Chimboyning ona qizi

00:27 12 Mart 2021 Jamiyat
1187 0

Kegayli kanali… Omonatgina  koʻprik ustidan har kuni necha bor oʻtib qaytadigan besh yashar qizaloq kichikligiga qaramay kattalar singari jasoratli edi. Tumandagi paxta zavodida qorovullik bilan oila tebratadigan otasi, Sayt akaga onasi Gulzira opa  pishirgan ovqatni tashiydigan Onesiya kuchli shamoldan tebranayotgan koʻprikdan oʻtarkan, pastga qarab-qarab qoʻyardi. Pishqirib, koʻpik sochib oqayotgan suv qizchaning koʻylagini hoʻl  qilar, sochini toʻzgʻitib, yuzlariga shitob bilan urilardi. Oilaning toʻngʻich farzandi emasmi, ukalariga gʻamxoʻrlik qilish, onasiga yordamlashish, otasiga dastyor boʻlishga tirishar va buning uddasidan chiqqardi. Maktabdan kelib, uy yumushlarini bajargach, otasiga changakdan qoʻra yasashga yordamlashar,( oʻsha paytda ohurlar shunday boʻlgan), garchi, kuchi yetmasa-da, bir tomondan yelkasi bilan itarib turar, otasi sim bilan changaklarni bir-biriga tutashtirib bogʻlardi.

Kanal boʻyidagi otasi ekkan qoratol, oq teraklar qizcha xayol olamining bir qismi edi. Kundan-kun boʻy choʻzib borayotgan daraxtlar bilan birga uning orzulari ham ulgʻayardi.

Otasining mehnatkashligi Onesiyaga oʻtgan boʻlsa kerakki, u  har kuni necha chaqirim yoʻl bosib, teraklarga suv quygani kelardi. U onasi juda tejamkor ayol boʻlganligini shunday eslaydi: “Onajonim, dono ayol boʻlgan ekan. U kishi roʻzgʻorning bekamu koʻst boʻlishi uchun qoʻlidan kelgancha otajonim bilan yelkama-yelka turib, qoʻlidan  kelgancha mehnat qilgan. Uyimizda sigir, buzoq, qoʻy, qoʻziga qarar, xullas, oilaga nima kerak boʻlsa barisini bajarardi. Endi bilsam, onajonim bugungi til bilan gapirganda “iqtisodchi” boʻlgan ekan…”

Chin dildan qilingan har qanday niyat, albatta, ijobat boʻladi. Nuroniylar  “niyat-xalos” deb bejiz aytmas ekan. Bolalik paytida “Katta boʻlsam, albatta, doʻxtir boʻlaman”, deya tilak tilagan qizaloq yillar oʻtib oʻzi orzu qilgan niyatiga erishdi. Undagi dangallik, dovyuraklik aynan qoraqalpoqlarga xos xislat. Qahramonlik oʻz-oʻzidan tugʻilmaydi. Mashaqqatli mehnat, jonfidolik va kasbga sadoqat, xalqning ishonchi-yu muhabbatini qozonish orqali erishiladi bunday maqomga. Mehnat insonni tarbiyalaydi, yuksaklarga koʻtaradi.

1949-yil Chimboy shahrida tugʻilgan Onesiya Saytova shahardagi 2-maktabda tahsil oladi. Sinfdoshlari orasida oʻzining bilimdonligi, xulqi va tinib-tinchimasligi bilan namuna boʻla olgan tirishqoq qizcha fanlarni yaxshi oʻzlashtiribgina qolmay, yetakchilikni ham oʻrniga qoʻyardi. Oʻquvchilik chogʻida matematika, fizika fanlaridan fan olimpiadalariga doim qatnashib, yutuqlarga erishgan, hatto, sportning yengil atletika turi boʻyicha shaharda 1-oʻrinni egallab, respublika  bochqichida ham ishtirok etgan. Har doim oldingi safda boʻlgan oʻquvchi maktabni kumush medal bilan bitirdi.

– Bir kuni dadajonim qattiq betob boʻlib qoldi. Kechga borib ahvoli yana-da ogʻirlashdi. Tabiiyki, “tez yordam” chaqirdik. U paytda men 5 yashar edim. Uyga oq xalatli shifokorlar kirib keldi. Qoʻllarida katta temir jamadon koʻtarib olishgan. Oyijonim ularni dadam yotgan xonaga olib oʻtdi. Men ham orqalaridan ergashdim. Xonaning bir burchagida oʻtirarkanman, ularning xatti-harakatlarini jim kuzatdim, shunda doʻxtir dadamga ukol qildi. Koʻzlarim jovdirab bir dadamga, bir doʻxtirga qarayman. Doʻxtir oʻzini erkin tutar va oʻz ishini bamaylixotir bajarardi. Bir muddat oʻtgach, qayta tekshirib, tabassum bilan oʻrinlaridan turishdi. Oradan qancha oʻtdi bilmadim. Bir payt dadam koʻzlarini ochdi. Barchamiz quvonib ketdik. Ayniqsa, men, chunki dadamni hammadan koʻproq yaxshi koʻrardim. Yoniga borib, yuzini siladim, qoʻlini mahkam siqib: “Dadajon, tuzaldingizmi? Katta boʻlsam, albatta, doʻxtir boʻlaman, sizni oʻzim davolayman!” dedim.

Dadam peshonamdan oʻpib: “Ilohim, niyatinga yet!” dedi. Shu voqea sabab boʻldimi yoki bolalarcha qiziqishmi, bilmadim, shifokor boʻlishga ahd qildim. Balki dadamga boʻlgan mehrim yoki uni yoʻqotib qoʻyishdan qattiq qoʻrqanim meni shifokorlikni tanlashga undadi”, deydi Onesiya Saytova orzular olamidagi ilk qadamlarini eslarkan.

Andijon tibbiyot bilim yurti… Maqsadlariga tamal toshini aynan shu dargohda qoʻydi. Oʻqidi,oʻrgandi,izlandi. Tibbiyot bilim yurtini tugutgach, yana oʻqishini davom ettirdi. Andijon tibbiyot bilim yurtida ham kursdoshlariga oʻrnak boʻla oldi.

Otasidan mehnatkashlik va qatʼiylikni, onasidan mehr va tejamkorlikni olgan shifokor Andijonda oʻtgan talabalik yillaridanoq yon-atrofidagilar, asosiysi, ustozlarining  mehrini qozondi. Unda vaziyatni toʻgʻri baholay olish fazilati kuchli boʻlgan. Shundanmi, ayollar shifokori boʻlishga qaror qiladi. Boisi ayollar shifokori yetishmasdi, ayniqsa, qishloq joylarida.

Ayolning baxti oilasida deganlari rost ekan. Bu borada ham omadi chopib, boʻlgʻusi turmush oʻrtogʻi, shoʻmanoylik Quvonchboy Yesenboyev bilan shu yerda tanishib, yigitga koʻngil qoʻydi. Oʻsha davrda yagona sanalgan paxtachilik institutida tahsil olgan Quvonchboy rafiqasini baxtli qila oldi.

Hayot insonni toblaganidek, turmushning past-balandliklarida toblangan bu insonlar  koʻpchilik oʻrnak olsa arziydigan oilaga aylandi.

Institutni tamomlagach, hozirgi Dehqonobod ovulida ayollar  shifokori boʻlib ish boshlaydi.

– Ovulning ogʻir turmushi. Kamqonlik, yilda farzand koʻravergach xolsizlik va turli asoratlar girdobiga tushib qolgan ayollar… Xotiram pand bermasa, 1973-yil yoz oyi edi. Ogʻir ahvoldagi ayoldan chaqiruv keldi. Terapevt Yoʻldoshboy ogʻa bilan birga yoʻlga tushdik. Zudlik bilan operatsiya qilishga toʻgʻri keldi. Chunki onaning ham, bolaning ham hayoti xavf ostida edi. Ikkovimiz ham qora terga tushib, operatsiya yoʻli bilan ayolni tugʻdirib oldik. Bir payt Yoʻldoshboy ogʻa menga qarab, “ayolning yuragi toʻxtab qoldi!”, desa boʻladimi. Fursat kutib turmasdi, oʻzimni qoʻlga oldim. “Toʻrtinchi qovurgʻa bilan koʻkrak qafasi qoʻshilgan joyni koʻrsating”, dedim. Hech ikkilanmay yuragi ichiga ukol yubordim. Ayolning yuragi urib ketdi. Operatsiyadan chiqarkanman, ichimdan institutda taʼlim bergan oʻqituvchilarim va internaturada qattiqqoʻllik bilan ustozlik qilgan professor-oʻqituvchilardan juda minnatdor boʻldim. Shunda shifokor uchun juda muhim narsa bu – toʻgʻri tashxis va lozim paytda toʻgʻri qaror qabul qilish ekanligini angladim. Bu – mening ilk operatsiyam edi. Oʻshanda biroz ikkilanganimda yoki kechikkanimda ayolni saqlab qololmasdik.

Keyinchalik biz oilamiz bilan Nukusga koʻchib keldik va men 21-kichik tumanda uchastka akusher-genekolog boʻlib ish boshladim. Erinmay uyma-uy yurib, homilador ayollarni aniqlar, lozim boʻlsa joyning oʻzida tahlil  olardim. U paytda homilador ayollar poliklinikalarga borishavermasdi. Shu bois oʻzim nazorat qilardim. Ishimga shunchalik masʼuliyat bilan yondashganmanki, hududimda 80 foiz homiladorlarning salomatlik darajasi tugʻruqqacha aniq edi. Shundan boʻlsa kerak, yigʻilishlarda doim maqtov eshitganman.

 Hayotimda qiziq voqealar koʻp boʻlgan. 1979-yili statsionarga, shahar tugʻruq uyiga oʻtishim kerak boʻldi. Shunda rahbarlarga: “Men yo uchastka shifokori boʻlib ishlay yoki boʻlmasa ayollar shifokori boʻlay, bitta ishni mukammal, aʼlo darajada bajarishni xohlayman”, deb shart qoʻydim. Ammo nimagadir taklifimni inobatga olishmadi. Shunda ishdan ketishga qaror qildim va qarorimni aytdim. Shundan keyin rozi boʻlishdi. Shunda ham tugʻruqdan keyingi boʻlimga yuborishdi. Eng qizigʻi, biror boʻlimda mudir betob boʻlib qolsa yoki biror ishi chiqib qolsa, oʻshaning oʻrniga meni vaqtincha qoʻyishardi. Shunday kezlarda hafa boʻlardi. Hozir esa bundan aslo afsuslanmayman. Balki, men shu yillar orasida katta tajriba toʻplagandirman. Ochigʻi, institutdayam undan keyingi internaturadayam kuchli professor-oʻqituvchilar saboq bergani bois nafaqat men, balki oʻsha paytdagi bitiruvchilardan koʻpchiligi bilimli va taniqli shifokor boʻlib yetishib chiqdi.

Yillar oʻz soʻzini aytadi, albatta. Bu orada katta tajriba va malaka orttirgan  shifokor mehnatda toblanib boraverdi. Natijada malakali mutaxassis boʻlib yetishdi, 1-toifali shifokorga aylandi.

Mehnatkashligi, kerak paytda toʻgʻri qaror qabul qilishi bilan hurmat qozondi, muhimi, qoʻli yengil doyaga aylandi.

1985-yili Sogʻliqni saqlash vazirligida bosh akusher-ginekolog vazifasidagi faoliyati davomida Ellikqalʼa, Beruniy, Shoʻmanoy, Xoʻjayli tumanlarida tugʻruq boʻlimlari ochilishida bevosita tashabbus koʻrsatgan.

— 1992-94 yillar Respublika tugʻruqxonasida bosh shifokorlik paytim edi. Qoraoʻzakdan chaqiruv boʻldi. Soat tungi uchlar edi. Hammayoqni qor qoplagan, yoʻllar sirpanchiq boʻlganidan manzilga yaqin qolganida mashina toyib, izdan chiqib ketdi. Qoʻlimda bemor uchun olib chiqqan zahira qon-plazma bor edi. Mashina u yoqdan bu yoqqa sirgʻalar va biz ham mashina ichida borib kelardik. Plazma yerga tushib ketmasligi uchun uni mahkam quchoqlab olganman. U paytda plazmani saqlaydigan maxsus idish boʻlmagan. Bir amallab mashina toʻxtadi va men yoʻlovchi mashinaga chiqib yetib bordim. Vaqtni boy bermasdan operatsiya yoʻli bilan chaqaloqni ham, onani ham saqlab qoldik. Chaqiruvdan kelsak, hamkasblar darvoza oldiga chiqib qarshi oldi. Ularning koʻzlaridagi qoʻrquv va quvonch yoshlarini koʻrib biz ham yigʻlab yuborgandik. Buni qarang, yomon xabar tez tarqalarkan, avtohalokatga uchraganimiz xabari bizdan oldin yetib kelgan ekan.

Tabiatan mehnatkash, choʻrtkesar, masʼuliyatni birinchi oʻringa qoʻyuvchi shifokor, faoliyati davomida koʻplab oilalarga quvonch ulashdi, qanchadan-qancha chaqaloqlarga doyalik qildi. Aniq sanogʻini oʻziyam bilmaydi. Qoʻli yengil doya sifatida dovrugʻ qozongan Onesiya opa tugʻruq boʻlimi boʻladimi, chaqiruv boʻladimi, hatto, uyma-uy yurib homiladorlarni aniqlab, ularga toʻgʻri tashxis qoʻyishdagi jarayondami, qanday sharoit va qanday lavozimda ishlamasin, kasbiga sadoqat bilan yondashgan. Kasbini oilasidan, oʻzligidan, oldingi  oʻringa qoʻyganligi bois, uning navbatchilik paytida birorta oʻlim holati yuz bermagan.

Ayol boshi bilan tunni tonga ulab, suv kechib, ovul oralab, yomgʻiru doʻldami, farqi yoʻq, zahmat chekib mehnat qilgandi.

“Mehnat qilgan elda aziz” deganlaridek, mehnati qadrlandi. 1997-yili Mustaqillik bayrami arafasida “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi. Chekka ovulda poliklinika shifokorligidan vazirlikda akusher-ginekologgacha, respublika tugʻruq uyi genekologiya boʻlimi mudiridan, respublika tugʻruq uyi bosh shifokorigacha, pogʻonama-pogʻona faoliyat yuritib kelayotgan shifokor ayol, bugungi kunda yetmish yoshdan allaqachon oshgan boʻlsa-da, gʻayratda yoshlardan qolishmaydi. U ayni paytda Qoraqalpogʻiston respublikasi hududiy perinatal markazida shifokor-ordinator boʻlib ishlaydi.

Bugungacha koʻpgina shogirdlar orttirib, ularga oʻz kasbining sir-asrorlarini erinmay oʻrgatib kelmoqda. Oypara Naubetova, Kaljan Abdigʻapporova, Murod Nizomaddinov singari shogirdlari bugun masʼul lavozimlarda faoliyat olib boryapti.

…Bugun xotiralarini kulib eslab oʻtirgani bilan uning hayoti oson oʻtmaganini, ikki yoʻl oʻrtasidagi ayol salomatligi yoʻlida oʻlib-tirilganligini sochlaridagi oq, chehrasidagi yillar solgan izlar aytib turibdi.

Fotima ABDURAIMOVA.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?