida Asrorbek farzandining moddiy taʼminoti uchun aliment pullarini 2025-yilga qadar boʻlgan muddatda qayta hisoblatdi va 30 mln. soʻm miqdordagi pulni undiruvchiga toʻlab berdi.

Afsuski, Asrorbek kabi koʻzdan nari farzandlaridan mehri tongan otalar yoʻq emas. Majburiy ijro byurosining Andijon viloyati boshqarmasi Matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, 2020-yil davomida 497 nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlab kelgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 47-4-moddasi bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilib, toʻplangan hujjatlar koʻrib chiqish uchun tegishli tuman va shahar sudlariga yuborilgan. Natijada sudlar tomonidan 431 nafar shaxslarga nisbatan qamoq tarzidagi jazo chorasi qoʻllanilgan. Bundan oʻziga tegishli xulosa chiqarmagan 35 nafar shaxslarga 2 oydan ortiq muddat mobaynida aliment toʻlamaganligi sababli Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Chumoli ham topganini iniga tashiydi, bolasiga yediradi. Musicha polaponi qiynalmasligi uchun ozuqani jigʻildonida maydalab, soʻng yediradi. Hatto, ulkan daraxt ham yonidagi yosh niholni oʻz gavdasi bilan kuchli shamoldan, quyoshning issiq taftidan asrar ekan. Hech eʼtibor berganmisiz, ularning birortasi bolasidan tonmagan, mehrini qizgʻanmagan. Barcha mavjudotlar ichida eng onglisi boʻlmish odamzot esa... Xulosa oʻzingizdan...

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?