Chiroqchidagi “Obod” MFY tomorqachilari piyoz yetishtirishga ixtisoslashtiriladi

17:25 17 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
232 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Chiroqchi tumanidagi “Obod” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi tomorqasidan moʻl daromad topayotgan Jamshid Narzullayev, Hamdam Shirinov va Nurali Kulobov xonadonlarini koʻzdan kechirdi. Ularga zarur tavsiyalar berdi. Lekin bu hududda yer koʻpu, tomorqadan hamma aholi ham unumli foydalanmayotganini koʻrsatib oʻtdi. Yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari turi koʻp, miqdori kam. A. Xaitov qishloq odamlari bilan suhbatda bir mahalla bir turdagi mahsulot yetishtirishga ixtisoslashsa, uni sotish, xaridor topish oson kechishini tushuntirdi.

— Bu hududda piyoz yetishtirilar ekan, lekin koʻchat Surxondaryodan olib kelinadi, — dedi A. Xaitov. — Agar koʻchat shu yerning oʻzida yetishtirilsa va mahalla piyoz yetishtirishga ixtisoslashtirilsa, mahsulotni eksport qilish ham oson kechadi. Bu borada biz sizlarga piyoz koʻchati yetishtirish boʻyicha tavsiya berish uchun toshkentlik mutaxassis Toyir Botirovni olib kelganmiz. Uning tavsiyalariga amal qilsangiz, 10 sotix joydagi piyoz koʻchatidan 1 gektar piyoz yetishtirish mumkin. Bu kamida 80 tonna piyoz degani.

Tomorqachi-mutaxassis Toyir Botirov aholi vakillariga oʻz tavsiyalarini berdi. Ozroqqina joyda plyonka ostida piyoz koʻchati tayyorlab, keng maydonda piyozdan moʻl hosil olish texnologiyasi haqida batafsil tushuncha berdi.

Qishloq aholisi oʻz tomorqalarida piyoz yetishtirish va uni eksport qilish boʻyicha berilgan tavsiyalarga amal qilish istagini bildirishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?