Chiqindixonalarni oralab…
Jizzax shahridagi “Zargarlik” va “Olmazor” (Olmazor city) mahallalari hududidan chiqindilarni olib chiqib ketish paysalga solinayotgani, atrofga qoʻlansa hid tarqalayotgani, bu holat bartaraf etilmasa kasallik oʻchogʻiga aylanishi mumkinligi ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqid qilindi.
Vaziyatni oʻrganish maqsadida dastlab “Zargarlik” mahalla fuqarolar yigʻiniga borganimizda bir qator mutasaddi tashkilotlar vakillari jam boʻlgani va “Eco house” masʼuliyati cheklangan jamiyati xodimlari tomonidan chiqindilar olib ketilayotganiga guvoh boʻldik. Shuningdek, “Zebo” savdo markazi atrofiga chiqindilarni noqonuniy tarzda tashlab ketilgan holatlar boʻyicha huquqbuzar fuqarolarga maʼmuriy javobgarlik belgilandi.
Shu oʻrinda bir mulohaza: chiqindilarni olib chiqib ketish uchun ijtimoiy tarmoqlarda jar solish orqali masʼullar eʼtiborini qaratish lozimmi? Mazkur vaziyatdan kelib chiqib aytilsa, albatta ha. Biroq har kim oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashsa, bunga hojat yoʻq.
“Zargarlik” MFY hududida joylashgan 3 ta chiqindi toʻplash shoxobchalaridagi holat oʻrganilganda “Eco house” MCHJ tomonidan chiqindilar oʻz vaqtida olib ketilmagani aniqlandi.
— Joriy yil yanvar oyida ishni yangicha yondashuv bilan boshladik. Jizzax shahriga avval 3 ta maxsus texnika xizmat koʻrsatgan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich 20 tani tashkil etadi, — deydi “Eco house” MCHJ rahbari oʻrinbosari Muhammad Hamroqulov. — Yil yakunigacha yana 10 ta texnika olib kelishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan, chiqindi tashish uchun moʻljallangan elektromobilni olib kirdik. Investorlar bilan kelishuvlarga erishilib, yaqin yillarda mana shunday turdagi elektromobillarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Yanvar oyidan buyon shahar hokimligining homiyligida 30 ta chiqindi tashish konteynerlari berildi.
Bu raqamlar albatta shahar obodligi yoʻlida olib borilayotgan saʼy-harakatlardan dalolatdir. Biroq chiqindi masalasidagi vaziyat buning aksini koʻrsatmoqda. Masʼullar bunga toʻlov qobiliyatining pastligini roʻkach qilishdi. “Zargarlik” MFYda ijarada yashaydigan aholi sonini aniqlash qiyin, bu esa oʻz-oʻzidan chiqindi uchun toʻlovga ham taʼsir qilmay qolmaydi.
Shuningdek, mahallada faoliyat yuritayotgan 200 dan ziyod yuridik tashkilotdan bor-yoʻgʻi 43 tasi bilan chiqindilarni olib-chiqib ketish boʻyicha shartnoma tuzilgan. Bu holatni oqlamoqchi emasmiz, albatta. Lekin sifatli xizmat koʻrsatilgandagina toʻlovni amalga oshirishda muammo boʻlmasligi turgan gap.
Shahrimizning eng katta turarjoy massivlaridan biri — “Olmazor city”da ham ahvol achinarli. Hududda 4 ta chiqindi toʻplanadigan joy boʻlsa, ulardan ikkitasida konteynerlar mavjud. Qolgan ikkitasidagi holatni tasavvur qilavering.
— Ikki oy avval shu yerdagi ahvol haqida videoni ijtimoiy tarmoqqa joylagandim, lekin natija boʻlmadi. Oradan yigirma kunlar vaqt oʻtgach ikkinchi marotaba video joyladim, — deydi 1-uy 23-xonadonda yashovchi Habiba Mansurova. — Shundan keyin ikki marta chiqindilarni olib ketishdi, shunda ham toʻliq emas. Kuni kecha chiqindi ortish uchun mashinani olib kelib qoʻyishdi, lekin olib ketishmadi.
Xurshida Quronova 1-uy oldidagi chiqindi toʻplash shoxobchada yashaydi. 5 nafar farzandi bilan polietilen idishlar (baklajka) terib tirikchilik qiladi.
— Turmush oʻrtogʻim vafot etgach, shu yerda yashashga majbur boʻldim. Baklajka terib topshirishdan haftasiga 70-80 ming soʻm ishlaymiz. Chiqindixonadan tashqari, koʻchalar, uylar atrofidan ham baklajka terib kelamiz. Kuchim boricha chiqindilarni mashinaga ham ortib beraman — deydi u.
Ajablanarlisi, bu ayolga hech qanday oylik maosh toʻlanmaydi. U bor-yoʻgʻi shu boshpanadan foydalangani uchun chiqindilarni ortib berishga majbur nazarimizda. Suhbat davomida holidan biron-bir tashkilot xabar olgani, X.Quronova ham hech qayerga yordam soʻrab murojaat qilmagani maʼlum boʻldi.
Biz bir muddat bazoʻr chiqindixona atrofida turdik. Yillar mobaynida shu yerda yashashga majbur ayol va uning farzandlari sabriga qoyil qolmaslikning iloji yoʻq.
Yuqoridagi chiqindixonalarning ayanchli ahvoli, axlatlarning haftalab, hatto oylab olib ketilmayotganidan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, har bir tashkilot oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashishi zarur. “Eco house” MCHJ rahbariyati endi qanday yoʻl tutar ekan? Biz bu mavzuga yana qaytamiz.
Gavhar SAYDULLAYEVA
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Maktablarda yangi o’quv yili boshlandi — Fotoreportaj
- Soliq inspeksiyasi xodimi 2 sinf oʻquvchilaridan nimani xohlaydi (video)?
- Hotdogdan choʻchqa yogʻigacha: maktab oshxonasida qanday oziq-ovqatlarni sotish taqiqlangan?
- Talabalar diqqatiga: ijara pulining bir qismini qoplab berish boʻyicha onlayn ariza berish boshlandi
- “Mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat!”: Davlat soliq xizmati va Bolalar ombudsmani Qashqadaryodagi holatga munosabat bildirdi
- Qirgʻiziston-Oʻzbekiston chegarasidagi uzoq yildan beri yopiq turgan nazorat-oʻtkazish punkti ochiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring