Chigʻatoyning badavlat sohibkori — Abdimurod bobo

23:10 13 Sentyabr 2022 Jamiyat
391 0

Foto: Xalq so‘zi

Abdimurod bobo haqida eshitgan chiqasiz. Mashhur limonchi. Internetni “kovlab” xorijlik limonchilar tajribasini oʻrganib, oʻzi istiqomat qilayotgan Kitob tumanidagi Chigʻatoy qishlogʻiga tatbiq qilgan tajribali sohibkor. Dastlabki yillari issiqxonadagi limon koʻchatlarini sovuq urmasligi uchun tuni bilan pechka yoqib chiqishgan boʻlsa, hozirgi kunda Xitoy va Koreya texnologiyalari asosida qishda issiqxonani tabiiy ravishda issiq saqlash usullarini oʻzlashtirib olgan. Qoʻni-qoʻshnilarga ham oʻrgatgan.

U yaratgan yana bir intensiv texnologiya shundan iboratki, 10 sotix issiqxonaga 200 tup limon koʻchatini joylashtirgan. Parvarishi va agrotexnikasini ham internetdan olgan, kitob “titkilab” oʻrgangan, izlangan. Aytmoqchi, otaxonning oddiygina koʻringan “Izlagan odam imkoniyat topadi” degan falsafasida chuqur maʼno bor. Haqiqatda u izlanib koʻp narsani topdi va topganlari roʻzgʻoriga, oilasiga baraka keltirdi, yurt toʻkinchiligiga hissa boʻlib qoʻshildi.

— 2005-yilda «Joʻrabek Abdimurod oʻgʻli» dehqon xoʻjaligini ochgan boʻlsam, shundan buyon issiqxonada limon parvarishlab kelaman,- deydi Abdimurod Ashurov. — Oʻtgan yili intensiv usulda ekilgan 10 sotix issiqxonadagi limondan 60 mln. soʻm daromad oldim. Bu yilgi daromadim yanada salmoqli boʻlishini moʻljallab turibman. 25 sotix joyda ekilgan 200 tup intensiv gilosdan 20 mln. soʻm daromad keldi. Aytmoqchimanki, mehnat qilib kam boʻlganim yoʻq. Juda toʻkis yashayapmiz. Endi “ish yoʻq”,“ishsizman” deb bahona izlayotgan, togʻni ursa talqon qiladigan yigitlar Chigʻatoy qishlogʻiga kelib, odamlarning hayotini oʻrgansin. Qishloq aholisining deyarli hammasi sohibkor, har biri kamida uzumdan 25-30 mln. soʻm daromad olyapti. Bir-ikkita beva-bechora bor demasa, qishloq aholisining asosiy qismi mehnat qilib, yaxshi turmush kechiryapti. Kambagʻallik yoʻq hisobi.

Abdimurod ota haq. “Obod” MFY hududidagi Chigʻatoy qishlogʻida 300 ga yaqin xonadon boʻlsa, ularning hammasi uzumchilik hadisini olgan. Ertayu kech bogʻidan beri kelmaydi. Daromadni xorijdan yoki boshqa hududlardan emas shu tokzorlardan topadi. Otaxonning taxminiy tahliliga koʻra, qishloqda kamida 50 gektar tokzor boʻlib, oʻrtacha 250-300 tonna atrofida shirindan-shakar bolga toʻlgan uzum yetishtiriladi. Bu mahsulotning aksariyati vositachilar orqali chet elga eksport qilinadi.

— 2019-yilda “Jamshid Ashurov limon bogʻi” oilaviy korxonasi ochib, farzandlarimni ham uzumchilik va limonchilikka oʻrgata boshladim, — deya soʻzini davom ettiradi Abdimurod bobo. — Hozir oʻgʻlim Jamshid bilan 80 sotix joyda “qirmizi toifi”, “husayni”, «sugʻdiyona», «qoragoʻzal» va “kishmish” navli uzum yetishtiryapmiz. 40 sotix tokzorimiz bu yil hosil kirdi. Nasib etsa, undan 25 mln. soʻmlik mahsulot olishni moʻljallab turibmiz. Kelgusi yil yana 40 sotix tokzorimiz hosil bera boshlagach, oʻzimiz muzlatgichli ombor qurishni, uzumni qishda saqlab, bozorlarga chiqarishni koʻzlab turibmiz.

Binobarin, yurtimizda aholining tomorqa va dehqon xoʻjaliklari yerlaridan unumli foydalanib, ichki bozor toʻkinligini taʼminlash va pirovardida aholining real daromadlarini oshirish yoʻlida katta saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Bu borada kitoblik Abdimurod Ashurov kabi fidoyi sohibkorlar tajribalarini ommalashtirishning ahamiyati nihoyatda katta. Zotan, inson qadri ulugʻlanayotgan jonajon yurtimizda ishlagan odam sira kam boʻlmaydi.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?