Chortoq tumanidagi 28 ta maktabda issiqxonalardan yiliga 2 milliard soʻmdan ortiq daromad olinmoqda

12:42 02 Dekabr 2022 Jamiyat
455 0

Foto: Xalq so‘zi

Namangan viloyati Chortoq tumanidagi umumtaʼlim muassasalarida byudjetdan tashqari daromad topish borasidagi tashabbus tobora keng qamrov kasb etmoqda. Bunda mavjud 55 taʼlim dargohining 28 tasida barpo etilgan issiqxonada yoʻlga qoʻyilgan bogʻdorchilik va dehqonchilik asosiy manba boʻlib xizmat qilayotir.

Ishlab topilayotgan daromad sinfxonalarini jihozlash, stol-stul va zarur vositalar olish, umuman, moddiy-texnik imkoniyatlarni kengaytirishga yoʻnaltirilyapti. Shuningdek, qoʻshimcha mablagʻ fan olimpiadalari, tanlov va festivallarda oʻz qobiliyati va iqtidorini namoyon etayotgan oʻquvchilarni, izlanuvchan va salohiyatli oʻqituvchilarni ragʻbatlantirishda, ularni yangi tashabbuslarga undashda qoʻl kelmoqda.

Joriy yilning oʻzida maktablarning yopiq bogʻlarida 500 kilogramm mandarin, 30 tonna limon hosili olinib, 250 ming tup terak, 1,5 ming tup archa va 12 ming tup atirgul qalamchalari yetishtirildi. Bu 2 milliard soʻmdan ziyod daromad degani va uning hisobiga mingdan ortiq energiya tejamkor lampalar olindi, umumtaʼlim muassasalari 20 dan ziyod kuzatuv kameralari bilan jihozlandi. Sinfxonalariga eng soʻnggi rusumdagi kompyuter jamlanmalari, mebellar xarid qilindi.

Oʻqituvchi va oʻquvchilar ushbu faoliyat bilan darsdan boʻsh vaqtlarida shugʻullanadilar. Bu taʼlim va mehnat tarbiyasida muhim omil. Masalan, tumandagi 11-umumtaʼlim maktabida tashkil etilgan “Yosh limonchilar” toʻgaragi 18 nafar 7- va 9-sinf oʻquvchilarini qamrab olgan. Biologiya fani oʻqituvchisi Maʼrufjon Toʻraboyev toʻgarak mashgʻulotlarida nazariy bilimlarni amaliyot bilan bogʻlab olib borayotgani yoshlarning bogʻdorchilikka qiziqishlarini oshirish barobarida ekologik koʻnikmalarini mustahkamlayotir.

Ommalashtirishga arziydigan muhim tashabbus keng quloch yozmoqda.Chunonchi, kelgusi yili tumandagi maktablarning barchasida shunday issiqxona xoʻjaliklarini barpo etish koʻzda tutilgan.

 

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.b

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер