Chorvachilik rivojiga doir har bir taklif va tashabbus qonun loyihalarida eʼtiborga olinadi

18:05 15 Mart 2022 Jamiyat
384 0

Foto: Халқ сўзи

Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Bahodir Tojiyev Samarqand veterinariya meditsinasi instituti professor - oʻqituvchilari bilan uchrashdi. Uchrashuvda joriy yilning 16-fevral kuni Prezidentimiz boshchiligidagi videoselektor yigʻilishida chorvachilik tarmogʻini rivojlantirish borasida koʻtarilgan dolzarb masalalar muhokama etildi.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, bugun jahon iqtisodiyoti murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Global iqlim oʻzgarishlari, pandemiya, geosiyosiy maydondagi murakkabliklar sabab oziq-ovqat mahsulotlarining narxi kun sayin oshib boryapti. Kundalik isteʼmol tovarlarining aksariyat qismi sanoat iqtisodiyoti tomonidan ishlab chiqarilmoqda va bu, albatta, mahsulot tannarxining oshishiga olib keladi. Ana shunday sharoitda tabiiy, ekologik jihatdan toza va foydali hisoblangan goʻsht, sut va tuxum mahsulotlarini koʻpaytirish hamda aholi ehtiyojlarini qondirish bugunning eng dolzarb masalalaridan biridir. Qoʻmita raisi uchrashuv davomida oliy taʼlim maskani mutasaddilari va olimlar jamoasi bilan ana shular xususida suhbatlashdi.

— Nega davlatimiz rahbari aynan chorvachilik tarmogʻini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratyapti? Negaki, xalqimiz dasturxoning toʻkinligi, avvalo, mana shu tarmoq rivojiga bevosita bogʻliq, — deydi Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Bahodir Tojiyev. — Bizning mintaqamizda buning imkoniyati bor. Yerimiz, suvimiz yetarli, quyoshli oʻlkamiz. Ota-bobolarimiz chorvachilik bilan azaldan shugʻullangan, tajribamiz ham bor. Avvalo. mavjud ekin maydonlaridan unumli foydalanishimiz lozim, chunki chorvaga ozuqa kerak. Ozuqani har doim ham sotib olib boʻlmaydi, bu qimmatga tushib ketadi, uni yetishtirish ham kerak.

Chorvachilik, paxta va gʻalla klasterlari faoliyati samaradorligi va ularga amaliy va metodologik koʻmak berish usullari va yoʻllari haqida gapirar ekan, qoʻmita raisi mintaqada yagona boʻlgan Samarqand veterinariya meditsinasi instituti jamoasi, professor-oʻqituvchilar va talaba-yoshlar, shuningdek yosh olimlarga Prezidentimiz tomonidan katta ishonch bildirilayotgani va bu jamoa zimmasiga masʼuliyat yuklashini alohida taʼkidladi.

Chorva mahsuldorligini oshirish, naslchilikni yaxshilash, sohaga ilm-fan va ilgʻor tajribalarni joriy etishda Samarqand veterinariya meditsinasi institutining roli xususida institut rektori, professor, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan chorvador faxriy unvoni sohibi Xudaynazar Yunusov oʻz mulohazalarini bayon etdi.

Prezident topshirigʻiga koʻra, institut maqomining oshirilishi, unga veterinariya, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tajriba institutlarining biriktirilishi, taʼlim maskani va uning filiallari tomonidan klasterlarga amaliy va metodologik tomondan koʻmak berilib, aholi xonadonlarida qoramol, qoʻy, echki, parranda va boshqa chorvani koʻpaytirish, ozuqa ekinlarini ekish, chorva kasalliklarining profilaktikasi boʻyicha “mahallabay” ishlashni yoʻlga qoʻyish borasidagi takliflar boʻyicha fikr-mulohazalar va tavsiyalar oʻrtaga tashlandi.

Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi seminar avvalida taʼkidlaganidek, ayni soha boʻyicha olimlar tomonidan bildirilayotgan har bir taklif, tashabbus va tavsiyaviy ishlar tayyorlanayotgan qonun loyihalarida, albatta, eʼtiborga olinadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, Xalq soʻzi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?