Chigirtkadan eksportbop un — Nishonda ayni shu yoʻnalishda yangi loyiha amalga oshiriladi

11:24 09 Noyabr 2021 Jamiyat
4198 0

Foto: Халқ сўзи

Maʼlumki, chigirtka qishloq xoʻjalik oʻsimliklarining eng xavfli kushandasidir. Bu zararkunandani bartaraf etish uchun Qashqadaryo viloyatida har yili 130 ming gektar maydonga kimyoviy ishlov beriladi va sarf-xarajatlar uchun 10 mlrd. soʻmdan ziyod mablagʻ sarflanadi.

Buni qarangki, bu zararkunanda tarkibida oqsil miqdori koʻp boʻlgani bois butun dunyoda chigirtka uniga talab juda yuqori ekan. Shu bois qashqadaryolik tadbirkor Muzaffar Hamzayev viloyat innovatsion rivojlanish boshqarmasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Nishon tumanida chigirtkadan parhezbop un tayyorlash loyihasini ishlab chiqdi.

Loyiha qiymati 4,1 mlrd. soʻm boʻlib, yillik quvvati 80 tonna chigirtka uni ishlab chiqarishga moʻljallangan va har kilosi 3,7 AQSH dollardan sotiladi. Shuningdek, 10 ta yangi ish oʻrni yaratish imkoniyati paydo boʻladi. Ayni paytda chigirtka unini eksportga chiqarish uchun tadbirkor M. Hamzayevning “Merry-Cricket” masʼuliyati cheklangan jamiyati va Saudiya Arabistonidagi hamkorlar oʻrtasida shartnoma imzolandi.

— Prezidentimizning 2021-yil 1-apreldagi ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga doir Farmoniga asosan respublikadagi 13 ta tuman, shu jumladan, Nishon tumani ham inovatsion hududga aylantirilishi belgilangan, — deydi Qashqadaryo viloyati innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi boshligʻi Olimjon Mavlanov. — Bu loyiha mazkur hujjat ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Yana bir foydali jihati shundaki, chigirtkani dalalardan yigʻib olish uchun aholi vakillari jalb qilinadi. Maxsus toʻr qoplarda hasharotlarni yigʻib topshirgani uchun ularga tegishli miqdorda haq toʻlanadi. Buyam aholi bandligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Chigirtka uni ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish maqsadida chigirtkalar chatishtiriladi va qayta ishlash uchun maxsus yetishtiriladi.

Eng muhimi, bu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan 1,5 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер