Chin insoniylik - koʻngil malhami

17:58 03 Dekabr 2021 Jamiyat
299 0

Foto: "Xalq so'zi"

Oramizda shunday insonlar borki, ular alohida parvarishga muhtoj boʻlsa-da, toʻrt muchasi sogʻlardan koʻra koʻproq xayrli ishlarga bosh qoʻshib, elu yurt xizmatida boʻlishni hayot mazmuni deb biladilar. Ulardan ibrat va namuna olgan holda bu zamondoshlarimiz holidan doimiy boxabar boʻlib, mehr-muruvvatni, eʼtiborni  unutmaslik sizu bizning chin insoniy burchimizdir.

 Hozirda Andijon viloyatida 70 ming 385 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar istiqomat qiladi. Quvonarli jihati, ularga moddiy va maʼnaviy koʻmak koʻrsatish muhim sanalardagina emas, balki yil davomida bajariladigan odatiy ishga aylangan.

— Hukumatimizga rahmat, hech qachon oʻz holimizga tashlab qoʻymagan, — deydi Andijon tumanida yashovchi Nodiraxon Narziyeva. — Oʻzim 2-guruh nogironiman. Bir nafar farzandim bor. Nogiron tugʻilgan. Bir umr shu farzandimning parvarishi bilan bandman. Uyda oʻtirib ham daromad topishga harakat qilaman, biroq topganim bolamning dori-darmonlaridan ortmas edi. Keyingi yillarda nogironlarga boʻlgan eʼtibor tufayli Andijon tuman hokimligi tomonidan uy-joy bilan taʼminlandim, farzandim uchun dori-darmon yetkazib berilmoqda. Oʻz vaqtida moddiy yordam ajratilyapti. Bu ham boʻlsa jamiyatimizda imkoniyati cheklanganlarga boʻlgan gʻamxoʻrlik ifodasidir.

Andijon viloyatida aholini turar-joy bilan taʼminlash masalasi eng katta muammolardan biridir. Doimiy daromad manbaiga ega boʻlgan fuqarolar uchun uy sotib olish bir muncha qiyinchilik tugʻdirayotgan bir paytda nogironligi bor kimsalar bu masalani qanday hal qiladilar?

Shu kabi savollar allaqachon oʻz yechimini topgan. Yaʼni viloyatda yangi qurilgan uy-joylar, eng avvalo, imkoniyati cheklangan fuqarolarga taqdim etiladi. Shu kungacha 58 nafar ana shunday zamondoshlarimiz oʻz uyiga ega boʻldilar. Buning uchun ularning har biriga 16 million soʻmdan boshlangʻich toʻlovlari hukumatimiz tomonidan toʻlab berildi.

— Har bir nogiron va unga masʼul yurtdoshlarimiz eʼtiborimizda, — deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondining viloyat boʻlimi xodimi Sirojiddin Ahmadjonov. — Ularning salomatligidan tortib, ijtimoiy muhofazasigacha boʻlgan jarayon bilan jiddiy shugʻullanamiz. Natijada joriy yilning shu davrigacha  1 ming 37 nafar imkoniyati cheklanganlar aravacha, protez mahsulotlari, eshitish apparatlari bilan taʼminlangan boʻlsa, 4 ming 615 nafariga tibbiy xizmat koʻrsatilib, shifoxona va sanatoriylarga yoʻllanmalar ajratildi.

Nogironlarga boʻlgan eʼtibor ular uchun yaratilayotgan sharoit bilan baholanadi. Shu maʼnoda yaqinda bu toifadagi shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi uchun respublika byudjetidan 13,5 milliard soʻm mablagʻ sarflanib, 100 oʻrinli yangi bino qurib  bitkazildi. Andijon va Izboskan tumanlaridagi Muruvvat uylarida 22,4 mlrd. soʻmlik loyiha asosida qayta taʼmirlash ishlari bajarildi. Natijada bu joylarda istiqomat qiluvchi 700 nafardan ziyod nogiron hamyurtlarimizning turmush sharoiti yanada yaxshilandi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?