Chingizxonning nevarasi murid tushgan buxorоlik shayx haqida bilasizmi?

15:13 29 Sentyabr 2021 Jamiyat
732 0

Foto: "Xalq so‘zi"

Buxorodagi muzeylarda xalqimizning boy madaniyati, sanʼati, tarixiga oid ko‘plab  bebaho eksponatlar saqlanmoqda.Ana shunday osori atiqalardan biri bundan 800 yil muqaddam qo‘lda tayyorlangan yog‘och kenotaf, yaʼni qabrpo‘sh sanaladi. U ayni damda Naqshbandiya tariqati muzeyi eksponatlari qatoridan o‘rin olgan.

— Bu nodir qabrpo‘sh Sayfiddin Boxarziy maqbarasi uchun tayyorlangan, — deydi mazkur muzey mudiri Alisher Iskandarov. — Bizda uning bir qismi saqlanib qolgan. Ikkinchi qismi esa Buyuk Britaniya muzeylaridan birida.

Ushbu osori atiqaning nodirligi shundaki, yurtimizning boshqa biror yerida bunaqangi qabrpo‘shni uchratmaysan kishi. Mozaika usulida terilgan hamda Oyatal kursi kalimasi tushirilgan yog‘och o‘ymakorligi namunasi Bahouddin Naqshband qadamjosiga kelgan har bir ziyoratchining hayratu tahsinga sazovor bo‘lmoqda.

Tadqiqotchi olimlar, jumladan, tasavvuf bilimdonlaridan biri Komiljon Rahimovning bildirishicha, ushbu qabrpo‘sh chindan ham nodir eksponat sanaladi.

— Hazrat Sayfiddin Boxarziy qabri ustiga yasalgan yog‘och sag‘anada pirning tug‘ilgan va vafot etgan sanasi, Qurʼoni Karimning mashhur suralari, shayxni madh etuvchi marsiyalar yozib chiqilgan, — deydi u.

Shu o‘rinda Sayfiddin Boxarziy haqida ikki og‘iz so‘z.U Shayx ul-olam — Olam shayxi nomi bilan mashhur avliyo, olim va shoirdir. 1190 yilda Eronning Boxar qishlog‘ida tug‘ilgan. Mo‘g‘ullar Xorazmga bosqin uyushtirganida piru ustozi Najmiddin Kubro ishorati bilan Buxoroga kelgan va shu yerda muqim yashab qolgan. Xalq orasida katta obro‘-eʼtibor topgani bois mo‘g‘ullar u bilan hisoblashishga majbur bo‘lishgan. Manbalarda yozilishicha, Chingizxonning nevarasi — Oltin O‘rda xoni Berkaxon Buxoroga kelib, Sayfiddin Boxarziyga murid tushgan, islomni qabul qilgan.

Tasavvuf ilmining piri sanalgan Sayfiddin Boxarziy 1261 yilda vafot etgan. Maqbarasi Buxoro shahrining Fatxobod mavzesida.

 Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?